Chorvachilik fermer xo‘jaligi qanday bo‘lishi kerak?
Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov soha xodimlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘z fikrini bildirdi.
- Bu savol bugungi kunda dolzarb bo‘lib turibdi, - dedi E.Turdimov. - Negaki, hali bu soha xodimlari tahlilga odatlanmagan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ayrim chorvachilik fermer xo‘jaliklari nomigagina mol boqishyapti. Go‘sht, sut, teri mahsulotlari topshirmaydi, vaholanki hisobotlarida qator yillar 30-40 bosh qoramoli borligini ko‘rsatib kelaverishadi.
Mutaxassislar borib ko‘rganda hisobotda qayd qilingan qoramollar yo‘qligiga ham guvoh bo‘lishdi. Mollari nasli ham sermahsul emas. Ayrimlarida mol boqish uchun texnik sharoit yo‘q, ammo ular 5-6 nafar doimiy rasmiy ishchiga ega, sut va go‘sht mahsulotlari topshiradi. Yana bir toifa fermerlar nazorat yo‘qligidan mol boqishga ajratilgan yerlarni yemish yetishtirmasdan xarob holga keltirgan. Ayrim fermerlar bor-yo‘g‘i bir yoki ikki kishini nomigagina ishchi sifatida rasmiylashtirgan, ularga maosh bermaydi. Shuning uchun ham viloyatda chorvachilik fermer xo‘jaliklari faoliyatini o‘rganuvchi, tahlil qiluvchi ishchi guruhi tuzildi. Xo‘sh, ular nimani o‘rganishyapti?
Birinchidan, fermerga ajratilgan maydon uning qaramog‘idagi mollarni veterinariya talablari asosida parvarishlashga yetarlimi yoki ortiqchami?
Ikkinchidan, fermer o‘z qaramog‘idagi mollardan manfaat ko‘ryaptimi? Mollar naslini yaxshilash, yangilash choralarini ko‘ra olyaptimi?
Uchinchidan, fermer o‘z xo‘jaligini yuritish tartibiga rioya etyaptimi, unda rasmiy ishlovchilar bormi?
Ana shu o‘rganish natijasiga qarab, ba’zi fermerlarga yer ajratish, ba’zilaridan esa samarasiz yotgan maydonlarni olib qo‘yish haqida xulosalar chiqariladi. Bu tadbirlar kelgusida fermer xo‘jaliklari samaradorligini ta’minlash, eng avvalo, ularning manfaatini ta’minlash hamda ular faoliyatini raqamlashtirish tizimiga moslash uchun amalga oshirilmoqda.
Xulosa shuki, har bir chorvachilik fermer xo‘jaligi rahbari qilayotgan ishidan o‘zi ham, boshqalar ham, davlat ham manfaatdor bo‘lishini o‘ylashi, ishni shunga munosib tashkil etishi zarur.