Dastur ijrosi: Kattaqo‘rg‘ondagi Cho‘yanchi mahallasi qisqa muddatda obod maskanga aylandi
Hududlardagi tanlab olingan bir qator mahallalarda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha ishlar yakuniga yetdi. Ana shunday manzillardan biri Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Cho‘yanchi mahallasidir.
Bugun ushbu mahallada tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda "Nuroniy" jamg‘armasi boshqaruvi raisi S.Turdiyev, respublika ishchi guruhi a’zolari, viloyat va tuman faollari hamda tuman sektor rahbarlari ishtirok etdi.
Mahalla hududi – 157,5 gektar bo‘lib, ko‘chalar soni 11 tani tashkil qiladi. Cho‘yanchi mahallasida 859 ta xonadon, 1043 oila bor, 4261 nafar aholi istiqomat qiladi.
Mahalla hududida 2 ta maktab, bittadan oilaviy shifokorlik punkti, maktabgacha ta’lim muassasasi, shuningdek, 8 ta tadbirkorlik sub’yektlari mavjud. Dastur asosida 4 ta zamonaviy sport maydonchalari qurildi. Mahallada to‘rtta qabristonda obodonlashtirish ishlari olib borildi.
O‘tgan ikki yarim oy mobaynida 12 ta uy-joyi ta’mirga muhtoj va o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan fuqarolarning turar joylari joriy va kapital ta’mirlab berildi. Dastur doirasida mahallalardagi 11 ta ko‘chada infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida 8,4 km. yo‘l asfalt, 12,9 km. yo‘l shag‘al, 1,5 km. piyodalar yo‘lagi barpo etildi.
Undan tashqari, 9,1 km. uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortildi, 50 dona yoritish moslamalari va 2 ta yangi transformator o‘rnatilib, mavjud 4 tasi ta’mirlandi, 184 ta temir-beton ustunlar o‘rnatildi.
Joylarda gaz ta’minotini yaxshilash uchun 17 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi. 6,5 km. gaz tarmog‘i tekislanib, ranglandi. Aholi talabidan kelib chiqib, 45 dona qo‘shimcha suyultirilgan gaz ballonlar yetkazib berildi. 2 km. uzunlikdagi yangi suv tarmog‘i tortilib, aholi xonadonlariga 50 dona suv hisoblagich o‘rnatildi.
Mahallada 8,5 km. optik aloqa kabeli tortildi. 4 dona chiqindi konteyneri o‘rnatildi.
Bundan tashqari, mahalladagi 8-maktab, 41-bog‘cha, "Cho‘yanchi" oilaviy shifokorlik punkti va 5-maktab filialida qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Aholining muhtoj qatlamiga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Jumladan, 11 nafar “Temir daftar”da, 96 nafar “Ayollar daftari”da va 3 nafar “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan fuqarolarga turli yordamlar ko‘rsatildi. Nogironlik aravachasi va aholiga bepul dori-darmon vositalari ajratildi.
19 nafar fuqaroning 393,5 mln so‘m imtiyozli kredit, 14 nafar fuqaroning 137 mln so‘mlik subsidiya olishiga ko‘maklashildi. Shu bilan birga, 14 nafar xotin-qizga tikuv mashinasi va 2 nafar fuqaroga asbob-uskuna va mehnat qurollari olib berildi.
Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida 3863 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra ularning 41 nafar ehtiyoji boriga davolanish uchun order berildi.