"Chordara"dan chiqqan xalq shoiri
Xurshid Davron 70 yoshga to‘ldi.
Samarqandda shoirlar ko‘p, lekin xalq shoiri nomiga sazovor bo‘lgan otashnafas adib Xurshid Davron bilan bir tumanda tug‘ilganimiz faxrlanishga arzigulik. Chunki unda vatanparvarlik tuyg‘usi shunchalar kuchliki, tarixga boy o‘lkamiz o‘tmishi bilan qiziqqanlar buni ko‘p bor e’tirof etgan.
Uning katta adabiyotga kirib kelishi 1976 yili “Guliston” jurnalida ustoz shoir Erkin Vohidovning “Oq yo‘l”i bilan boshlangan bo‘lsa-da, she’riyatga bo‘lgan ishtiyoq yuragiga ancha ilgari kirib kelganini shoirning o‘zi shunday eslaydi:
“...Bir paytlari qishlog‘imiz mozori yonidagi ariqdan hatlab o‘tsangiz, ulkan tepalikka duch kelardingiz. Bolalikda hamma narsa katta tuyularkan. Men hozir hatlab o‘tsangiz dedim-u, aslida bu ariq bolalik paytida kattakon soyday, tepalik esa tog‘day bo‘lib tuyulgani yodimda. Mana shu tog‘day tepalikka chiqib varrak uchirardik. Har safar bu tepalik ustiga chiqqanimda olisdagi tog‘larga tikilib xayol surgim kelar, xayol surganim sayin yiroqdagi tog‘lar butun haybati va zalvori bilan yaqinlashar, oxiri ularning moviy quchog‘iga singib ketganimni bilmay qolardim. Xullas, o‘sha tepaligu olisdagi moviy tog‘lar meni shoirga aylantirgan bo‘lsa ajabmas.”
“Men Samarqand yaqinidagi qishloqlarning biri — Chordarada tug‘ilganman, – deb yozadi adib o‘zining xotiralarida. – Mana shu qishloqda ona tarafdan bo‘lgan bobomning qo‘rg‘oni bo‘lgan. Qo‘rg‘onning atrofini mevazoru uzumzorlar o‘rab turgan. Qo‘rg‘onning to‘rt tomonida darvozalari bo‘lgan, shu sababdan bu joyni odamlar "Chordara" ("To‘rt eshikli","To‘rt darvozali" ma’nosida) deb atay boshlashgan. Vaqt o‘tib, qo‘rg‘on atrofida shakllangan qishloq ham Chordara nomini olgan.”
Xurshid Davron 1952 yilning 20 yanvarida Samarqand tumanining Chordara qishlog‘ida tug‘ilgan.
“Yettinchi sinfda o‘qiyotgan paytlarim she’r yoza boshladim, - deb yozadi shoir. - Ammo she’r yozishimni hammadan yashirardim nima uchundir, bilmayman, uyalardim. Baribir, kunlardan bir kun bu sir oshkor bo‘ldi. O‘sha paytlar oqshom tushishi bilan o‘smir yuragimda kitobga, adabiyotga mehr uyg‘otgan, ona tili va adabiyot muallimasi bo‘lmish Subuha xolam (Alloh rahmatiga olsin) xonadoniga yo‘l olardim. ...Xolam qo‘lidagi qog‘ozlarning birini ko‘rsatib: “Lekin, mana bunaqa she’rlar yozma”, – dedi jiddiy. Men qaysi she’r ekan, degancha qog‘ozga tikildim. Go‘ri Mirga bag‘ishlangan she’r ekan. Esimda qolgan satrlari:
Go‘ri Mir gumbazi bor
Samarqand o‘rtasida.
Unda Amir Temur yotar
Bolalari o‘rtasida.
Bugun o‘sha paytdagi she’rlarimning naqadar jo‘n, ibtidoiy bo‘lganini bilaman. Ammo o‘sha paytlarda… O‘sha paytlarda men hali Amir Temur haqida yozish mumkin emasligini bilmasdim.
