Davlat tiliga rioya qilmagan tadbirkorlar katta miqdorda jarima to‘layapti

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgach, uning amaldagi ijrosini yanada kuchaytirish maqsadida 2020 yilda hokimliklar huzurida hokimning ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi vazifasi joriy etildi. Xo‘sh, mazkur vazifada faoliyati yuritayotgan til maslahatchilari shu paytga qadar qanday ishlarni amalga oshirdi?

Samarqand tumani hokimining ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi Manuchehr Murtozakulov bilan suhbatimiz ayni shu mavzuda bo‘ldi.
- Mazkur vazifada ish boshlaganimga bir yil bo‘ldi, - deydi M.Murtozaqulov. - Bungacha hokimning ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi lavozimida Bunyod Yarashev ismli yigit ishlagan va tumanda barcha qishloq, ovul, ko‘cha va qabristonlarni nomlash tugatilgan. Shuningdek, u tashqi reklamalar bilan ishlagan, ya’ni davlat tilida bo‘lmagan tashqi reklamalarni tuzatish, noqonuniy o‘rnatilganlarini oldirish bo‘yicha chora-tadbirlar olib borgan. Hozir ham bu ishlar davom etyapti. Masalan, keyingi bir yil davomida tumanda 1425 ta o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan tashqi yozuvlar aniqlandi. Olib borilgan tushuntirish, targ‘ibot ishlari natijasida ularning 661 tasi o‘zgartirildi. Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasiga 180 ta jarimaga tortish bo‘yicha xat berildi, 84 tasi my.gov.uz portali orqali tashqi reklamaga ariza topshirdi. 56 nafar tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llanildi.
Tadbirkorlarga “Davlat tili haqida” hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Noqonuniy ravishda o‘rnatilgan reklama bannerlari, do‘kon peshlavhalari va turli e’lonlar olib tashlandi.
- Bugun tumanda davlat tiliga amal qilmagan, chet tilida yozilgan yoki qonunga xilof ravishda o‘rnatilgan reklama va e’lonlar qolmadi, deb ayta olasizmi?
- Bilasiz, tumanimizda tadbirkorlar ko‘p. Ularning ichida xatosini tushunadiganlari bor. Biz tushuntirish ishlarini olib borgach, ular tezda davlat tiliga mos kelmagan yoki xato yozilgan reklama va e’lonlarini olib tashlaydi. Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, tadbirkor ijarada turgan bo‘lsa va ijaradan chiqib ketsa, o‘rniga boshqa tadbirkor keladi. Yangi kelgan tadbirkor yana o‘z reklamasini chiqarib qo‘yadi. Shuning uchun ayrim joylarimizda haliyam xato yozilgan, qonun-qoidalarga amal qilinmagan reklama va e’lonlar bor.
- Hamon ko‘chalarda xorijiy tilda nomlangan do‘kon, xususiy korxona va tashkilotlarga ko‘zimiz tushadi. Ular qaysi tashkilot ruxsati bilan bunday nomlarni qo‘yib olgan?
- Tadbirkorlar faoliyatini boshlayotganda davlat xizmatlari markazlaridan guvohnoma ochadi. Shu paytgacha guvohnoma ochilishida tadbirkor tomonidan berilgan nomlar tasdiqlanayotgandi. Hozircha shu masala ham o‘rganilyapti, ya’ni nom berish masalasi takomillashtiriladi. Masalan, tadbirkor tanlagan nom til maslahatchilari tasdiqlaganidan keyin berilsin, degan taklif bor. Lekin hali amalda joriy qilinmagan.
- Til maslahatchilari shtati berilganda endi ko‘chalardagi xorijiy yozuvlarning hammasi o‘zbekchalashadi, deyilgandi. Lekin hamon xorijiy nomdagi do‘kon, korxona va tashkilotlar o‘zbekchalashgani yo‘q. Ularga til maslahatchilari ta’sir o‘tkaza olmaydimi?
- Bizda tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llash vakolati yo‘q. Biz faqat borib, tadbirkorni ogohlantiramiz. Tadbirkor korxona nomini o‘zgartirmasa, biz Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasiga xat bilan chiqamiz. Ular ko‘rib chiqadi va sud orqali tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llaniladi. Tumanimizda yuqorida ham keltirdik 56 nafar tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llanildi. Jarima qo‘llanilgach, tadbirkorlar qonunga xilof ravishda yozilgan nomlarni olib tashladi.
- Ko‘chalarga reklama yozuvlari qo‘yishning qanday tartibi bor?

Bu bo‘yicha “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan me’yorlar bor. Bir kvadrat metrdan oshmagan holatda davlat tilida, lotin alifbosida reklama joylashtirish mumkin. Bunga hech qanday hujjat rasmiylashtirmaydi. Agar reklama 4-5 metrli katta bannerda bo‘lib, xorijiy tilda yozilgan bo‘lsa, olib tashlanadi. Reklama matni davlat tilida, lotin yozuvida bo‘lib, pastidan xorijiy tildagi tarjimasi umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi kerak. Ba’zilar buni tushunmasdan reklama matnining tagiga xorijiy tilda boshqa so‘zlarni yozib qo‘yyapti. Ularga birdan jarima qo‘llamaymiz, sababi, jarimalar summasi katta. Shuning uchun dastlab tadbirkorlarga tushuntirish ishlarini olib boramiz. Hozirgi kunda bunday jarimalar 20 million 600 ming so‘m bo‘lgan.

Xurshida Ernazarovasuhbatlashdi.