Er yuzining sayqali yoki maqolaga sig‘magan Samarqand

Otam oddiy kolxozchi, ammo g‘ururi baland kishi edi. Qishloq va qishloqdoshlar sha’ni uchun qayg‘urishni o‘zi uchun sharafli burch, deb hisoblar va mavridi kelganda boshqalarning havasini keltirish maqsadida ozgina lof ham qo‘shib yuborardi.
Qish kunlarining birida hamqishloqlar ot-eshaklar bilan tumanning narigi tomonidagi ovulga to‘yga borishadi.
– Qishlog‘imizda maktab qurildi! – deya maqtanadi suhbatlashib o‘tirishganida mezbonlarning «og‘zi kattasi». – Endi zo‘r «kulup» quramiz...
– E-e, keyinda qopketipsilar-ku! – darrov javob qaytaradi otam. – Ancha bo‘ldi bizni qishloqqa poyezd kelganiga!
Mezbonlar tugul, hamqishloqlarimiz ham yer ostidan bir-biriga ma’noli qarab olishadi, ammo sir berishmaydi.
– Ko‘chimboy, lof ham evi bilan-da, – deydi qaytishayotganda Mustafoqul bobo. – Ko‘changizda eshakarava zo‘rg‘a yuradi-yu, poyezd deysiz-a-a?
– Molxonadagi temir izlar poyezd yo‘li bo‘lmay, nima? – bo‘sh kelmaydi otam. – Dunyo bexabarsiz-da, Mustafoqul...
Bu javobdan rohatlangan hamqishloqlar kula-kula, eshakka xala bosadilar.
Darhaqiqat, cho‘pon-cho‘liqlarga oson bo‘lsin uchun o‘sha paytda molxonadan chuqurgacha 25-30 metrcha uzunlikda temir izlar yotqizilgan edi...
O‘tgan asrning 60-yillaridagi gaplar bu. Qancha suvlar oqib ketdi undan so‘ng. Zamonlar o‘zgardi, sovetlar davri tugadi, mustaqil bo‘ldik. Ammo bundan atigi o‘n yil avval ham bu gaplarga hech kim ishonmas, tushingni suvga ayt, deb masxara qilishardi. Qalovi topilsa, xalq qalqsa, asrlarga tatigulik ishlar bo‘lishi mumkin ekan o‘n emas, ikki-uch yilda ham. Urgut temir yo‘li bunga yorqin misoldir. Yo‘l O‘zbekiston Prezidenti 2023 yil 10 oktyabrda imzolagan qarordan keyin rejalashtirildi. 2025 yilning 27 may kuni o‘tkazilgan taqdimotda esa davlatimiz rahbariga mazkur yo‘lning 7 kilometriga temir izlar yotqizilgani to‘g‘risida axborot berildi. Odamlarning ko‘z o‘ngida ertaklar chinga, afsonalar haqiqatga aylana boshladi.
54,5 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l ikki yilga yetar-yetmay tiklandi hisob.
54,5 kilometr! Ot-arava yoki mashina yo‘li emas – temir yo‘l. Yana qayerda? Mamlakatimizning Tojikiston bilan chegaradosh sarhadlarida!
Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi «MAN» zavodi yaqinidan boshlangan temir izlar 4R – 238 avtomobil yo‘lini kesib o‘tib, Zarafshon yoqalab, Jomboy, Samarqand, Toyloq tumanlari oralab, daryo ko‘prigidan hatlab, Urgutga yetdi. Yo‘l o‘tgan ovullarda bekatlar tashkil etildi, 2 ta zamonaviy vokzal, Urgut shahri va «Urgut» iqtisodiy zonasida 2 ta yuk stansiyasi, ikkita temir-beton ko‘prik barpo qilindi. Urgutning Tojikiston bilan chegaradosh «Jartepa» chegara bojxona posti yaqinida qurilayotgan bekat hademay tojikistonlik birodarlarimizga yurtimiz bo‘ylab temir yo‘l orqali sayohat qilish imkonini beradi.
