Dastlabki guruh hojilarimiz ona Vatanga jo‘nab ketishdi

Joriy yilning 17 avgust kuni o‘zbekistonlik hojilarning dastlabki guruhi Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ona Vatanimizga jo‘nab ketishdi.

Ziyoratchilarimiz bir oyga yaqin vaqt davomida Makka va Madina shaharlarida bo‘lib, haj amallarini mukammal bajarishdi. Shuningdek, u yerdagi muqaddas qadamjolarga ziyoratlar ham tashkil etilib, safarning samarali o‘tishi ta’minlandi.

Joriy yilgi haj mavsumida yurtdoshlarimizga “al-Hidoya” shirkati tomonidan Madinai munavvarada 5 yulduzli «Zam-zam Pulman» hamda Makkai mukarramada “Abroj al-Hidoya” mehmonxonalarida yuqori saviyada xizmat ko‘rsatildi.

Bu yilgi mavsumida Respublikamizdan jami 7000 nafardan ortiq mo‘min-musulmon yurtdoshimiz haj ibodatini ado etishdi. Ularga 35 nafar ishchi guruhi, 35 nafar shifokor, 15 nafar oshpaz hamda 140 nafar guruh rahbari xizmat ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, hojilarimiz 17 avgustdan 1 sentyabr kuniga qadar Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab Vatanimizga qaytishadi, deb xabar bermoqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.