Da’vat fidoyilikka chorlaydi
Unda ilgari surilgan g‘oyalar, vazifalarning bajarilishini ta’minlashda 2018 yil va fuqarolarning faolligi, mehnatga munosabati, ongu tafakkurini o‘zgartirishda hal qiluvchi omil bo‘ladi. Endi har bir fuqaro – ishchi, xizmatchi, xodim va rahbar qaysi sohada faoliyat yuritishidan qat’i nazar, loqaydlik, mudroqlik, o‘tmishdan qolgan ma’muriy buyruqbozlik, ko‘rsatma kutish kayfiyatlaridan voz kechishi, tashabbus ko‘rsatib, fidoyilik, mustaqil fikrlash bilan ishlashi lozim. Boshqacha aytganda, har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi talab etiladi. Bu degani rahbar, tadbirkor bo‘ladimi, oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishi uchun mustaqil fikrlaydigan, iqtisodiyotni, haq-huquqini biladigan, aqlu zakovati, bilimi bilan resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanadigan fidoyi inson bo‘lmog‘i zarur.
Qo‘lidan ish keladigan fuqaro qaysi sohada bo‘lmasin, uni rivojlantirish uchun ilg‘or texnologiyalar, innovatsion g‘oyalarni o‘z ishiga izchil qo‘llaydigan zukko kishiga aylanishi kerak. Agar kishi kitob o‘qimasa, izlanmasa, yangi g‘oya, yangi innovatsion texnologiyani ishiga joriy etmasa, hech qanday taraqqiyotga erishib bo‘lmasligi Murojaatnomada qat’iy ta’kidlandi.
Ayniqsa, O‘zbekistonni agrar davlatdan qishloq xo‘jaligi yuksak industrlashtirilgan mamlakatga aylantirish taraqqiyotni jadallashtirishda keng ufqlar ochadi. Endilikda bog‘dorchilik va dehqonchilik mahsulotlarini sotishdan ko‘ra, ularni qayta ishlab, savdoga chiqarish ko‘proq daromad keltirishi tobora ayon bo‘lmoqda. Bu borada O‘zbekiston katta imkoniyatlar mamlakati. "Yeriga cho‘p suqsang, daraxt bo‘lib ko‘karadi", degan naql bekorga aytilmagan. Ammo davlatimiz yaratib berayotgan sharoit va imkoniyatlarga qaramay, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish ko‘rsatkichlari hali talab darajasida emas. Juda ko‘p dehqon va fermer xo‘jaliklarida yerdan foydalanish darajasi past yoki o‘tmishdan qolgan yaroqsiz usul – faqat paxta ekish bilangina cheklanib qolmoqda. Paxta, g‘alla bilan bir qatorda poliz, sabzavot ekish, intensiv bog‘lar yaratish, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik yo‘lga qo‘yilgan ko‘p tarmoqli agrofirmalar tashkil etish, mahsulotni qayta ishlab, qadoqlaydigan zamonaviy texnik uskunalar bilan jihozlangan minitsexlar ochish bosh vazifa qilib qo‘yildi.
Murojaatnoma yurtimizda foydalanilmayotgan tabiiy yer-suv, sanoat, ishlab chiqarish resurslari hisobga olingan holda puxta ishlab chiqilgan mukammal dasturligi bilan qimmatlidir. Eng muhimi, undagi har bir raqam, tahlil, taklif xalq manfaati, xalqqa xizmat qilish, xalqni e’zozlashga qaratilgan.