O‘sha sirim fosh bo‘lgan kuni xolam Go‘ri Mirga bag‘ishlangan “she’r”imni nega yozganimni so‘rab qolganida tushuntirib bera olardimmi, yo‘qmi, bilmayman. Anig‘i, tushuntirib berolmagan bo‘lardim. Mana, endi bilaman: Sohibqiron bobomizning nomi tilga olinmagan o‘sha paytlardayam xalq yuragi, xotirasi uni unutmagani uchun yozgan ekanman bu she’rni. Samarqand havosi bu shavkatli insonga bo‘lgan mehr–muhabbat bilan to‘yingani uchun yozgan ekanman bolalarcha xom bu satrlarni. Chunki men ham o‘sha havodan nafas olardim. Hamon shu havodan nafas olaman…”
Xurshid Davron o‘rta maktabni tugatgach, 1969 yili Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetining kechki bo‘limida o‘qidi. 1971-1973 yillar davomida harbiy xizmatni o‘tab qaytganidan so‘ng o‘qishni davom ettirdi va keyin ancha vaqt turli nashriyotlarda mehnat qildi.
Shoirning 1979 yili chop etilgan “Qadrdon quyosh” va “Shahardagi olma daraxti” she’riy to‘plamlaridan so‘ng “Tungi bog‘lar” (1981), “Uchib boraman qushlar bilan” (1983), “To‘marisning ko‘zlari” (1984), “Bolalikning ovozi” (1986), “Qaqnus” (1987), “Samarqand xayoli” (1991) kitoblari nashr etildi.
Bundan tashqari, “Sohibqiron nabirasi” (1995), “Shahidlar shohi” (1997) kabi tarixiy qissalar, “Mirzo Ulug‘bek”, “Bobur shoh”, “Avrangzeb” kabi tarixiy mavzudagi dramalar muallifi u.
Har qanday inson haqida u o‘zi qayd etganichalik haqqoniy fikrlar bildirilmasa kerak. Shuning uchun Xurshid Davron hayotini, ijodini, zamonga va makonga bo‘lgan munosabatini o‘zi aytgan gaplari orqali ochib berish to‘g‘ri va qiziqarli bo‘ladi. Biz bunda uning xotiralari va turli vaqtlarda jurnalistlar bilan qilgan suhbatlaridan foydalanishni ma’qul ko‘rdik.
Tarixiy mavzularga ko‘p murojaat qilish sababi:
“Buning boisi eng avvalo, Vatanni sevishda deb o‘ylayman. Umuman olganda, insonning bu dunyoda yashashdan murodu maqsadi ham muhabbatga bog‘liqdir. Insonni yaratgan ham muhabbatdir. Allohga sig‘inish zamirida ham muhabbat yotadi. Kimnidir, nimanidir sevgan kishigina ijod qilishi, to‘laqonli yashashi, nimagadir erishishi mumkin.
Tariximizni bilmasak, bobolar merosidan xabarsiz bo‘lsak, ya’ni muhabbatimizning manbaidan bebahra bo‘lsak, uzoqqa ketolmaymiz. Tarix yuraklarga ishonch va umid qonini quyuvchi, moziyni qayta yaratib, hayotimiz sarhadlarini kengaytiruvchi mo‘’jizadir. Uning ma’naviy qudrati bilan ajdodlarimizga hamdamu hamnafas bo‘lamiz, qachonlardir bo‘lib o‘tgan, ammo hanuzgacha bizni hayajonga soladigan, faxr va g‘ururimizga sababchi bo‘lgan tarixiy voqealar dunyosiga sherik bo‘lamiz va bularning barchasi Vatanni yanada teran anglashga, sidqidildan sevishga sabab bo‘ladi.”
