Darslar koronavirus xavfi pasaygandan keyin boshlanadi

- Karantin davrida magistratura va bakalavriat yo‘nalishida o‘qiydigan talabalariga stipendiya to‘lanadimi?

Abduqahhor ChO‘LIYeV.

- Albatta, karantin davrida talabalarga stipendiya beriladi. Faqat to‘lov turi o‘zgarishi mumkin. Bunda talabaning roziligi asosida stipendiya naqd pul tarzida emas, plastik kartaga tushirib beriladi.

***

- Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining barchasi mehnat ta’tiliga chiqariladimi?

R.AHMEDOVA.

- Oliy ta’lim muassasalarining ba’zi professor-o‘qituvchilari mehnat ta’tiliga chiqariladi. Qolgan o‘qituvchilarning mehnat faoliyati masofadan turib onlayn tashkil etiladi.

***

- Kontrakt pulini to‘lashga ulgurmagan talabalarga qo‘shimcha muddat beriladimi?

Shodiyor EShQOBILOV.

- 2019-2020 o‘quv yilida 1-kursga qabul qilingan talabalarga kontrakt pulini to‘lash 1 sentyabrgacha belgilangan edi. Keyinchalik davlat qabul komissiyasining qarori bilan 2019 yilning 31 dekabrigacha uzaytirib berildi. Yaqinda bu muddat 2020 yilning 20 marti etib belgilandi.

Talabalarning kontrakt pullarini to‘lash muddatini uzaytirish oliy ta’lim muassasalari rektorlariga bog‘liq. Karantin tugaganidan so‘ng, oliy ta’lim muassasalari rahbariyatiga tavsiyalar beriladi. Ular kontraktlarni uzaytirish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qiladi.

***

- Sirtqi ta’lim turida o‘qiydigan talabalarning o‘qishi boshlansa, ularning o‘quv-mashg‘ulotlari to‘xtatiladimi?

Shohista NASIMOVA.

- Ta’til barcha o‘quv turiga tegishli. Karantin davrida sirtqi ta’limda tahsil oladigan talabalarning ham o‘qishi to‘xtatiladi. Sirtqi ta’lim uchun yetarli elektron resurslar mavjud.

***

-  Talabalarga o‘qish qachondan boshlanadi? Karantin sababli berilgan ta’til tufayli yozgi ta’til muddati qisqaradimi?

Mamarajab MAMADALIYeV.

- Koronavirus xavfi pasaygandan keyin darslar boshlanadi. Bu haqda ommaviy axborot vositalari orqali barchaga yetkaziladi.

Karantin sabab yozgi ta’til muddatining qisqarishi tabiiy. Uning muddati ushbu ta’tilning qancha vaqt davom etishiga bog‘liq.

Savollarga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy BEGIMQULOV javob berdi.

***

O‘quvchilar ta’lim-tarbiyasi nazoratda

- Karantin tufayli o‘quvchilarga uzaytirilgan ta’til e’lon qilinishi munosabati bilan Xalq ta’limi vazirligi o‘quvchilarning olgan bilimlarini takrorlash, uchinchi chorakning qolgan davri mobaynida o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan dars soatlari mavzulari bo‘yicha topshiriqlar belgiladi. Bu borada viloyatimizda qanday ishlar olib borilyapti?

A.QODIROV,

Samarqand shahri.

- Bu borada avvalo, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodistlari tomonidan barcha fanlardan bir haftalik dars soatlari bo‘yicha boshlang‘ich ta’lim, aniq, tabiiy va ijtimoiy gumanitar fanlarga doir jami 79 ta namunali dars ishlanmalari tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari metodistlariga ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘qituvchilarga yetkazildi. Telegramda har bir fan bo‘yicha guruhlar tashkil etilgan va ularga yo‘nalishi bo‘yicha barcha metodist hamda o‘qituvchilar a’zo. Xuddi shunday maktab o‘qituvchilari, sinf rahbarlari tomonidan telegram ijtimoiy tarmog‘ida o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirokida tuzilgan guruhlarga barcha fanlardan mavzularga doir topshiriqlar, bundan tashqari, o‘quvchining mustaqil o‘z ustida ishlashi uchun qiziqarli mashqlar berib borilmoqda.

Joriy yil 30 martdan boshlab, to‘rtinchi chorak doirasida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda tasvirga olingan videodarslar efirga uzatiladi. Ushbu videodarslar “Yoshlar”, “Oilaviy”, “Madaniyat va ma’rifat”, “Dunyo bo‘ylab” kabi telekanallar orqali namoyish etiladi.

Saidahmad USMONOV,

viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.