Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Cho‘ntak tekshirayotgan paytimda ko‘zlarim yumuq edi

Bir kishi ko‘chada ketayotib o‘zini boshlang‘ich sinflarda o‘qitgan o‘qituvchisini tanib qoldi. U cholning oldiga bordi va so‘radi:

- Meni eslaysizmi, - dedi. - Sizning o‘quvchingiz edim.

- Ha, tanidim...

Uchinchi sinfda o‘qib yurgan paytlaringni esladim. Hozir nima bilan shug‘ullunyapsan?

- O‘qituvchiman.

- Bu tanlovga seni nima undadi?

- Nima emas, kim? Bu siz. Kasbga meni ilhomlantirgan sizsiz.

- Men? Xo‘sh, seni kasbimizga qanday ilhomlantirgan ekanman?

- Bir voqea orqali. O‘shanda menga ta’sir ko‘rsatganingiz tufayli shu kasbni tanlab, mening ham o‘quvchilarim bo‘lishini istardim.

- Qiziq, aynan mening ta’sirim nima bilan ifodalanar ekan?

- Rostdanam eslolmaysizmi? Ijozat bersangiz, bir holatni sizning xotirangizda tiklasam.

Bir kuni sinfdoshim ota-onasi sovg‘a qilgan chiroyli soatni maktabga olib keldi. Men shunday soatim bo‘lishini orzu qilib yurardim. U soatini yechib, parta ostidagi yashikka qo‘ygandi. Men esa o‘zimni tiyolmadim va soatni u yerdan olishga qaror qildim. Ko‘p o‘tmay o‘sha bola kimdir soatini o‘g‘irlagani haqida shikoyat qilib, yig‘lab oldingizga keldi. Siz esa hammamizga qarab: “Kim bu bolaning soatini olgan bo‘lsa, iltimos qaytarib bersin”, deb aytdingiz. Men juda uyalardim, lekin soatdan ajrashni istamadim, shuning uchun uni olganimni tan olmadim. Siz eshik oldiga borib, uni qulflab qo‘ydingiz va hammamizga devor bo‘ylab saf tortib turishimizni buyurib, ogohlantirdingiz: “Hozir har biringizning cho‘ntagingizni tekshirib chiqaman, faqat bir shartim bor, siz ko‘zingizni yumib turasiz”, deb aytdingiz. Biz itoat qildik, o‘shanda bu mening qisqa umrimdagi eng uyatli lahza ekanligin his qildim. Siz o‘quvchidan o‘quvchiga, cho‘ntakdan-cho‘ntakka o‘tar edingiz, hatto cho‘ntagimdagi soatni olganingizdan so‘ng ham “tekshiruv”ni davom ettirdingiz.

Shundan keyin siz: “Hammasi joyida bolalar, ko‘zingizni ochib, ish stolingizga qaytishingiz mumkin”, dedingiz. Soatni egasiga qaytarib berdingiz va bu voqea haqida boshqa bir so‘z ham aytmadingiz. Shu tariqa o‘sha kuni siz meni o‘g‘ri, yolg‘onchi, yaramas bola deb koyimasdan, mening nomusim va qalbimni qutqardingiz. Hatto bu voqea to‘g‘risida meni chaqirib, gaplashmadingiz ham. Vaqt o‘tishi bilan nima uchun bunday qilganingizni tushunib yetdim. Chunki siz chinakam o‘qituvchi sifatida hali shakllanmagan yosh o‘quvchining obro‘siga putur yetkazishni xohlamadingiz. Shuning uchun ham men o‘qituvchi bo‘ldim.

Ikkovlon ham ushbu voqea ta’sirida jim bo‘lib qoldi. Keyin yosh o‘qituvchi so‘radi:

- O‘sha kuni soatni men olganimni bilib turib, nega meni boshqalar oldida sharmanda qilmadingiz?

Qari o‘qituvchi javob berdi:

- Gap shundaki, cho‘ntaklarni tekshirayotgan paytimda mening ham ko‘zlarim yumuq edi.

Internet materiallari asosida Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.