Deputat anketasi: Muammoga o‘rin qoldirmaymiz
1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?
Saylov okrugi hududida katta loyihalar amalga oshirilmoqda. 2020 yil uchun 4 ta investitsiya loyihalari shakllantirilgan. Masalan, Navbahor mahallasida qiymati 500 million so‘m bo‘lgan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, qiymati 1 milliard 800 million so‘mlik tikuvchilik sexi va mebellarni ta’mirlash xizmati shular jumlasidan.
Bundan tashqari, Balandchordara mahallasida zamoanaviy eshik va romlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bunda 1 milliard 300 million so‘m investitsiya o‘zlashtirildi. Mullakichkina qishlog‘ida amalga oshirilayogan intensiv bog‘ loyihasi uchun esa 500 million so‘m sarmoya kiritildi.
Albatta, bular faqat investitsiya dasturi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar. Xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham uzoq gapirish mumkin. Muhimi, bularning barchasi, avvalo jamoatchilik bilan bamaslahat, xususan, hududdan saylangan deputatlar nazorati ostida amalga oshirilmoqda.
2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?
Barchaga ma’lum, pandemiya talablari olib borilayotgan ishlarning shakli va mazmuniga anchagina o‘zgartirishlar kiritdi. Shunga ko‘ra, okrug hududida uchrashuvlar, oldin rejalashtirilgan yig‘ilishlarni o‘tkazish bir muncha qisqardi.
Lekin okrug hududdagi qishloqlarni aylanganimda saylovchilar bilan jonli muloqot o‘tkazayapman. Meni deputat qilib saylagan mahallalar asosan dexqonchilik bilan shug‘ullanadi. Ular turmushini o‘rganish asnosida 700 dan ziyod kambag‘allar ro‘yxatini shakllantirdim. O‘tgan davr mobaynida sektor rahbarlari va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar tufayli ularning ko‘pchiligi “Temir daftar”dan chiqarildi.
Alohida qayd etishim lozimki, saylovoldi tashviqot va muloqotlarda ishonchli vakillari bo‘lgan Fayzulla Muhammadiyev va Akram Qurbonov singari okrugdagi haqiqiy ahvol to‘g‘risida doimiy axborot berib turadi.
Odamlarni qiynayotgan muammo yoki yechimini kutayotgan masalalarni imkon qadar mahalliy hokimlik vakillari bilan hal qilayapman.
3. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang?
Eng faol saylovchilarim - Ne’mat Eshmatov va Toshbibi Rajabova Namoz polvon mahallasida 60 kundan buyon suyultirilgan gaz ballonlari kelmayotgani haqida murojaat qildi. Men bu xususida “Hududgaz” Samarqand filiali boshlig‘iga so‘rov yo‘lladim. Tashkilot rahbari Xolmurod Bobomurodov oradan 2 kun o‘tib, mahallada yashovchi iste’molchilarga gaz ballonlar yetkazib berilishini ta’minladi.
Saylovchilarim menga qo‘ng‘iroq qilib, muammo hal bo‘lganidan quvonib minnatdorlik bildirdi. Bunaqa misollar juda ko‘p.
Hasan NORMURODOV,
28-Kattaqo‘rg‘on saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati.