“Cho‘ldagi hayot ildizi”ni izlab
Xabar berganimizdek, saytimiz muxbirlari Buxoro viloyati bo‘ylab xizmat safarini davom ettirmoqda.
Tadqiqotchilar tomonidan noyob o‘simlikni madaniylashtirish orqali ko‘paytirish ustida ish olib borilyapti. Shifobaxshligi sababli ko‘plab davlatlarda qadimdan mashhur bo‘lgan ayni o‘simlik faqat cho‘l zonalarida o‘sar ekan. Biz jarayon bilan tanishish uchun Qizilqum cho‘lida bo‘ldik.
Buxoro ilmiy tajriba stansiyasi rahbari Nizom Qahhorovning ta’kidlashicha, Sistanxe o‘simligi foydali xususiyatlari tufayli sharq mamlakatlari tibbiyotida qadimdan keng foydalanib kelinadi. Uzoq yillar mobaynida Xitoy va Yaponiyada o‘simlikning poyasi kuch-quvvat beruvchi vosita sifatida foydalanilgan.
Osiyo mamlakatlari aholisi bu o‘simlikni “cho‘ldagi hayot ildizi” deb ataydilar. Uning dorivorlik xususiyati jenshennikidan 5 marta ko‘proq deyiladi.
Guvoh bo‘lganimizdek, Qizilqum cho‘lida tadqiqotchilarimiz o‘simlikni turli texnologiyalar asosida ekib, rivojlanishini o‘rganmoqda. Ma’lumotga ko‘ra, bu sharoitda bir urug‘ning unib chiqishi uchun o‘rtacha 3-4 yil vaqt talab qilinadi. Agar tajriba muvaffaqiyatli o‘tsa, hududda Yaponiya mutaxassislari hamkorligida o‘simlikni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan ekan. Bu dorivor o‘simlikni qayta ishlab, eksport qilish va eng muhimi, viloyatdagi cho‘l zonasidan unumli foydalanish imkonini beradi.