“Choy festivali”dan choydek qaynoq taassurotlar

Tasavvur qiling: keng maydondasiz. Maydon bo‘ylab har xil davlatlarning ko‘rgazmalari – milliy liboslari, uy-ro‘zg‘or anjomlari, hattoki, kitoblari ham bor.
Xuddi butun dunyodagi millatlardan bittadan vakillar shu maydonga yig‘ilgandek. Gullar bilan bezatilgan sahna. Sal uzoqroqdan orkestr tomonidan chalinayotgan tantanavor musiqa tobora siz tomon yaqinlashib kelmoqda. Turli millat va elatlarning milliy liboslarini kiygan qizlar esa sizga choy uzatmoqda…
Agar ayni damda dimog‘ingizga o‘sha qizlar uzatgan choy isi urilgan bo‘lsa, hech ham ajablanmang. Siz “Choy festivali”dasiz! Har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Choy festivali” ana shunday ajib hislarga, unutilmas onlarga boy tarzda tashkil etiladi.
“Yoshlar oyligi” doirasidagi “Choy festivali” har o‘quv yili oxirida, Samarqand shahridagi Konfutsiy maydonida tashkil etiladi. Bu kunda festival tashkilotchisi hisoblanmish Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti jamoasi bir necha yuzlab mahalliy va xorijiy mehmonlarni mamnuniyat bilan kutib oladi. O‘zlarining milliy liboslarida kiyingan yoshlarni ko‘rgan xorijiy mehmonlarning ko‘zida o‘zgacha zavq, betakror taassurotlar gavdalanadi.
Bu galgi festivalda ham xuddi shunday bo‘ldi. Ko‘rkam universitet xiyoboni, hashamatli Konfutsiy maydoni “Choy festivali”da ishtirok etish va uni kuzatish uchun kelgan mehmonlar bilan to‘ldi.
Tadbirni ochib berish uchun so‘z olgan Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev hamda festivalga mezbonlik qilgan Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov O‘zbekiston yoshlar yurti ekanligini ta’kidlab, barchani bayram bilan muborak etdi. Bir piyola choy ustida qadrdonlar bilan diydorlashganliklaridan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
- Bu kabi festivallar talaba va o‘qituvchini bir maqsadda birlashtiradi, - deydi SamDU yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Shahzoda Negmatova. – Milliy va umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida ifodolovchi festivalda o‘nga yaqin davlatlarning qadriyatlarini ham ko‘rsatishga harakat qildik. Shu bilan birga oylik doirasida talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov va musobaqa g‘oliblari hamda universitetga biriktirilgan mahalla yoshlari ham taqdirlandi. Bu tadbir bitiruvchi talabalarni kuzatish marosimi ham bo‘ldi.
Festivalda qo‘shni “Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJning Janubiy kon boshqarmasi ijodkor yoshlari ham ishtirok etib, ko‘rgazmalardan bahramand bo‘lishdi, choylardan tatib ko‘rishdi. Ikki qo‘shni viloyat yoshlari kelgusida ham uchrashuvlar tashkil etib, ijodiy suhbat qilishga kelishib olishdi.
- Bunday festivallarni tashkil etishdan maqsad, talaba-yoshlarni turli millat, elatlarning qadriyat va an’analariga hurmat ruhida tarbiyalash hamda festival bahonasida ko‘ngilochar bayram-dasturi tashkil etish, - deydi universitet yoshlar yetakchisi Allayor Norboyev. – “Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkaziladigan qator tadbir va loyihalarni “Choy festivali”siz tasavvur qilish qiyin. An’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan bu festivalga tashrif buyurgan barcha mehmonlar nigohida bayram shukuhi aks etganini ko‘rish mumkin. Yoshlarimiz nafaqat o‘zimizning milliy liboslarda, balki rus, ingliz, xitoy, yapon, koreys, hind, ispan, italyan liboslarida ko‘rinish berib, ularning qadriyat va an’analaridan bir shingilini namoyish etdilar. Qolaversa, bu kun Samarqand davlat universiteti bitiruvchilari uchun hayajonli kundir. Sababi, bu kunda 4 yillik talabalik davrida o‘quv, ma’naviy-ma’rifiy va jamoat ishlarida faol bo‘lgan bilimli, tashabbuskor talabalar hamda ularning ota-onalari e’tirof etildi.
Viloyatning xushovoz xonandalari tomonidan kuylangan qo‘shiqlar festivalga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Festival doirasida “Yuragimda aks etgan Vatan” rasmlar tanlovida ishtirok etgan talaba-yoshlar jarayonni jonli kuzatish barobarida bayramning ko‘tarinki kayfiyatini o‘zlarining ijod namunalarida aks ettirishdi. Yig‘ilganlarda “Choy festivali”dan choydek qaynoq taassurotlar qoldi.
Gulnora To‘xtayeva,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi huzuridagi “Mahorat maktabi” bitiruvchisi.