Sahifalarga sochilgan saboqlar
Arxeolog olim, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Amriddin Berdimurodovning navbatdagi kitobi shunday nomlandi.
Olimning ellik yildan ortiq vaqtdan buyon yurtimiz tarixining turli davrlarini yoritishga bag‘ishlangan esse, suhbat va publitsistik maqolalari jamlangan kitob Toshkentdagi “Sahhof” nashriyoti tomonidan chop etildi.
Shu paytgacha Amriddin akaning Vatanimiz tarixi, buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosi, Samarqand o‘tmishi bilan bog‘liq bir nechta kitoblari, tadqiqot ishlari e’lon qilingan. Ularning har biri ma’lum bir yo‘nalishlarda yozilgan, muhim tadqiqot ishlari natijalari bayon etilgan, ulug‘ ajdodlarimiz harbiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy faoliyati, bunyodkorlik ishlariga e’tibor qaratilgan. Bu galgi kitobda esa muallifning o‘z ilmiy-pedagogik faoliyati davomida davrning dolzarb masalalari yuzasidan gazeta va jurnallarda, internet nashrlarda berilgan maqolari jamlangan. Ularda qadimda yurtimizga bostirib kelgan Aleksandr Makedonskiy, Chingizxon va Chor Rossiyasi qo‘shinlariga karshi kurashgan qahramon ajdodlarimiz haqida hikoya qilingan. Amir Temur va temuriylar davrida Turonda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, yuksak ilm-fan, san’at-madaniyat, Temuriylar renessansi haqida batafsil ma’lumotlar berilgan.
Kitobdagi ayrim maqolalarda ko‘tarilgan mavzular mohiyatini o‘quvchi anglamasligi mumkin yoki ular uchun qiziqarli bo‘lmas. Shuning uchun kitob nashr etilishidan oldin, Amriddin akaga “ayrim maqolalarni qoldirish kerakmikan” deganimda u kishi “To‘g‘ri aytyapsiz, bugun ba’zi gaplarning ahamiyati qolmagan bo‘lishi mumkin, lekin o‘tmishni o‘rganish, undan xulosa chiqarish nuqtai nazaridan bugungi va kelgusi avlodlar bu tarixni ham bilsalar zarar qilmaydi” degandi.
Bu fikrlarni kitob avvalida ham muallif alohida qayd etgan: “Har bir
davrning ma’lum shart-sharoitlari va tuzumi tufayli shakllangan, faqatina o‘ziga xos ruhi bo‘ladi. Shu sababli o‘sha davrda yashayotgan odamlar shu ruhiyatga moslashadilar. XX asrning 85-90-yillari o‘z ruhi bilan boshqa yillardan yaqqol ajralib turardi. Sababi, sobiq SSSRda yashovchi barcha xalqlar ma’naviy va siyosiy jihatdan uyg‘ongan, shu sababli ular junbishga kelgan, odamlar yillar davomida yig‘ilib qolgan dardlari, armonlari, orzu-istaklarini ro‘y-rost aytayotgan, yozayotgan davr edi. Men ham o‘sha davrning ruhidan ilhomlanib, gazeta va jurnallarda anchagina maqolalar yozganman. Bu maqolalarim mavzu jihatidan har xil bo‘lsa-da, o‘z davrida ancha dolzarb bo‘lgan muammolarga bag‘ishlangan edi”.
Muallifning ana shunday maqolalaridan biri 1990 yil 3 avgustda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida chop etilgan “Toptalgan meros” nomli maqolasi edi. Unda ajdodlarimizdan qolgan, arxeologik tadqiqotlar natijasida topilgan buyuk meros go‘yoki o‘rganish va tadqiq etish niqobi ostida, ko‘p hollarda, ochiq-oydin talon-toroj qilinib Moskva va Leningrad muzeylarida olib ketilgani, hatto, xorijga sotib yuborilgani bayon etilgan. Buning oldini olish uchun mamlakat rahbariyati, xalq vakillari bo‘lgan deputatlar oldiga aniq savollar qo‘yilgan.
Kitobdan o‘rin olgan “Ulug‘larimizni qachon ulug‘laymiz?”, “Merosni qaytarish – ishning yarmi”, “Oqqinam, oppoqqinam”, “Ikki boshli burgut hamlasi”, “Xotiramizning umri qisqami?” sarlavhali maqolalarda ham davrning nozik masalalari qalamga olingan va ular o‘z vaqtida jamiyatda katta aks-sado bergan edi.
Umuman, Amriddin Berdimurodovnning navbatdagi kitobi ham o‘quvchini tariximiz va bugungi kunimiz, kelajak haqida o‘ylashga, ajdodlarimizdan faxrlanishga hamda ularga munosib bo‘lishga undaydi.