Ona zamin taqdiri uchun daxldorlik

Jamiyatda ro‘y berayotgan islohotlarni kuzatib, xalqimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, mamlakatimizning xalqaro maydonda yuksalib borayotgan obro‘-e’tibori haqida mulohaza yuritar ekansiz, Prezidentimizning Oliy Majlis hamda O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi kishida ona zamin taqdiri uchun daxldorlik hissini oshiradi.

Murojaatnomani Samarqand davlat chet instituti o‘zbek tili, jurnalistika va kompyuter lingvistikasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari jamoasi ham o‘zaro tahlil qilib, mulohaza yuritgan holda o‘zimiz uchun muhim vazifalarni belgilab oldik.

Davlatimiz rahbari ta’kidlanganidek, “Bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra bo‘lib ko‘rinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bunday yuksak natijalar xalqimizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanligini namoyon etadi”.

Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonda o‘tgan yilning har lahzasi o‘zgarishlarga boy bo‘ldi. Mamlakat har kuni, har hafta ravnaq topdi, xalqimizning farovon turmushi uchun imkoniyatlar yaratildi.

E’tiborlisi, davlatimiz rahbarining odamlarimiz erkinligi, xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, salohiyatini rivojlantirish, sog‘lom, bilimli va ma’nan barkamol avlodni tarbiyalash, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bugun strategiyada ko‘zlangan maqsadlar hayotga tatbiq etilmoqda. Erishilgan natijalar, ustuvor vazifalar ushbu strategiyani qayta ko‘rib chiqishni, takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Murojaatnomaga asosan 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirish maqsad qilindi. Buning uchun mahallalarda, oilalarda farovon turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, O‘zbekistonning xalqaro darajadagi nufuzini yuksaltirish, ta’lim, tibbiyot, ilm-fan, sport, sanoat va ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalarni ravnaq toptirish uchun trillionlab mablag‘ safarbar etiladi.

Prezidentimiz murojaatnomada “Niyatim — yoshlarimiz talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha dunyoda raqobatbardosh bo‘lsin, kerak bo‘lsa, boshqalardan bir pog‘ona ustun tursin”, degani biz, ustozlar uchun mas’uliyat yuklaydi. Demak, bugungi davr ziyolisidan o‘quvchi, talaba-yoshlarni zamon talabi asosida kasbga yo‘naltirish, Vatan ravnaqiga kamarbasta bo‘ladigan kadrlar yetishishi uchun fidoyilik bilan mehnat qilish talab etiladi. Buning uchun davlatimiz tomonidan o‘qituvchi uchun har tomonlama sharoit yaratildi, deyishga barcha asoslarimiz bor.

Xurshid XAYRULLAYeV,

SamDChTI kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor.