Deputat anketasi: Muammolar yechimi deputatdan qat’iyat talab qiladi

1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?

Prezidentimizning 2020 yil 10 yanvardagi “2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq joriy yilda Payariq tumanida ham katta o‘zgarishlar, yangilanishlar amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Men xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan 20-Birlashgan saylov okrugi hududidagi Xo‘ja Ismoil mahallasida Imom Al-Buxoriy ziyoratgohiga keluvchi sayyohlar uchun zamonaviy mehmonxona bunyod etilishi rejalashtirilgan. Ushbu qurilish ishlari uchun Xalq banki tomonidan 1 milliard so‘m miqdorda kredit rasmiylashtirilgan. Bugungi kunda “Shohjahon Qarshiyev” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan binoning asosiy qismi qurib bitkazilgan va pardozlash ishlari olib borilmoqda.

2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?

Joriy yilning o‘tgan davrida saylov okrugi hududida ish rejam asosida to‘y-hashamlarni qisqartirish, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan va Oila kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va boshqa masalalar yuzasidan 10 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazdim.

Saylovchilar bilan so‘nggi uchrashuvlarim Olmazor, Xalqobod, Ernazarqo‘rg‘on mahallalarida aholining karantin talablariga rioya qilishi haqida bo‘ldi. Shuningdek, hududda aholi xonadonlariga, oziq-ovqat do‘konlariga borib, haqiqiy vaziyatni o‘rgandim. O‘rganishlar davomida aniqlangan muammolar yuzasidan huquqiy maslahatlar berish barobarida ayrim muammoli masalalarga mutasaddilar e’tiborini qaratib, o‘nlab masalalar hal etildi.

 

3. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.

Saylov okrugi hududiga qarashli 17 ta mahalladagi 11 mingdan ziyod xonadonda 63 mingdan ko‘proq aholi istiqomat qiladi. Hududda 913 ta ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati shakllantirilgan. Vakillik organidagi noib sifatida ularning turmushini to‘kis qilish, pandemiya sharoitida har tomonlama ko‘maklashish tadbirlarini nazoratga olganman.

Tomoyrot mahallasining Jiyanbek qishlog‘ida yashovchi M.Chanonova salomatligini tiklash hamda oilasi uchun moddiy yordam so‘rab murojaat qildi. Masala yuzasidan Payariq tumani tibbiyot birlashmasi va tuman hokimligiga deputatlik so‘rovi yo‘lladim. Natijada homiylar tayinlanib, fuqaroga sog‘ligini tiklash uchun zarur dori-darmon va oilasi ta’minoti uchun oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Madina VAHOBOVA,

20-Birlashgan saylov okrugidan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.