Temir yo‘l ishga tushgach, uning logistik imkoniyatlari ham odamning havasini keltiradi. Birinchidan, mahsulot tashish xarajatlari arzonlashadi. Shu paytgacha mahsulotini mashinalarda olib kelib, Samarqanddan yuk poyezdlariga ortgan tadbirkorlar endi bu noqulaylikdan qutulib, mahsulotini dalaning o‘zida yoki korxona ostonasida turib vagonlarga joylayveradi. Ikkinchidan, har kuni olti ming yo‘lovchi, to‘rt ming tonnagacha yuk tashish imkoni paydo bo‘ladi. Uchinchidan, aholining uzog‘i yaqin bo‘ladi, sayyohlik darvozalari katta ochiladi.
Temir yo‘l atroflarini obod etishda tadbirkorlar ham faol ishtirok etmoqda. Birgina tadbirkor Anvar Temirovning o‘zi besh gektar maydonda go‘zal majmua qurayotir. Unda zamonaviy temir yo‘l va avtovokzal, IT park, 200 o‘rinli mehmonxona, 300 o‘rinli xususiy maktab, 200 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, oilaviy poliklinika, bir nechta ko‘p qavatli turarjoy binolari bor.
Bu Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan bir shingil, xolos. Hammasini ta’riflash uchun esa, shoirona tilda aytganda, yuzta Firdavsiy kerak. Qutlug‘ bu zaminga qadam qo‘ygan kishi, bir emas, o‘n emas, yuzlab muhtasham o‘zgarishlarning guvohi bo‘ladi: har qadamda ravon ko‘chalar, uylar, korxonalar, bog‘lar, xiyobonlar... va... va hammasidan quvonchlisi, odamlarning yuz-ko‘zlaridagi mahvash sevinchlar, shijoatlar, o‘ziga, ertasiga mustahkam ishonch, yashash ishtiyoqi, hayotga muhabbatning porloq shu’lalari...
Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda Samarqandda yuz berayotgan katta evrilishlar har qanday odamning ko‘ksini Urgut tog‘lari qadar yuksaltirib yuboradi.
Har ko‘kat o‘z suygan tuprog‘ini, har toychoq o‘zi suv ichgan bulog‘ini maqtaydi, deydilar. Men esa, samarqandlik bo‘lganim uchungina ardoqli qo‘rg‘onimga ziyoda ta’rif berayotganim yo‘q. Qolaversa, Samarqand unday maqtovlarga muhtoj ham emas. Men, esi kirganidan buyon sodir bo‘layotgan yangiliklarni baholi qudrat kuzatib kelayotganlarning biri sifatida dilimdagilarni tilga olyapman, xolos. Esimni taniy boshlaganimga esa, mana, Xudoyimga shukurlar bo‘lsinki, yetmish yildan oshdi. Sho‘ro zamoni, mustaqillik, undan keyingi yillar – hammasi ko‘p qismli kinodek tizilishib turibdi ko‘zim oldida. Bu kinoga nigoh tashlaguday bo‘lsam, birda etim uvishadi, birda munavvar quvonchlarga, muattar o‘ylarga cho‘maman. Eslaganda, et uvishadigan bolalik, muzday suv-loyga botib, tamaki ekishlar, so‘fi azon aytmay ko‘zlarni ishqalab dashtga jo‘nashlar, tuxum pishadigan yoz jaziramasida eshaklarni motashtirib somon yanchishlar, tomchilar chakillab turgan zax sinfxonalarda yirtiq choponlarga burkanib darsda o‘tirishlar... Mayli, u zamonlar olislarda qoldi, o‘tgan ishga salovat. Lekin yaqinlarda ham shunday ayanchli ko‘rinishlar bor ediki, eslasang, eting uvishib, varaja qo‘ziydi vujudingda. Masalan, yo‘l azoblari.
