COVID-19ga chalinib zotiljam bo‘lgan va tuzalganlarga grippga qarshi vaksina qilish mumkinmi?
Ushbu savolga AOKA shtabida o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi:
➖ COVID-19 bilan kasallanib tuzalgan bemorlarga grippga qarshi vaksina qilish mumkin.
Grippga qarshi vaksina bir yillik vaksina bo‘lib, u har yili uchrashi mumkin bo‘lgan grippning shtammlariga qarshi ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, bu vaksina bilan inson organizmi aynan grippning shu shtammlariga qarshi immunitet hosil qiladi. U kovid bilan kasallangan va tuzalgan bemorlarini kuz-qish mavsumida grippning keladigan shtammlaridan ma’lum darajada himoya qiladi yoki kasallikning yengil kechishini ta’minlab beradi.
Emlash kimlarga mumkinmas:
➖ Orttirilgan immun tanqis holatlar, ya’ni OITS kasalligining turli bosqichlarida;
➖ vaksina tarkibidagi ad’yuvanti, ya’ni vaksina ishlab chiqilgan asosiy vosita va qo‘shimchalariga nisbatan allergik holat;
➖ bolalarda miyaning organik qismida o‘zgarish keltirib chiqaruvchi nevrologik kasalliklarning zo‘rayib borishi davri.
Barcha somatik kasalliklar avj olish davrida tana haroratining 38 gradusdan yuqori ko‘tarilishi, diareya, ich ketish, qusish, tutqanoqlar, qon bosimining ko‘tarilishi yoki tushishi, kuchli og‘riq sindromida va hokazolar o‘tib ketganidan keyin shifokor ko‘rigidan o‘tib sog‘lom, deb tashxis qo‘yilganida, tibbiyot muassasida shifokor-immunolog, pediatr yoki terapevt nazorati ostida emlanish kerak.