Uni sog‘inamiz, suhbatini qo‘msaymiz

(Esse)

Asad mening sensirab gaplashadigan yagona do‘stim edi.

Asad bilan o‘n bir yil bir sinfda o‘qigan edik.

Asad bilan Toshkentga birga kelgan edik... Keling, gapni shundan boshlay qolay.

 Biz 1964 yilda Urgut tumanidagi 41-o‘rta maktabni bitirdik. Sinfdoshlarimiz 27 nafar (23 yigit, 4 qiz) edi. 6 iyul kuni attestatimizni oldik, 9 iyul kuni Asad, men va yana bir sinfdoshimiz Jabbor Toshkent sari yo‘lga tushdik. U paytlarda boshqa shaharlarga qatnaydigan avtobuslar Samarqandning qoq markazi – Registon maydonidan jo‘nar edi. O‘sha yerdan bizni mening Mo‘minqul akam kuzatib qo‘ydi. Qo‘ng‘izsifat, taxminan o‘n-o‘n besh o‘rinli avtobus bo‘lardi. Shu avtobusda qishlog‘imizdan Samarqand shahriga bir necha marta kelgan edik. Toshkentga ham shunaqa avtobus qatnar ekan. Yana deng, u vaqtda Samarqanddan Toshkentga eski yo‘l (Yangiyer, Guliston orqali) bilan kelinardi, hozirgi trassa (xalq tilida betonka) qurilmagan edi. Qo‘ng‘izsifat avtobus soatiga 40-50 kilometr yurgan bo‘lsa kerak-da, ertalab yo‘lga chiqib, kun botarda Toshkentga kelganmiz. 

Uch azamat avtobusdan tushib, atrof­ga alangladik, go‘yo boshqa yurtga kelib qolganday. Trolleybus bekatiga borib, 9-trolleybusga chiqdik. Otamning jiyani Eshnazar aka Chilonzorda, Volgograd ko‘chasida yashar edi. U kishi oilasi bilan qishloqqa borib turar, o‘shanda adresini berib, borish yo‘llarini tushuntirgan edi. Eshnazar aka elliginchi yillarda Toshkentga kelgan, shu yerda oila qurib, haydovchi bo‘lib ishlardi.

Qosh qorayganda uch sinfdosh uzun-qisqa bo‘lib Eshnazar akaning uyiga kirib bordik. U kishi to‘rt qavatli uyning oxirgi qavatida ikki xonali xonadonda yashar ekan. Oilada besh jon – er-xotin, ikki o‘g‘il, bir qiz – shu torgina uyda turarkan. O‘zbekning uyi tor bo‘lsa ham ko‘ngli keng bo‘ladi. Eshnazar aka, xotini Maktab yanga uch azamatni ochiq chehra bilan kutib olishdi. Darhol dasturxon yozib, oling­lar, uzoq yo‘lda och qolgandirsizlar, deb iltifot ko‘rsatishdi. Holbuki, ular sheriklarimni tanimaydi. Chunki Asad qo‘shni Qoratepa qishlog‘idan, Jabbor esa tog‘ tagidagi uzoq Zinak qishlog‘idan. Men ularni tanishtirdim. Eshnazar aka ham, Maktab yanga ham bunga e’tibor bermadi, “Sen bilan kelgan bo‘lsa, demak, jo‘ralaring-da”, dedi beparvo...

Ertasi kuni qaydasan, ToshDU deb, shahar kezdik. U vaqtda ToshDU (hozirgi O‘zMU) hozir Toshkent davlat yuridik universiteti joylashgan tarixiy binoda ekan. So‘rab-surishtirib, Toshkent davlat universitetini topib bordik. Asad bilan men jurnalist bo‘lish niyatida edik, shu bois jurnalistika fakultetiga hujjat qabul qiladigan joyni qidirdik. Undan-bundan so‘rab bildikki, jurnalis­tika alohida fakultet emas, balki filologiya fakultetida bir bo‘lim ekan.

Qabul komissiyasiga uchradik. U yerda o‘tirgan rus ayol papkamni ochib-ochmay 286-forma qani, dedi. Mana-ku, desak, yo‘q, bu bo‘lmaydi, shu yerdan o‘tasanlar, dedi sovuq ohangda. U eshikda navbat, bu eshikda navbat. Qisqasi, bir haftalarda hujjatlarni taxladik.

