Deputat nomiga ishlamasligi kerak

O‘tib borayotgan har bir kun bizni yangi yilga tobora yaqinlashtirmoqda. Bu fursatlar esa tabiiyki, oxirlab borayotgan yilni sarhisob qilish, oldinda turgan vazifalarni belgilab olish zaruratini tug‘dirmoqda.

Shu bois, biz xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Feruz Nasrullayevga murojat qildik.

- Feruz Furqatovich o‘zingiz rahbarlik qilayotgan doimiy komissiyaning joriy yilgi faoliyatida nimalardan ko‘ngliz to‘ldi va nimalardan to‘lmadi?

- Pandemiya tufayli e’lon qilingan karantin tadbirlari tabiiyki, deputatlar faoliyatida ham bir qadar to‘sqinliq qildi. Shunga qaramasdan, saylovchilar bilan muntazam aloqani yo‘lga qo‘ydik. Komissiya oldida turgan vazifalarni amalga oshirish choralarini ko‘rdik. Xusussan, doimiy komissiya yig‘ilishlarini Zoom platformasi orqali o‘tkazdik. Yig‘ilishlarimizda boshqa masalalar qatori komissiya a’zolarining ish faoliyatini ham tanqidiy-tahliliy o‘rganib boryapmiz.

Misol uchun, doimiy komissiya a’zosi 10-Oqdaryo saylov okrugidan saylangan deputat Dilshod Tolliyev Musurmonovich hamda 41-Mevali saylov okrugidan saylangan deputat Kenja Bozorovlar birorta ham deputatlik so‘rovi chiqarmagan. Bu ikki deputat hamda Farxod Axrorovlar shu kunga qadar viloyat Kengashi sessiyasida tasdiqlangan bo‘lsa-da, anketa savolariga javob bermagan.

Qisqa aytganda, mazkur deputatlarimizning faoliyatidan ko‘nglimiz to‘lmagan. Shu bois, doimiy komissiya yig‘ilishida muhokama qilinib, ularga zarur tavsiya va takliflarimizni berganmiz.

- Viloyat Kengashida eng faol deputat aniqlansa, doimiy komissiyangizda kim bu nomga loyiq, deb hisoblaysiz? (O‘zingiz bo‘lishingiz ham mumkin). Nima uchun?

- Doimiy komissiya a’zolarining hisobotlarini tahlil qilganimizda Aziz Axrarovning juda ibratli ishlarni amalga oshirganligiga guvoh bo‘lganmiz. U yil davomida 33 ta deputatlik so‘rovi chiqarganligiyoq bunga misol bo‘la oladi.

Shuningdek, deputatimiz tashabbusi bilan Davlatshoh Samarqandiy mahallasidagi Minsk ko‘chasining 300 metr va Davlatshoh Samarqandiy -1 ko‘chasining 321 metr yo‘liga asfalt yotqizildi. Hududdagi Farhod kafesi ro‘parasidan o‘tayotgan magistral ichimlik suvi quvuri yorilib, yillar davomida behudaga isrof bo‘lib kelayotgan ichimlik suvi muammosi bartaraf etildi.

Samarqand tumani Qoziariq mahallasida yashovchi fuqaroning xonadonidan doimiy ravishda parrandaning qo‘lansa hidi kelib turishidan shikoyat qilingan. Murojaat asosida qayd qilingan xonadonda SEOM mutaxassislari jalb qilinib, ko‘rik o‘tkazildi va 2000 dona “broller” tovuqlari boqilayotganligi aniqlandi. Fuqaroga tovuqlarni olib chiqib ketish, qoldiqlarni tozalash va dizenfeksiya qilish tavsiya qilingan.

To‘g‘ri, saylovchilar manfaatlari yo‘lida boshqa deputatlarimiz ham tegishli ishlarni olib bormoqda. Tahlillarimiz esa eng faol deputatimiz A.Axrorov ekanligini ko‘rsatyapti.

- Doimiy komissiya bir yil davomida nechta mutasaddi rahbarning hisobotini eshitdi? Ulardan qaysi soha rahbarlari qayta hisob berdi yoki qaysi birlarining bergan ma’lumotlaridan doimiy komissiya deputatlarining ko‘ngli to‘lmadi?

- Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari hisobotini eshitganmiz. Hisobotda yoshlar va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar muhokama qilingan.

Alohida qayd etish lozimki, bu orqali birinchidan saylovchilarning murojaatlariga yechim izlanib, bu borada tegishli boshqarma va tashkilotlarning mas’uliyatini oshirish, deputatlar esa sohada vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etishda faol bo‘lishi belgilab olingan.

Bundan tashqari, doimiy komissiya tomonidan Jomboy, Bulung‘ur hamda Ishtixon tumanlarining 2020 yil yarim yilligida ish o‘rinlari tashkil etish hamda aholi bandligini ta’minlash Dasturining ijrosi o‘rganildi. Bu borada tashkil qilingan ishchi guruh tayyorlagan ma’lumot viloyat Kengashining 10-sessiyasida atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashida qabul qilingan 41 ta qaror ijrosini nazorat qilish doimiy komissiyamizga yuklatilgan.

Bu ma’lumotlarni aytishimdan maqsad shuki, vakolat doirasida barcha darajadagi rahbarlar hisobotlarini eshitib kelyapmiz. Ish bor joyda kamchilik bor, biz bunday hollarga guvoh bo‘lsak, uni zudlik bilan bartaraf etish talabini qo‘ymoqdamiz. Kengashga berilayotgan e’tibor tufaylimi yoki boshqa sabab, bugungi kungacha tashkilotlarga yuborgan talabnomalarimiz ijrosiz qolgani yo‘q.

- Doimiy komissiya kelgusi yilda qanday ishlarni rejalashtirmoqda?

- 2021 yil “Urgut EIZ” hamda joylardagi kichik sanoat zonalarini o‘rganishni rejalashtiryapmiz.

Bundan tashqari, rejaga viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining, viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining, viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘ining hisobotlarini eshitish kiritiladi.

Albatta, kelgusida hisobotlar bilan cheklanib qolmasdan, tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda, o‘rganilishi lozim bo‘lgan masalalar ham bor. Bu haqdagi reja viloyat Kengashi sessiyasida tasdiqlansa, to‘liq ma’lumot bersak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

- Mazmunli suhbat uchun rahmat!

Yo.MARQAYeV suhbatlashdi.