Deputat anketasi: Saylovchilarning dardi ko‘p

1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?

Men viloyat Kengashi deputatligiga saylangan okrug hududidagi 16 mahallada 35 ming 594 nafar fuqaro istiqomat qiladi.

Dastur asosida okrug hududidagi Payshanba-Jarboshi qishloqlarini tutashtiruvchi 6 kilometr 570 metr yo‘lga 4 milliard 403 million so‘m mablag‘ sarflanib, asfalt qoplama yotqizildi.

Joriy yilda hududda Investitsiya dasturi doirasida 7 ta ijtimoiy soha (4 ta maktab va 3 ta MTT) ob’yektida qiymati 14,07 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, koronovirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish uchun qo‘shimcha 2 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi va 1 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari boshlangan.

Aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash uchun 2 ta 4 qavatli (48 ta kvartirali) uy-joy, “Xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar” dasturi asosida ajratilgan 643,9 million so‘m mablag‘ hamda homiylarni jalb qilgan holda 10 ta 2 sotixli 3 xonali uy-joy qurilyapti.

Telefon va internet aloqasi sifatini yaxshilash maqsadida Navoiy viloyatining Xatirchi tumani chegarasidagi qishloqlar - Jizmonsoy, Burgansoy, Yonboshsoy mahallalarida 65 kilometr optik tolali tarmoqlar tortish rejalashtirilgan. Buning uchun tuman mahalliy byudjetidan 200 million so‘m mablag‘ ajratilyapti. Hozirgi kunda 28 km. optik tolali aloqa tarmoqlari tortilib, uyali aloqa uchun antenalar o‘rnatildi. Tuman markaziiga 3200 sig‘imli MSAN qurilmasi o‘rnatildi.

2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?

Deputatlik faoliyatimni to‘g‘ri va samarali tashkil etish maqsadida tuzilgan ish rejamda qonunlar, Prezident farmon va qarorlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, ular ijrosini nazorat qilishga qaratilgan vazifalar belgilangan.

Saylov okrugidagi aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda 20 dan ortiq muammolar ko‘tarildi. Murojaatlarning 8 tasi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi, 10 ga yaqin masala joyida hal etildi. Jumladan, Mavlon qishlog‘ida yashovchi Jonqobilova Oysanamga tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun Xalq banki Payshanba filialidan 20 million so‘m imtiyozli kredit olishida amaliy yordam berildi.

3. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.

Jizmonsoy mahallasi raisi Faxriddin Isayevning 59 ta xonadonga maishiy gaz ballonlarini olib berish bo‘yicha amaliy yordam so‘ragan murojaati yuzasidan “Hududgaz Samarqand” MChJ tomonidan deputatlik so‘rovi asosida 60 ta xonadonga maishiy gaz ballonlari yetkazib berildi.

Joriy yilning 29 may sanasida Kattaqo‘rg‘on tuman Sebo‘ston mahallasi aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda fuqarolar Sho‘r qishlog‘idagi 11 kilometr yo‘lda yog‘ingarchilik mavsumida yurib bo‘lmasligidan arz qildi. Muammoni hal etish bo‘yicha viloyat avtomobil yo‘llaridan foydalanish hududiy bosh boshqarmasiga so‘rov chiqardim. Berilgan javobga ko‘ra, yo‘l ta’mirini tuman Obodonlashtirish boshqarmasi kelgusi yil manzilli dasturiga kiritibdi.

Aholi Moybuloq mahallasida joylashgan shifoxonada bolalar va tug‘riq bo‘limlari yopilib ketganligidan norozilik bildirdi. Shifoxonadagi bo‘limlarni qayta tiklash bo‘yicha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga deputatlik so‘rovi yubordim.

Sherali YuLDAShEV,

29-Qoradaryo saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati.