Davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qanday bolalar tarbiyalanadi?

Davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan aqliy, eshitish, psixik, nutqida, ko‘rishida va tayanch-harakatlanish a’zolari rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar tarbiyalanadi.

Bugungi kunda viloyatda jami uchta, ya’ni Samarqand shahridagi 60-, 78- hamda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 10-sonli davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘lib, ularda 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan jami 327 nafar rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalar tarbiyalanmoqda. 

Ta’lim tashkilotlarida bolalarni sog‘lom va xavfsiz ovqatlantirish borasida 12 soatlik ish tartibida 4 mahal, 24 soatlik guruhlar esa 5 mahal ovqatlantirish tizimi joriy etilgan.

Mazkur yo‘nalishda 2022 yilda tasdiqlangan viloyat maktabgacha ta’lim va sog‘liq saqlash boshqarmalarining qo‘shma buyrug‘i asosida rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalarni qabul qilish bo‘yicha doimiy faoliyat olib boruvchi tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya tashkil etilgan. 

Ushbu tibbiy psixologik-pedagogik komissiya tomonidan har oyning oxirgi chorshanba kuni o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik xulosasi asosida davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalar qabul qilinadi.

2023 yilning 1-choragida ixtisoslashtirilgan bog‘chalarga jami 87 nafar ota-onalardan farzandlarini qabul qilish uchun arizalar kelib tushgan bo‘lib, shundan tibbiy tashxis xulosalari asosida 84 nafar bola qabul qilingan. Qolgan 3 nafar bolaning ota-onasiga belgilangan qonun doirasida huquqiy tavsiyalar berilgan.

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.