Hujjat qabul qiluvchi ayol o‘z ishining rosa ustasi ekan. Hujjatlarning har birini sinchiklab ko‘rdi, bu jarayonda damba-dam yuzimga termuladi. Ayniqsa, rasmni ko‘rayotganda menga uzoq tikildi. Xullas, men hujjatlarimni topshirdim. Navbat Asadga keldi. Qabul qiluvchi uning papkasini ochib, erinmay, shoshilmay barcha hujjatlarni birma-bir, qayta-qayta ko‘rdi. So‘ng Asadga qaradi: “Attestating qani?” dedi. “Ichida” dedi Asad. Ayol kinoyali kuldi: “Nimani ichida? Ko‘z oldingda birma-bir ko‘rdim, yo‘q-ku, boshqa hamma hujjat bor, joyida, ammo attestat yo‘q. Attestatsiz hujjat qabul qilinmaydi”. Shunday deb, qog‘oz papkani Asadga tutqazdi. Asadning ko‘zlari pirpiradi, bir menga, bir qabul qiluvchiga qaraydi. “Joyni bo‘shat, boshqalarga xalaqit berma”, dedi-da, orqamizda turgan o‘zimizga o‘xshab qog‘oz papka qo‘ltiqlagan yigitni chaqirdi: “Qani, sen kel-chi...”

Ikkalamiz shalvirab ko‘chaga chiqdik. Asad ham, men ham o‘z xayolimiz bilan band edik. “Endi nima qiladi? Qayerda yo‘qotgan bo‘lishi mumkin? Yoki qishloqda qolib ketganmikin?”. Shu xayol bilan Asadga yuzlandim. “Yo‘q, olib kelganman... Kecha bir sira ko‘rib chiqqan edim hujjatlarimni, bor edi”.

Attestatni qidirib qaysi eshiklarga kirmadik. Kimlarga uchrashmadik. Sarson-sargardonlikning cheki-chegarasi yo‘q, ammo natija ham yo‘q edi. 

O‘sha damlarni Asad keyinchalik “Bo‘sag‘a” degan essesida quyidagicha tasvirlagan edi: “Taqdirni qarang: Hozirgi Amir Temur xiyobonini kezib yura-yura behisob zahmatlar evaziga erishganim attestatni arzimas parcha qog‘oz kabi tushirib qo‘yibman. O, o‘sha lahzadagi holi xarobimni ko‘ring: bo‘g‘zimga pushaymon bilan qorishiq zahru zaqqum o‘kirik tiqiladi-yu, qaniki zig‘ircha sut aylasa!”.

Oxiri attestat topilishidan umid uzdik. Asad qishloqqa qaytib ketdi. So‘raganlarga “Mamatqulning kolxoz daftarchasi bor ekan, hujjatlarini qabul qildi, menda kolxoz daftarchasi bo‘lmagani uchun qabul qilmadi”, deyishga kelishdik. Attestatni yo‘qotdim deyishga yuz chidaydimi?!

Darvoqe, Jabbor do‘stimiz qaysi institutga bordi, hujjat topshirdimi-yo‘qmi – hozir esimda yo‘q, bir narsa aniqki, u bir hafta-o‘n kunlarda qishloqqa qaytib ketdi. Keyingi yili Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirdi.

...Kuz kunlarining birida Asadni maktabga chaqirishadi. Bu haqda uning o‘zi quyidagicha hikoya qilgan edi: “Maktabga borsam direktorning xonasiga kir, de­yishdi. Kirsam direktorimiz Usmon Burxonov besh-olti o‘qituvchi bilan o‘tirgan ekan. Salom-alikdan keyin Burxonov “Attestating qani?”, dedi. Yuragim shuvillab ketdi. Bir zum nima deyishni bilmay qoldim. U kishi oldimga bir parcha qog‘ozni qo‘ydi-da, o‘qi, dedi. Ko‘zlarim jimirlab o‘qidim. Shunday so‘zlar bitilgan edi: “Samarqand oblast, Urgut rayonidagi 41-o‘rta maktab direktoriga! O‘quvchilaringizga tayinlang, hujjatlarini ehtiyot qilib yursin. Sizning o‘quvchingiz Dilmurodov Asadning attestati Tosh­DU hovlisidan topib olindi...”. U yog‘ini o‘qiy olmadim. Yuragim gup-gup urib, tomog‘imga bir narsa tiqildi, nazarimda, ko‘zim yoshlandi. Boshimni ko‘tara olmayman. Og‘ir sukunat cho‘kdi. Burxonov juda og‘ir-vazmin, mulohazali, bag‘rikeng inson edi.

