Deputat anketasi: Deputatdan talab qilinadigani – faollik
1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?
Okrug hududidagi Zarafshon mahallasi Nayman qishlog‘ida joriy yil davlat dasturi asosida kapital mablag‘lar hisobidan 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi qurilmoqda. Loyiha qiymati 3 milliard 69 million so‘m bo‘lgan mazkur ob’yekt bosh pudratchi “Qurilish Shams” korxonasi tomonidan bunyod etilmoqda. Qurilish jarayonini deputat sifatida kuzatib boryapman.
Bundan tashqari, hududiy investitsiyalar hisobidan sanoat sohasida 155,1 milliard so‘mlik 8 loyiha, xizmat ko‘rsatish sohasida 29 milliard so‘mlik 7 loyiha, qishloq xo‘jaligi sohasida 31 milliard so‘mlik 6 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu loyihalar hayotga tatbiq etilishi bilan 649 ta yangi ish o‘rini yaratiladi. Hozircha 7 loyiha amalga oshirilib, 55 kishining bandligi ta’minlangan.
2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?
Okrugdagi 12 mahallada 9 ming 667 xonadon bo‘lib, 40 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu xonadonlarda yashovchi odamlarning turmush tarzi bilan tanishish, muammolarini o‘rganish va yechim topish maqsadida tuman kengashi deputatlari bilan hamkorlikda ishladik. Natijada ko‘makka muhtoj 667 oila ro‘yxati shakllantirilib, ularga manzilli yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bir nechta oilalarga tomorqadan samarali foydalanishi, issiqxona tashkil etishi, parrandachilik, chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Yil boshidan buyon Qoramo‘yin, Beshbola, Saroy, Nazar mahallalarida va hududdagi 49, 31, 26, 50-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida uchrashuvlar o‘tkazdim. Bu tadbirlarda saylovchilarim tomonidan 40 dan ortiq muammolar aytildi. Murojaatlar asosan bolalar maydonchalari tashkil etish, elektr energiyasidagi uzilishlar, gaz ballonlarining o‘z vaqtida almashtirilmayotgani, yo‘llarning ta’mirtalabligi, toza ichimlik suvi inshootlarining ishdan chiqqani, 31, 25 va 32-maktablarda sinfxonalar yetishmasligi, sport zallari yo‘qligi, mebel va sport jihozlari yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘ldi. Har bir masala bo‘yicha hokimlik va mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda zarur choralarni ko‘ryapmiz.
Aholi bilan doimiy aloqada bo‘lish uchun okrugdagi har bir mahallada telefon hamda telegram raqamlarim haqida e’lonlar joylashtirilgan.
3. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.
Aholi bilan uchrashuvlar, joylardagi sayyor qabullar chog‘ida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan Jomboy tumani hokimligiga, tuman tibbiyot birlashmasiga, “Suvoqova” tashkiloti, yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati deputatlik so‘rovlari yuborib, javob oldim.
Jumladan, Qoramo‘yin qishlog‘i aholisi va o‘quvchilarning havfsizligini ta’minlash maqsadida qishloq hududidan o‘tgan Toshkent – Termiz magistralining 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabi oldida kerakli yo‘l belgilari o‘rnatish haqidagi murojaati asosida mutasaddi idoralarga deputatlik so‘rovi yuborgan edim. So‘rovga javoban aholining murojaati qanoatlantirildi.
Bir necha yildan buyon faoliyat olib borayotgan deputat sifatida aytishim mumkinki, ayni paytda saylovchilarning deputatga ishonchi har qachongidan oshgan, umidi katta. Shu bilan birga hokimlik hamda boshqa davlat organlari ham deputat va uning murojaatlariga avvalgidek bepisand emas, mas’uliyat bilan qaramoqda. Deputatdan talab qilinadigani – faollik, saylovchilar bilan doimiy aloqada bo‘lish va ular ko‘tarayotgan masalalar yechimiga vijdonan yondashish.
O‘ktam SAIDMURODOV,
15-Dehqonobod saylov okrugidan Samarqand viloyat Kengashi deputati.