Davlat tashkiloti xodimi: “Muammoni aytganim uchun boshliq ishdan bo‘shatmoqchi”

Rahbar muammoni yashirishdan nega manfaatdor?

Yaqinda ish yuzasidan bir tashkilot faoliyatini o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Holatni o‘sha soha mas’uli bilan joyiga borib ko‘rdik. Muammo va kamchiliklarni o‘rganib, ijtimoy tarmoqlardagi sahifalarimizda tanqidiy maqola tayyorlab berdik. Ertasi kuni notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.

- Uka, falonchayevman, - salom-alikdan so‘ng o‘zini tanishtirdi biz faoliyatini o‘rgangan tashkilot mas’uli.

- Tanidim, aka, nima gap?

- Iltimos, tashkilotimiz faoliyatini yoritgan maqolangizni o‘chiring yoki ba’zi joylarini o‘zgartiraylik.

- Nega, tinchlikmi aka?

- O‘sha kungi muammolarni aytganim uchun boshliq meni ishdan bo‘shatmoqchi. Yig‘ilishda kattalardan “gap” eshitibdi. Meni deb tashkilotimiz va boshlig‘imiz obro‘siga putur yetibdi, endi meni siquvga olishyapti...

So‘z erkinligiga yo‘l berilayotgan davrda bunday gaplar quloqqa yoqimsiz eshitiladi. Birinchidan, muammoni aytgani uchun xodimni ishdan olish umuman noto‘g‘ri yondashuv, ikkinchidan, tizimda muammoni yashirishdan manfaatdor rahbarlarning borligi juda achinarli.

Aytaylik, jamiyat uchun ahamiyatli bir soha muammoga to‘lib yotibdi. Bir tomon ana shu muammolarni ochish, hal etish uchun harakat qilyapti, lekin ikkinchi taraf bu muammolarni oshkor qilish tashkilot va rahbar obro‘siga putur yetkazishda birinchi tarafni ayblayapti.

Xo‘sh, kim haq?

Kechirasiz, janob “tarafkash”lar muammoni yashirish obro‘yingizni oshirmaydi, aksincha tushiradi. Siz bir muammoni yashirganingiz bilan hal qilinmagan muammolar “mana men” deb turadi va umumiy manzara baribir oshkor bo‘ladi. Undan ko‘ra, muammolarni ko‘rsatib, tahlil qilinsa, kamchiliklar vaqtida bartaraf etilsa yaxshi emasmi?

Aka, nima bo‘lganda ham siz to‘g‘ri ish qildingiz. Xalqimiz aksariyat tashkilotlar faoliyatidan xabardor emas. Chunki yuqoridagi kabi loqayd mas’ullar muammolarni yashirishdan manfaatdor. Axir bu muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lmaydi. Yaxshiyam siz kabi halol insonlar, ommaviy axborot vositalari va blogerlar faoliyati orqali muammolar haqida xalqimiz xabardor bo‘lmoqda. Aks holda...

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.

P/S: Yuqoridagi kabi holatlar qator tashkilotlarda uchrab turadi. Shuning uchun ham tashkilot nomini keltirmadik. Ma’lumot so‘rab bitta tashkilotga 5-6 marta qo‘ng‘iroq qilgan, qator xodimlarning ma’lumotdan o‘zini olib qochgani ham fikrimizcha, mavjud holatni ro‘y-rost bayon etib, buning ortidan bosimga qolishga istamaslik bo‘lsa kerak.