Davlat sudya va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlaydi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasida davlatning sudya va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlashi bilan bog‘liq qat’iy norma belgilanmoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish, sohani yanada takomillashtirish, sudlar mustaqilligiga erishish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Sud-huquq sohasini yanada takomillashtirish va sudlarning chinakam mustaqilligiga erishish borasida amalga oshirilayotgan ishlar “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida 2023 yilda ham davom etmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasida ham aynan sud hokimiyati to‘g‘risida alohida 23-bob kiritilgan.

Mazkur qonunning 136-moddasi 1-qismida “Sudyalar mustaqildirlar, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmaydi” deb;

3-qismida esa “Davlat sudyaning va uning oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlaydi” deb belgilab qo‘yildi.

Bu shuni anglatadiki, sudyalarning va ularning oila a’zolarining xavfsizligi konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarildi. Endilikda, davlat nafaqat sudya, balki uning oila a’zolarini xavfsizligini taminlashni kafolatlaydi.

O‘z navbatida, ushbu kafolat sudyaning har qanday holatda o‘z vazifasiga vijdonan yondashishi va xolisona ish olib borishini, eng muhimi oilasidan ko‘ngli xotirjamligini ta’minlaydi.

Chunki, qaysi sohani olmaylik, ishchi-xodim oilasidan ko‘ngli xotirjam bo‘lmasa va farzandlarining ko‘zlarida ertangi kunga ishonchni ko‘rmas ekan uning ishida unum, hech bir kunida halovat bo‘lmaydi.

O‘ylaymizki, sudyalarning daxlsizligi va ularning oila a’zolarini xavfsizligi konstitutsiya bilan kafolatlanishi sudlar mustaqilligini ta’minlash uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Marat Ergashev,
viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi.
Adham Abdiyev,
viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudya katta yordamchisi.