– Tushunarlimi? – dedi sukunatni buzib. – Kichkina bolamassan-ku. Sen ham, Mamatqul ham oltinchi-yettinchi sinfda paytlaringdan gazetalarga maqolalar yozib yurasilar. Sizlardan umidimiz katta. – Oldimga attestatimni qo‘ydi. – Bu voqea senga bir umrlik saboq bo‘lsin. Buyog‘iga ehtiyot bo‘l. Yaxshiyam insof­li, imonli odam topib olipti... Tushundingmi? – Uning gapirishida zarracha koyish, do‘q-po‘pisa, ta’na yo‘q edi, otalarcha mehribonlik bilan, muloyim ohangda tushuntirdi. O‘sha topda yer yorilmadiki, yerga kirsam. Yana kimsan, jurnalist bo‘lar emish... Tilim kalimaga kelmaydi, bosh irg‘ayman, xolos. Boshqa o‘qituvchilarning ham birortasi bir og‘iz gapirmadi. Bir-biriga qarab, jilmayib turishardi.

Direktor xonasidan qo‘limda attestat bilan bir zambil loy bo‘lib chiqdim. Uch-to‘rt oy ilgari bitiruv attestatini qo‘lga olgan kunim bilan hozirgi kunim yer bilan osmoncha farq qilardi. Iyul oyida attes­tat olganimda qanchalar quvongan bo‘lsam hozir quvonchim undan-da ziyoda edi. Shu bilan birga uyat hissi yelkamni zilday bosardi. Uyga tomon bir-bir bosib borar ekanman, yig‘idan o‘zimni tiyolmas, ayni chog‘da otamga qanday tushuntiraman, degan xayol miyamni parmadek o‘yardi...”

Asadning mustaqil hayoti ana shunday kutilmagan sarguzashtlar bilan boshlangan edi. U keyingi yil ToshDUga o‘qishga kirdi...

Asad Dilmurodov katta hayot yo‘lini bosib o‘tdi. U tuman, viloyat, respublika gazetalari, jurnallar tahririyatida, nashriyotda, kinokompaniyada turli lavozimlarda ishladi, bir necha yil o‘z davrida respublikaning bosh nashri hisob­langan “Sovet O‘zbekistoni” gazetasining Samarqand viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri sifatida faoliyat ko‘rsatdi. O‘sha yillarda dolzarb muammolar ko‘tarilgan maqolalari e’lon qilindi. Ularning biriga rahmat eshitgan bo‘lsa, boshqasi uchun dakki yedi. Qanday holat bo‘lmasin, o‘z yo‘lidan, e’tiqodi va prinsipidan qaytmadi u.

Asad jurnalistlik faoliyati bilan yozuvchilikni baravar olib bordi. Aniqrog‘i, o‘zida yozuvchilikka moyillik kuchli ekanini sezdi va asosiy vaqtini, iste’dodini shunga bag‘ishladi. U viloyat muxbiri bo‘lib ishlab yurgan kezlarida ko‘proq tarixiy mavzularda maqolalar yozdi. Shu bois uning aksariyat hikoyalari, xususan, romanlari tarixiy mavzuda. “Afrosiyob”, “Girih”, “Mezon burji”, “Alanquva”, “Oq ajdar sayyorasi” kabi hikoya va qissalari, Mahmud Torobiy, pahlavon Muhammad haqidagi romanlari bunga yorqin misoldir.

