Cho‘lpon haqida

(Mutal Burhonov xotiralaridan)
Cho‘lpon o‘rta bo‘y, to‘lachadan kelgan, doimo yumaloq gardishli oddiy ko‘zoynak taqib yuradigan odam edi. U juda serandisha, odamlarga bexosdan ozor berib qo‘yishdan cho‘chiydigan, ko‘ngilchan va chinakam shoirona tabiatga ega edi. Arzimagan narsaga xunobi oshib, fig‘oni falakka yetar, asabiylashar, yana arzimagan sabab bilan kayfiyati joyiga kelib qolardi.
Shashmaqom sadolari yangraganda Cho‘lpon sel bo‘lib, butun vujudi quloqqa aylanganday, bir maromda chayqalib o‘tirib tinglardi. Qulog‘i musiqada-yu, xayollari junbushga kelib, nimalarnidir ko‘z oldiga keltirayotgani sezilib turardi. U eshitgan kuylarini yurak-yurakdan juda chuqur his qilardi.
Ba’zan shunday bo‘lardiki, Cho‘lpon bir kuyni berilib tinglab, undan bag‘oyat mutaassir bo‘lib, chiqib ketardi-da, ikki-uch kundan keyin shu kuyga moslab she’r yozib kelardi. Bu she’r esa avalgi so‘zlarga qaraganda, kuyga o‘n chandon, yuz chandon mosroq bo‘lardi. Cho‘lponning «Galdir» degan she’ri bunga misol bo‘la oladi. U xalq kuyiga moslab, dutor tilidan, dutor tuyg‘ularini izhor qiluvchi ajoyib lirik she’r yaratgan. Cho‘lponning o‘zi qo‘shiq aytmas edi, lekin, jinday dutor chertardi. Nazarimda u dutorni chertgan odamni ham yaxshi ko‘rardi va dutorni alohida bir mehr bilan suyardi...
Ozod ShARAFUDDINOV yozib olgan.