Davlat xizmatlari agentligi noto‘g‘ri talqin qilingan fotosurat yuzasidan ma’lumot berdi

Davlat xizmatlari markazi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan DXMning oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan "Damas" xizmat avtomobili fotosuratiga munosabat bildirdi:

"Mazkur avtoulov orqali DXMlarga shaxsan tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar, shuningdek, chekka hududlarda joylashgan aholi punktlarida istiqomat qiluvchi shaxslar uchun sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.

Mustaqillik kuni arafasida Davlat xizmatlari markazlari Respublika bo‘ylab ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun zaruriy yordam va birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha ijtimoiy aksiyalarni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishdi. Tabiiyki, mazkur xayrli ishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi xodimlari ham ishtirok etdilar.

Fotosuratda ko‘rinib turganidek, Chimboy tumani Davlat xizmatlari markazi xodimlari keyinchalik ehtiyojmand fuqarolarga yetkazish uchun oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishmoqda.

Ba’zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu holatni noto‘g‘ri talqin etib, o‘zlaricha "shov-shuv" yasamoqchi bo‘lgan".

DXA bunday provokatsiyalarga yo‘l qo‘ymaslikni alohida ta’kidlagan.