Men Asadning badiiy asarlari, ularning yutuq va kamchiliklari, yozuvchi mahorati xususida fikr yuritmoqchi emasman. Bular haqida adabiyotshunoslar yozishgan va o‘ylaymanki, Asad Dilmurodov ijodi hali keng tadqiq qilinadi. Faqat bir narsani alohida ta’kidlashni istardim, zamonaviy o‘zbek adabiyotida Asad Dilmurodovning o‘z o‘rni, o‘z ovozi bor. Uning hikoyalari, ayniqsa, tarixiy mavzudagi qissa va romanlari adabiyotimiz xazinasidan munosib o‘rin oladi. Binobarin, Asad adabiyotga, jurnalistikaga vijdon ishi, deb qarar, yozilayotgan asar, hatto maqola ham, hajmi va janridan qat’iy nazar, o‘quvchiga nimadir berishi, uni o‘ylashga, fikrlashga undashi lozim, degan nuqtai nazar bilan yondashar edi. U o‘zini qiynab ishlardi, har bir jumla, har bir so‘zga mas’uliyat bilan qarar, lug‘at titkilashdan erinmasdi. Asadning “Fano dashtidagi qush”, “Xayol cho‘g‘lanishi”, “Rang va mehvar”, “Mahmud Torobiy”, “Pahlavon Muhammad”, “Xilvat” kabi kitoblarini o‘qigan kishi bunga amin bo‘ladi.

Ittifoq davrida Yalta, Pitsunda, Dubulta, Peredelkina, Malayevka degan joylarda yozuvchilarning ijod uylari bo‘lardi. Yozuvchilar uyushmasining “Litfond” degan tashkiloti bo‘lib, adiblarga o‘sha ijod uylariga borib dam olishi va ishlashi uchun yo‘llanma berardi (muddat 24 kun edi). Asad bilan Pitsundaga bir necha marta borgan edik. O‘shanda guvoh bo‘lganman uning ijodga naqadar mas’uliyat bilan qaraganini. Aksariyat yozuvchilar, ular ittifoqning turli respublikalaridan, shuningdek, xorijiy mamlakatlardan kelishardi, asosiy vaqtini Qora dengizda cho‘milish, sayr qilish, tennis, billiard, shaxmat o‘ynash bilan o‘tkazar, Asad esa xonaga qamalib olib ijod bilan mashg‘ul bo‘lardi.

Bir voqea esimda qolgan. Asad bilan Pitsunda ijod uyida dam olayotgan edik. Bir kuni katta oshxonada ovqatlanib o‘tirsak, oldimizga bir negr yozuvchisi rafiqasi bilan keldi-da, bizga ta’zim qila boshladi. Hamma bizga qaraydi, biz esa gap nimada ekanini tushunmay hayronmiz. Keyin qo‘lidagi qog‘ozni uzatdi. O‘qib ko‘rsak O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi pravleniyesining birinchi sekretari Sarvar Azimov uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, telegramma jo‘natgan. O‘zbekligimizni bilib qolib, rahmat aytayotgan ekan. Ijod uyidan ketgunimizcha u bizni qayerda ko‘rsa ta’zim qilib yurdi.

Shunda biz Sarvar Azimovning yuksak diplomatik mahoratiga, qamrovi keng rahbarligiga, yuzaki qaraganda arzimas gapday ko‘ringan, ammo alohida e’tibor talab qiladigan ishlar orqali O‘zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi obro‘yi va nufuzini ko‘targaniga qoyil qoldik. Chunki shu birgina misol tufayli o‘sha yerda dam olayotgan turli respublikalardan kelgan yuzlab adiblar bizni tanidi, O‘zbekis­tondan ekanimizni bildi. Va shu voqea sabab ko‘plab yozuvchilar bilan tanishib oldik. Jumladan, taniqli ozarbayjon yozuvchisi Jalol Bargushad bilan qadrdon bo‘lib qoldik. U ham tarixiy mavzuda romanlar yozgani uchun Asad bilan tez til topishdi. Jalol Bargushad ozarbayjonlarning tarixiy qahramoni Bobak haqidagi “Sug‘urilgan qilich” romanini tuhfa qildi. Keyinchalik bildikki, o‘shanda boyagi negr yozuvchisiga (afsuski, qaysi mamlakatdan kelgani, ism-familiyasi yodimdan ko‘tarilgan) faqat ittifoq Yozuvchilar uyushmasi pravleniyesining birinchi sekretari Georgiy Markov va Sarvar Azimovdan tabrik telegrammasi kelgan ekan...

