Davr fidoyilari: Dunyo bilan bo‘ylashishga ahd qilgan tadbirkor
Urgut tumanidagi “Bekmez Carpet” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Umarjon Ibodullayev faol ishbilarmon, o‘z kasbining sir-asrorlarini puxta egallagan tajribali rahbar sifatida obro‘ qozongan.
Umarjon 2012 yildan buyon ushbu MChJda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Uning boshqaruvidagi korxonada 214 nafar ishchi tomonidan 20 turdagi gilam va tafting mahsulotlari ishlab chiqariladi. Korxona 2014 yilda xalqaro ISO: 9001 sifat sertifikatiga ega bo‘lgan.
Shu sababli bu yerda ishlab chiqarilayotgan gilam va gilam mahsulotlari ichki bozorni to‘ldirishi barobarida qo‘shni davlatlarga ham eksport qilinmoqda. Jumladan, 2020 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Afg‘oniston Respublikalariga 1 million 483 ming dollarlik mahsulot eksport qilinib, buning ortidan 915 million so‘m sof foyda olingan.
Keyingi uch yilda 31 milliard 35 million so‘mlik gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarilgan va 3348 ming dollarlik eksport amalga oshirilib, sof foyda 4 milliard 537 million so‘mni tashkil qilgan.
Albatta, sifat va salmoq ortishi uchun U.Ibodullayev xalqaro sifat sertifikatiga erishish bilan cheklanib qolmagan. Uning tashabbusi bilan 2021 yilda Turkiya Respublikasining “KYKKIMYA” va “YAKUT HALI” firmalaridan qiymati 800 ming dollarlik 2 ta zamonaviy gilam ishlab chiqaradigan hamda ip tayyorlaydigan asbob-uskuna olib kelingan. Buning ortidan korxonada 42 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Shuningdek, yiliga 6 milliard 120 million so‘mlik gilam mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Tashabbuskor tadbirkor o‘tgan yili Belgiyaning “VRW BVBA” firmasidan tafting gilam mahsulotlari ishlab chiqaradigan uskuna olib kelgan va 30 ta yangi ish o‘rni yaratgan.
Bugungi kunda Umarjon Ibodullayev rahbarligida jamoa yiliga o‘rtacha 1,6 million kvadrat metr mahsulot tayyorlab, ichki va tashqi bozorlardagi mijozlarga yetkazib bermoqda.
Tadbirkorning aytishicha, joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha ishlab chiqarish sexlari ishga tushirilishi, zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalar olib kelish evaziga eksportbop gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yanada oshirilib, eksport geografiyasini Tojikiston, Rossiya davlatlari bilan kengaytirmoqchi. Yana bir muhim tomoni, amalga oshiriladigan o‘zgarishlar sabab 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Tadbirkor boy bo‘lsa xalqqa, jamiyatga nafi tegishi bor gap. Buni Umarjon Ibodullayev faoliyati misolida ko‘rish mumkin. U rahbarlik qilayotgan korxona O‘zbekiston futbolini rivojlantirish jamg‘armasi, ko‘zi ojizlar jamiyati kabi tashkilotlarga beg‘araz homiylik yordamlarini ko‘rsatib kelmoqda.