Deputatlar investitsiya loyihalarining ijrosi bilan tanishdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Samarqand shahrida yirik investitsiya loyihalarining ijrosi, ijtimoiy ob’yektlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Deputatlarning dastlabki o‘rganish manzili “AZIA METALL PROF” qo‘shma korxonasi bo‘ldi. Bugungi kunda korxonada umumiy qiymati 585,6 million dollarlik 9 bosqichli loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan 227,4 million dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisoblanadi. Bu yerda 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
Deputatlar ishlab chiqarish jarayoni, xodimlarga yaratilgan sharoitlar, mahsulot eksportiga oid ma’lumotlarni o‘rgandi. Korxona xodimlari bilan suhbatlashib, ularning fikr va takliflarini tingladi.
Keyingi manzil “ACWA Powyer” tomonidan amalga oshirilayotgan quyosh elektr stansiyasi bo‘ldi. Quvvati 1000 MVT bo‘lgan 2 ta fotoelektr stansiya, 500 kVtli “Nurobod” podstansiyasi va 350 kilometr uzunlikdagi havo tarmoqlari qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2 ta 334 MVTli akkumulyator stansiyasi ham barpo etiladi. Loyiha to‘liq quvvatda 2027 yilga qadar ishga tushadi. U 975 ming xonadonni “yashil energiya” bilan ta’minlash imkonini beradi. Bu orqali katta miqdorda tabiiy gaz tejalishi va atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdori kamayishi ta’minlanadi.
Deputatlar “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Markazda keksalar va yolg‘izlarni sanatoriya va sihatgohlarga yo‘llanma bilan ta’minlash holati o‘rganildi. Sohada qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Jumladan, “Yakka yolg‘izlar reyestri”da barcha fuqarolarga yilda kamida bir marta yo‘llanma berish, mobil ilova orqali navbatni kuzatish, yo‘llanma vaqti va turini o‘zgartirish imkonini berish masalalari ko‘tarildi.
Uchrashuvlar davomida barcha taklif va tashabbuslar yuzasidan batafsil fikr almashildi. Hukumat va tegishli vazirliklarga taqdim etish uchun aniq takliflar shakllantirildi. Mahalliy iqtisodiyot, energetika va ijtimoiy sohaga oid muhim vazifalar belgilab olindi.