Dehqon xo‘jaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 million so‘mgacha oshiriladi

Bu haqda Prezident ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi. Davlat rahbari oilaviy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishini ta’kidladi. Jumladan, 2023 yilda:

- tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi;

- dehqon xo‘jaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 million so‘mgacha oshiriladi (amalda 33 million so‘m);

- avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija ko‘rsatgan tadbirkorlar ushbu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘ladi (hozir faqat bir marta olish mumkin);

- kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat beriladi.

2023 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturiga 12 trillion so‘m beriladi (2022 yilda – qariyb 10 trillion so‘m). Prezident yaqinda imzolagan qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikka qo‘shimcha 300 million dollar ajratiladi.