Cho‘lpon izdoshlari saboq va mushoiraga yig‘ildilar
Taniqli ma’rifatparvar jadid, millat va ozodlik kuychisi Abdulhamid Cho‘lpon nomidagi jamoatchilik fondi adabiyot ixlosmandlari o‘rtasida ibratli tadbirlarga qo‘l urmoqda. Jumladan, «Cho‘lpon izdoshlari» seminari vaqti-vaqti bilan har bir viloyatda tashkil etilmoqda. Bu gal buyuk adib ixlosmandlari Samarqandda to‘plandilar.
Ijodkor mehmonlar qadimiy kentning diqqatga sazovor obidalari tomoshasidan so‘ng Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildilar.
So‘lim bog‘da o‘tkazilgan seminar davomida Cho‘lpon ijodining ahamiyati, qadr-qimmati, she’riyatdagi mahorati xususida gap bordi. Jumladan, uning bilim salohiyati, quvvai hofizasi, o‘z xalqiga sadoqati xususida misollar keltirildi.
Fond raisi Muhammadrasul Mamatqulov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugal, uyushma a’zolaridan F.Toshev, X.Nurullayev, Z.Ibrohimov va boshqalar ana shu haqda fikr yuritdilar.
Mushoira ham qizg‘in bo‘ldi. Har bir ishtirokchi davrada Cho‘lpon uslubiga mos, muhimi, bugungi davr mavzusidagi mashqlardan o‘qib berdilar.
Ayniqsa, Musharraf Xo‘jabekova (Qo‘shrabot), To‘lqin Abanov (Andijon), Rohila Sherova kabilarning chiqishlari ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi.