Dasturlar haqida nega ma’lumot berilmaydi?
Tuman va shahar hokimliklari mas’ullari va matbuot kotiblari e’tiboriga!
Odatda yangi yil uchun rejalar avvalgi yil yakunida yoki yil boshida tuziladi. Har bir korxona yoki tashkilot yilni reja, maqsad bilan boshlaydi. Hatto oila, xonadonlarning ham yilga mo‘ljallangan rejasi bo‘ladi va yil avvalidan bu borada harakat boshlanadi.
Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, 2025 yilning dastlabki oyi yarmi ham ortda qolmoqda. Viloyatning bu yilga mo‘ljallangan byudjeti, soliq sohasidagi o‘zgarishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha yillik rejalar haqida gazeta va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda ma’lumotlar berdik. Ayrim yangi ob’yektlar, loyihalar haqida ham xabarlar berildi. Ammo...
Yangi chaqiriqda viloyat Kengashi deputatligiga saylangan deputatlarning biridan o‘zi saylangan okrugda 2025 yilda qancha ishchi o‘rni yaratilishi, qanaqa korxonalar ochilishi haqida so‘ragandim, xabari yo‘qligini aytdi. Deputat sifatida buni tuman hokimligidan so‘rab, bilib olishi, o‘z takliflarini bildirishi haqida aytgandim, bir necha kundan keyin suhbatlashganimda hokimlikdan bu haqda ma’lumot ololmaganini bildirdi.
Balki deputatga ma’lumotni berishmagandir, lekin yil davomida qaysi hududda qanday ish, loyiha amalga oshirilishi haqida hokimlikda ma’lumot bo‘ladi-ku. Hatto yilga oid davlat dasturi ham xalq bilan maslahatlashilgan holda ishlab chiqiladi, takliflar olinadi (ayni paytda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” bo‘yicha davlat dasturi ham umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan).
Keyin o‘zim ham qiziqib, tuman va shahar hokimliklari sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga qaradim. Birortasida 2025 yil rejalari, dasturlari haqida ma’lumot berilmagan. Na hudud rahbarining yoki sohalar mas’ullarining bu haqdagi ma’lumotlari bor.
Xo‘sh, yil dasturi, belgilangan rejalardan xalqni xabardor qilish, bundan keng ommani tanishtirishga nima xalaqit qiladi? Axir bu davlat siri emas-ku.
Tuman, shaharning qaysi hududida qanday qurilish ishlari amalga oshirilishi, nechta korxona ochilishi, qaysi mahallada yoki korxonada qancha ishchi o‘rni yaratilishi, umuman, yil dasturi va rejalari haqida xalqqa ma’lumot berilsa, turli xil gap-so‘zlar, murojaatlarga hojat qolmaydi-ku. Bundan xalq vakillari – deputatlar xabardor qilinsa, dasturlar ular ishtirokida, fikrlari inobatga olinib ishlab chiqilsa, ijro hokimiyatining aholini o‘z faoliyatidan xabardor qilishida qulay bo‘lmaydimi?
Kezi kelganda bir fikrni ham aytib o‘tish lozim, odatda hududiy dasturlar ishlab chiqilayotganda, tasdiqlanayotganda va ular ijrosi muhokama qilinayotganda mahalliy kengashlar deputatlari ishtirok etadi. Bunday paytda ushbu jarayonlarga barcha darajadagi deputatlar jalb qilinsa, ularning ham fikrlari tinglansa, yaxshi bo‘lardi. Chunki endilikda aholi hudud bilan bog‘liq masalalarda faqat hokimlik va ijro organlariga emas, vakillik organlariga, ya’ni deputatlar va senatorlarga ham murojaat qilmoqda. Demak, dasturlar ishlab chiqilayotganda deputatlar o‘z saylovchilari manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrlarini ifodalab, hududga oid dastur va rejalarga takliflarini bildirishi mumkin.
Dastur va rejalarni xalqqa e’lon qilib borishning yana bir afzalligi, balki bu kimlargadir yoqmas, lekin haqiqat shuki, ular ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga, belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishiga yordam beradi.
F.TOShEV.