Yana 8 ta elektrobus Samarqandga yetib keldi

Samarqand - O‘zbekistonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shaharlar” dasturiga qo‘shilgan birinchi shahar hisoblanadi. Mazkur loyiha doirasida Samarqand shahar jamoat transporti yo‘nalishlarda elektr avtobuslar harakatlanishi belgilangan. Xitoylik hamkorlar bilan 100 ta elektrobus olib kelish uchun shartnoma tuzilgan edi.

O‘tgan yili may oyida loyiha asosida dastlabki 6 ta elektrobus olib kelinib, M1-sonli “Temiryo‘l ABB - Samarqand xalqaro aeroporti” yo‘nalishida qatnab boshlagandi. Bugun ana shu loyiha asosida yana 8 ta elektrobus olib kelindi.

- Joriy yilning noyabr oyida 30 ta elektrobus olib kelish rejalashtirilgan edi, -deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Tojiyev. – Hozircha ularning 8 tasi shahrimizga olib kelindi. Oy yakunigacha 22 ta, yil oxirigacha esa yana 64 ta elektrobus keltirilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda elektrobuslarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Rejadagi transport vositalari olib kelingach, Samarqand shahar jamoat transporti yo‘nalishlariga chiqariladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.