Asad ukalariga, singillariga (u oilada to‘ng‘ich farzand edi) juda mehribon, ulardan yordamini ayamas edi. Ayni chog‘da ukalari ham, ayniqsa, kichik ukasi Ne’mat unga mehribon edi. Har yili Asadning tug‘ilgan kunida Toshkentga kelardi. Qaysidir yili Asad kitobi masalasi bo‘yicha Moskvada yurganida Ne’mat uning orqasidan borib, akasini tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan. Holbuki, Mos­kvadagi nashriyot xodimlari injiqlik­laridan ranjib yurgan Asadning tug‘ilgan kuni ham yodidan ko‘tarilgan, shu bois mehmonxonada xayol surib yotganida eshik shart ochilib, ukasi Ne’mat kirib kelganda tushimmi-o‘ngimmi, deb hayron qolgani rost. 

Hayot har doim birday silliq kechavermaydi. Insonning boshiga turli savdolar tushishi mumkin va bundan hech kim kafolatlanmagan. Asad ham turli sinovlarni boshidan kechirdi. Ota-onasidan ayrildi, ayniqsa, avval Ismat ukasi, bir necha yil o‘tib Ne’mat ukasi vafot etgani Asadni ko‘p qayg‘uga soldi. Boshqa tashvishlar ham bo‘ldi. O‘zi bir necha marta turli operatsiyalar stoliga yotdi. Asadning irodasi kuchli edi. Bu tashvishlarning birortasini birovga bildirmadi, hech kimga nolimadi, hech narsa bo‘lmaganday tutdi o‘zini, dardini qog‘ozga to‘kdi – ijod qildi. Odamlar orasida odatdagiday jilmayib yurdi. Shu bois uning tashvishlaridan xabar top­ganlar ham “nima bo‘ldi” deb so‘rashga jur’at etmadi.

Ha, uning kichik jussasi kerak bo‘lganda tog‘day yukni ko‘tardi. Bu borada unga sadoqatli umr yo‘ldoshi Mavjudaxon madadkor bo‘ldi.

Shu o‘rinda Mavjudaxon haqida ikki og‘iz gapirmasak insofdan bo‘lmas. Zero, har qanday ijodkorning ijodiy yutuqlarida umr yo‘ldoshining o‘rni beqiyos. Asad bilan Mavjuda ellik yil birga yashadi. Shu yarim asr davomida ular yaxshi-yomon kunlarni birga o‘tkazdi. Besh farzandni (ikki o‘g‘il, uch qiz) voyaga yetkazib, uy-joyli qildi. Keyin bir necha nevaralari, hatto evaralari to‘yini ko‘rdi. Shuning o‘zi katta baxt, albatta. Ammo ana shu baxtga erishish oson kechgani yo‘q. Avval Samarqandda, keyin Toshkentdagi sargardonlik, uy-joy muammolari, qo‘­yingki, har qanday irodasi kuchli odamni ham ezib yuboradigan turmush tashvishlarini boshqalar qatori bu oila ham boshidan o‘tkazdi. Shunday murakkab paytlarda ham Mavjuda ba’zi ayollarga o‘xshab nolimadi, aksincha, Asadga dalda berdi, zarur bo‘lganda ro‘zg‘or butligiga hissa qo‘shish choralarini ko‘rdi.

Mening nazarimda Mavjuda Asaddan ham irodaliroq ko‘rinadi. Qachon qaramang kulib turadi. Uni ko‘rgan odamning kayfiyati ko‘tariladi. 2019 yil yanvar oyida Asad avtohalokatga uchradi. U ko‘chani kesib o‘tayotganda mashina urib ketgan. Miya chayqalgan, bir necha qovurg‘a, oyoq singan. Ko‘rgani borganimizda o‘zini bilmas edi. Afsuski, shu holicha ketdi, qayta o‘nglanmadi. Bu Mavjuda uchun katta yo‘qotish edi. Bu fojiadan Mavjuda o‘ziga kelib ulgurmay uning boshiga yana bir og‘ir musibat tushdi. O‘sha yili kuzga borib katta o‘g‘li Husan olamdan o‘tdi. Farzand dog‘ini hech kimga ko‘rsatmasin. Oradan ko‘p o‘tmay Mavjudaning o‘zi shifoxonaga tushdi, operatsiya bo‘ldi. Xabar olgani borsak, kulib, hazil-huzil qilib yotipti. Yonida qizi Nilufar. 

