Deputat II guruh nogironiga ko‘mak berdi
Xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashi deputati Nodir To‘rayev tumandagi “Quduqli” mahallasida saylovchilar bilan o‘tkazgan uchrashuvida mazkur mahallaning Qo‘ng‘irot qishlog‘ida yashovchi ikkinchi guruh nogironi Zilola Asadova tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda Z.Asadova ikki nafar farzandi va turmush o‘rtog‘i bilan ijarada turishi, turmush o‘rtog‘i mavsumiy ishchi bo‘lib, hozirda o‘zlari hashar yo‘li bilan qurgan uyining usti yopilmaganligi hamda eshik romlari qo‘yilmaganligi sababli kuz-qish mavsumiga tayyor emasligi aytib, deputatdan amaliy ko‘mak so‘radi. Mazkur masala deputat tomonidan joyida o‘rganib chiqildi va xalq deputatlari Jomboy tuman Kengashi sessiyasiga kiritildi.
Sessiya qaroriga ko‘ra, ijtimoiy ahvoli og‘irligi sababli Z.Asadovaga qurilish mollarini olish uchun 5 000 000 (besh million) so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Shuningdek, deputat tomonidan tuman tibbiyot birlashmasiga so‘rov yuborilib, Z.Asadova sog‘ligini tiklash uchun viloyat reabilitatsiya markaziga order olib berildi.
O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot xizmati.