Asarning tili haqida shoir shunday deydi:
“Ijodkor asarlari tilining boyligi uning qayerda, qishloqdami yoki shaharda tug‘ilgani bilan, hatto qaysi viloyat, Surxondaryoning Denovidami yoki Sirdaryoning Xovosidagi qishloqda tug‘ilgani bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Xalq og‘zaki merosidan ko‘proq bahramand bo‘lgan Tog‘ay Murodning tili bilan zamonaviy adabiyot xazinasini chuqur o‘rgangan Xurshid Do‘stmuhammad tili o‘rtasida qancha farq bor? Har ikki adibning tili boy, ammo farqli.”
Shoir adabiy jarayonning hayotda tutgan bugungi o‘rni haqida kuyunadi:
“...O‘zbek adabiyotining eng ojiz tomoni, avvalo, adabiy jarayon professionallashmaganida, ya’ni ijodkorlik asosiy hayot tarziga aylanmaganida, u hamisha qandaydir ikkinchi o‘rinda qolib ketganida. Ijod XX asr (bugun ham) o‘zbek yozuvchisi uchun hamisha turmush degan ochofatdan keyingi o‘rinda turgan. So‘z oldidagi burch va mas’uliyat haqida adolatli va chiroyli gaplar aytib, bu holatdan ko‘z yumish mumkindir, ammo isitmasi oshkor qilaveradi.
“Moychirog‘u lampachiroq yorug‘ida shunday tengsiz satrlar yozilgan”, deymiz. Tuzukroq uy-joysiz yashagan, ijod qilgan Mashrabu Muqimiyni misol keltiramiz. Ammo muayyan ma’noda farovon hayot kechirgan birgina Alisher Navoiy qoldirgan meros gap aynan ijodkor qanday sharoitda yashagani bilan ham bog‘liqligini isbotlaydi.”
Xurshid Davron ijodkorning e’tiqodi haqida ayrim “ustoz”larni ayab o‘tirmaydi:
“Har qanday shoiru nosirning iymonu e’tiqod, jasoratu qat’iyatsizlik haqidagi gapi bilangina ijodkor xususida tugal xulosa qilishga shoshilmaslik kerak. Men yuksak va balandparvoz gaplarni qalashtirib tashlagan, aslida esa hayot va ijodning har bir qadamida irodasizlik yoki yuzsizlik qilgan qanchadan qancha ahli qalamni ko‘rganman. Shu sababdanmi, menda “Ijodkorni uzoqdan yaxshi ko‘rish kerak”, degan tushuncha shakllangan. Ayrim ana shunday qanchalik iste’dodli bo‘lishi bilan shunchalik mayda bo‘lgan qalamkashlarni ham bilaman. Birgina misol keltiray: Bundan bir necha yil avval, aniqrog‘i, “Yoshlik” telekanali bosh direktori bo‘lib ishlab yurganimda marhum Shavkat Rahmon hayoti va ijodi haqida bir ko‘rsatuv tayyorlab, namoyish etilganda, bir katta shoirimiz, menga qo‘ng‘iroq qilib, uyatsizlarcha “Bu o‘lganlarni tinch qo‘yasizlarmi, hadeb osmonga ko‘taverasizlarmi?”, deb katta janjal ko‘targan edi. O‘ziga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar hafta-yu oyda berilayotganiga qaramay, boshqalar haqida ikki yildami, to‘rt yildami bir ko‘rsatuv berilishiga toqat qilolmagan bunday “ustoz”larni mayda demay, nima deyish mumkin? Bu ularning faqat og‘izda yuksak gaplarni aytib, amalda insofu adolatga zid ishlarni qilishga odatlanganlarini ko‘rsatadi, xolos.”
Yosh ijodkorlarga shoirning quyidagi maslahati o‘git vazifasini o‘tashi mumkin:
“Yoshlik, eng avvalo, shakllanish jarayonidir. Shuning uchun yoshlik mavsumida g‘aybdan berilgan qobiliyatini tinimsiz izlanish bilan uyg‘un eta olgan ijodkorgina ko‘zlagan maqsadiga yetadi, deb o‘ylayman. Bu o‘rinda “izlanish”ni faqat qog‘oz qoralash deb tushunmaslik kerak, bu, mening nazarimda, hayotni, tabiatni, insonni o‘rganish demakdir. Shu maqsadda ijodkor o‘zidagi bor imkoniyatni safarbar etmog‘i; tili, ko‘zi, qulog‘i, fahm-farosati, ilmi-bilimi, xotirasi, zakovati uning o‘rganishi yo‘lida uzluksiz xizmat qilmog‘i lozim. Ijoddan murod ham bitta – o‘rganish, izlanish!”
O‘tmishni o‘rganib, yosh avlodga o‘rgatgulik saboq:
“Tarixni o‘rganish orqaga qarab yurish emas, balki kelajakka dadil intilish uchun bosib o‘tgan hayot yo‘lingni mushohada etmakdir. Yana unutmaslik lozimki, faqat tarix bilan ham yashab bo‘lmaydi: hadeb orqaga qarayversang, qoqilib, yiqilishing mumkin. Bugun ham tarixning davomi ekanini unutmaylik.
Naqshbandiya tariqatida “Ajdodlaring bilan maqtanma” degan nasihat mavjud. Bu hikmatda “Maqtanishdan oldin ularga munosib bo‘l” degan ma’no mujassam.”
Televideniyeda ko‘rsatuvning bosh qahramonlari faqat artistlardan iborat bo‘lib qolayotgani haqida shoirning fikri:
“...Men uzoq vaqt televideniye sohasida ishladim. ...ayrim telekanallarda deyarli hamma ko‘rsatuvlarning bosh qahramonlari faqat artistlardan, ...iborat bo‘lib qolayotgani juda achinarli hol. To‘g‘risini aytay, ko‘proq milliy qadriyatlarimiz tomonga qarash o‘rniga asosan G‘arbga, Rossiya kanallariga qarab ish tutishning natijasi bu. Bunday vaziyatning paydo bo‘lishiga bevosita kanal rahbarlari aybdor deb hisoblayman. Ammo “Ma’naviyat va ma’rifat”, “O‘zbekiston” kanallarida bu ahvolni ko‘rmaymiz. ...Xalqimiz bir paytlar artist deganda Halima Nosirova, Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov, Botir Zokirovlarni nazarda tutgan. Ularning an’analarini davom ettirishni maqsad etgan yoshlar yo‘qmi? Bor! Bolangizga muzqaymoq yoqadi, ammo uni faqat muzqaymoq bilan katta qilolmaysiz. Asrlar davomida yeb yurgan shovla, sho‘rva, osh bilan katta qilasiz.
Bugungi yengil estrada ana shu muzqaymoqqa o‘xshaydi. Bola hadeb muzqaymoq yalasa, oxir-oqibat kasalga chalinadi. Ana shu haqiqatni unutmaslik kerak.
Xurshid Davronning vatanparvarligi haqida gapirdik. Darhaqiqat, uning yaratgan obrazlari orasida Vatan obrazi alohida o‘rin tutadi.
Har kimning ham bo‘lsin osmoni,
O‘z gullari bo‘lsin qalbining.
Erkday ulug‘ O‘zbekistoni,
Cheksizligi bo‘lsin har kimning.
Agar ushbu she’rning 1973 yilda yozilganligini hisobga olsak, o‘sha turg‘unlik yillarida “Erkday ulug‘ O‘zbekiston” deyish uchun shoirga qanchalik jasorat kerak bo‘lganligini tasavvur etish qiyin emas.
Ushbu maqolani tayyorlash vaqtida ish stolimga shoirning 1979 yilda chop etilgan birinchi kitobi – “Qadrdon quyosh” nomli she’riy to‘plamini qo‘ydim. Mo‘’jazgina kitobchaning ikkinchi betida “Adashim Xurshidga, ezgu tilaklar bilan, muallif” degan shoir dastxati bor. She’riyatga qiziqishimni bilib, kitobni shoirning singlisi – kursdoshim Gulbahor Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida o‘qib yurgan kezlarimiz taqdim etgan. Oradan qirq yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, kitobni olgandagi quvonchim kechagidek yodimda.
Xurshid Nurullayev,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.