Deputat anketasi: Odamlarda daromad olish imkoniyatlari yetarli bo‘lsa jamiyatdan ham, davlatdan ham rozi bo‘ladi
1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?
Okrug hududida joriy yilda umumiy qiymati 40,9 milliard so‘mlik 6 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi natijasida 137 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Xususan, sanoatda 29,4 milliard so‘mlik 3 ta loyiha hayotga tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda Zarafshon mahallasidagi “Baxt invest hamkor teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 39 milliard so‘mlik aralash ip-kalava sexi loyihasi amalga oshirilmoqda. 1 oktyabrda ishga tushadigan korxonada ish uch navbatda tashkil etilib, 325 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlanadi.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi 11,5 milliard so‘mlik 3 ta loyiha doirasida 22 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bugungi kungacha “Taraqqiyot” fermer xo‘jaligi tomonidan qiymati 250 million so‘mlik baliqchilikni rivojlantirish loyihasi ishga tushirildi.
Shuningdek, Holvoyi mahallasi hududida 28-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining zamonaviy binosini qurish ishlari davom etmoqda. Kattaqishloq mahallasida qurilayotgan uy-joylarning poydevori tiklanib, g‘isht terish ishlari boshlangan, Shodlik mahallasidagi ko‘p qavatli turarjoy binolarini pardozlash ishlari olib borilmoqda.
2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?
Deputat xalq vakili sifatida o‘z okrugida saylovchilar dardini, muammolarini eshitishi, ularni hal etish yo‘llarini ko‘rishi zarur. Bugun eng muhim masala pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish, odamlarga yangi daromad manbalarini yaratishdan iborat.
Bu borada saylov okrugi hududida 2 mingdan ortiq oilani kambag‘allikdan chiqarish, ijtimoiy himoyalash, ish bilan ta’minlash borasida rejalar belgilangan. Misol uchun, “Bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida parranda go‘shtini yetishtirish uchun “Childir fayz IChK” ishlab chiqarish kooperatsiyasi tashkil etildi. Kooperatsiyaga 66,9 million so‘m subsidiya hamda 306 million so‘m imtiyozli kredit ajratilmoqda. Ajratilgan 6 gektar yer maydonida poliz (qovun va tarvuz) mahsulotlari parvarishlash uchun 2 ta artezian qudug‘i o‘rnatildi. Bu yerda 30 nafar ishsiz fuqaro (kambag‘al va yoshlar) bandligi ta’minlandi.
Saylovchilar bilan oxirgi uchrashuv To‘qqizboy mahallasida o‘tkazildi. Tadbir davomida fuqarolarga “Jomboy naslli parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yetishtirilgan jo‘jalarni kredit asosida tarqatish, parrandachilikning afzalliklari to‘g‘risida tushunchalar berdik.
3. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.
O‘tgan davr mobaynida saylovchilar murojaatlari asosida 8 ta deputatlik so‘rovi chiqarilib, tegishli mutasaddi tashkilotlarning javob xatlari olindi. Ko‘tarilgan muammo va masalalar tuman doirasida o‘z yechimini topmoqda. Xususan, Jomboy tumanidagi 20-maktab oldidan o‘tuvchi ichki yo‘lga o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘l belgisi hamda svetofor o‘rnatish masalasida fuqarolar tomonidan murojaat bo‘lgan edi. Ushbu masala yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlariga deputatlik so‘rovi chiqarilishi natijasida maktab oldidan o‘tuvchi ichki yo‘lga rezina qoplamali, tezlikni sekinlashtiruvchi vosita va to‘xtab o‘tish belgilari o‘rnatildi.
Haydar O‘ROQOV,
16-Holvoyi saylov okrugidan Samarqand viloyat Kengashi deputati.