Inson hamma narsaga ko‘nikar ekan. Turmush o‘rtog‘i va o‘g‘lidan ayrilish azobini, boz ustiga bemorlik dardini chekib yotgan Mavjuda yana bir og‘ir sinovga duch keldi. Yo Alloh, bu dardlar yetmaganday 2021 yil fevralda kichik o‘g‘li Tohir koronavirusdan vafot etdi. Ikki yil ichida Mavjuda turmush o‘rtog‘idan, ikki o‘g‘lidan ayrildi. Hech kimning boshiga solmasin bunday ko‘rgilikni! Dard bergan shifosini ham beradi deganlaridek, tashvish, sinov yuborgan Alloh solih bandalariga sabr-bardosh ham berar ekan. Tohir vafotidan keyin fotihaga borib, Mavjuda bilan suhbatlashganimda bunga amin bo‘ldim. Unga taskin-dalda beramanu o‘zim bazo‘r gapiraman, tomog‘imga nimadir tiqilganday ovozim xasta chiqadi. Sal shamollagan edim, deyman bahona qilib. Allohdan Mavjudaga sabri jamil tiladim, o‘ziga, qizlariga, kuyovlariyu kelinlariga, nevarayu evaralariga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab, duo qildik...

Asad g‘oyat kamtar, kamsuqum edi. O‘zini ko‘z-ko‘z qilishni, ijodi bilan maqtanishni xushlamasdi. Afsuski, bizning zamonamizda haqiqiy kamtarlik fazilatdan ko‘ra qusurga aylanib borayotganga o‘xshaydi.

Mening sensirab gaplashadigan yagona do‘stim Asad Dilmurodov umrining oxirigacha o‘zligini yo‘qotmadi, qaysi joyda, qanaqa lavozimda ishlamasin to‘nini o‘zgartirmadi. Maktabda o‘qib yurgan kezlarimiz u beg‘ubor, ochiq ko‘ngil bo‘lgan edi. Umri davomida shu fazilatini yo‘qotmadi. Undan yigirmadan ziyod kitoblar qoldi. Qissa va hikoyalari rus tilida Moskvada katta tirajda nashr etildi. Asarlari rus, ukrain, qozoq, tojik, turk, uyg‘ur tillariga tarjima qilingan. Lekin Asad bu haqda hech kimga maqtangani, ayrim hamkasblarimiz singari olamga jar solgani yo‘q.

O‘zi hayotda qanday sokin, vazmin bo‘lsa, asarlari ham shunday sokin, salmoqli edi. Uning hayot va ijod uslubi shunaqa edi-da.

Darvoqe, Asad Dilmurodov O‘zbekis­ton Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan edi. Shu xushxabarni eshitib qutlagani borganimizda o‘ziga xos jilmayish bilan “Bizning ishimiz yozish, u yog‘ini mutasaddilar o‘zlari bilishadi, rahmat” degan edi kamtarlik bilan.

Asadning kenja farzandi Nilufar filologiya sohasini tanladi. Yaqinda otasining ijodi bo‘yicha ilmiy ishini himoya qildi. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.

Va nihoyat, Asad iste’dodli adib bo‘lishi bilan bir qatorda g‘oyat dilkash suhbatdosh, benazir ulfat edi. Biz – uning do‘stlari Asadning suhbatiga to‘ymas edik...

Hamon uni sog‘inamiz, diltortar suhbatlarini qo‘msaymiz... 

Alloh oxiratini obod qilsin. Omin! 

Mamatqul Hazratqulov,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

(“Adolat” gazetasining 2025 yil 1 avgust, 30-sonidan olindi.)