Davlat organlarida davlat tilida ish yuritish fuqarolar huquqini poymol qilmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishga doir qonunchilik talablariga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritish to‘g‘risida qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Qonun loyihasi mazmuniga oid asossiz ma’lumotlar tarqatish, ayrim ijtimoiy tarmoqlar va yangiliklar saytlarida uning me’yorlarini noto‘g‘ri talqin qilishga bo‘lgan urinishlarni hisobga olgan holda vazirlik mazkur loyihaga doir xolis va asosli ma’lumotlarga jamoatchilik diqqatini qaratishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

Birinchidan, amaldagi «Davlat tili haqida»gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta’minlanadi.

Loyihada qandaydir talablar kengaytirilib, tildan foydalanishda yangi cheklovlar kiritilmayapti, faqatgina amaldagi qonunning qoida va talablari hisobga olingan.

Ikkinchidan, qonun loyihasi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini qamrab olib, qonun qabul qilingan taqdirda tegishli ravishda ma’muriy javobgarlik faqatgina mazkur davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.

Qonun loyihasi mansabdor shaxslarning qonun talablariga rioya etishi bo‘yicha mas’uliyatini oshirish, davlat organlari va tashkilotlari ishida davlat tilidan to‘laqonli foydalanilishini ta’minlashga qaratilgan.

Uchinchidan, qonun loyihasi hech qanday yo‘l bilan respublika hududida istiqomat qilayotgan millat va elatlarning ona tilidan foydalanish, millatlararo muloqot va ta’lim olish tilini o‘z xohishiga qarab tanlash, o‘z tilida davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini poymol qilmaydi.

To‘rtinchidan, mazkur qonun loyihasi regulation.gov.uz  portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Har bir fuqaro o‘z fikr va takliflarini maxsus platformada bayon etishi mumkin.

Yuqorida bayon etilganlarni hisobga olgan holda Adliya vazirligi ommaviy axborot vositalari, blogerlar, shuningdek boshqa manfaatdor shaxslarni loyihani o‘zlaricha talqin qilib, jamoatchilik fikrini noto‘g‘ri o‘zanga burishga harakat qilmasliklarini, O‘zbekiston jamoatchiligi oldidagi javobgarlikni unutmaslikka da’vat etadi.

 Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.