E’tibor qiling, Toshkent – Termiz katta trassasidan Urgut shaharchasigacha 15 kilometr yo chiqadi, yo yo‘q. Ammo Toshkentdan Samarqandgacha bir azob bo‘lsa, mana shu 15 chaqirim – o‘n emas, yuz emas, ming azob edi! Bir qarich tekis joy yo‘q, to‘rt taraf misoli shudgor, mashina tugul, traktorniyam «ichi tushib» ketardi «tuxum karobka» deyilmish o‘ydim-chuqur ko‘chadan o‘tguncha. 20-30 yil emas, 8-9 yil avvalgi ahvol bu.
Endi-chi? Endi avtoavariyalar, qoidabuzarliklar ko‘payib ketganidan, bir necha joyga yo‘lchiroq – sfetoforlar o‘rnatilib, tezlikka cheklovlar belgilandi. Yo‘l oynadek bo‘lgach, haydovchi deganning zavqi toshib, gazni bosgisi kelib ketar ekan-da!
Ha, 8-9 yil orasida necha zamonlar tizza bo‘yi chang-loyga belanib yotgan ilon o‘tmas ko‘chalar tekislandi, asfaltlandi, chiroy ochdi. Bo‘sag‘aga qadam qo‘ysang, boshing «taq» etib eshik peshtoqiga uriladigan yetim uylar o‘rnida serqavat, sersavlat imoratlar qurildi. Daydi shamol shuvoqlarni koptokday dumalatib yurgan dashtlarda 9-12 qavatli binolardan iborat yangi shahar paydo bo‘ldi. «Mahallada duv-duv gap» kinosidagi farishtachehra momolarga o‘xshash buvilarimiz baland uylar peshayvonida yelpinib o‘tirishibdi – surayyo xayollar og‘ushida hukumatga duolar aytib.
Gap Urgutdan boshlangani uchun, keling, tuman qiyofasiga doir ayrim chizgilarga nigoh tashlaylik. Bundan 15-20 yil burun bu makonda tamaki zavodidan bo‘lak sanoatga doxil tilga olgulik korxonani uchratish anqoning urug‘i edi. Uyam nomiga tamakini chala-chulpa fermentatsiya qilardi, xolos. Tugma topsang, igna, igna topsang, tugma qidirarding.
Endi-chi? Aytsam, eldan uzoq ayrim «og‘a»lar, «Eh-he, Urgut jannatga aylanib ketgan ekanu, bexabar qolibmiz-da», deya mug‘ombirona merovsirashlari mumkin. Noshukur deymizmi, xudbinmi, ishqilib, mazkur to‘daga mansublar hamisha, hamma zamonlarda bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Qolaversa, nufuzi 40 millionga yaqinlashayotgan mamlakatda ikki-uchta hasadgo‘yning uchrab turishi ham tabiiy-da. Bundan fojia yasash yoxud tashvishga tushishga hojat yo‘q. Bobolarimiz aytganlar-ku, har insonning do‘stu dushmani, har o‘lkaning gulu tikani bo‘ladi, deb. Demak, yutuqlaringdan boshi osmonga yetguvchilar qatorida alamzadalarning bo‘lishi, bog‘ingda ungan har gul ularning badaniga tikanday qadalishi ham yangilik emas. Yomon baliq suv loyqalatadi, yomon mo‘ridan achchiq tutun chiqadi, vijdonsiz kimsa esa mahalla bulog‘ini bulg‘amoqchi bo‘ladi. Ammo bilmaydiki, it vovullagani bilan tog‘ qulamaydi, bir kesak bilan daryoni loyqalatish mumkin emas.
Xullas, tuzingni yeb, tuzlug‘ingga tupurguvchilarga Xudoyimdan insof so‘rab, ularga bobolarimizning «Tikan bo‘lib oyoqqa qadalguncha, gul bo‘lib ko‘krakka sanchil» degan nasihatini eslatamizu, yana Urgutga qaytamiz.
Bittagina «Urgut» erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning o‘zi har qanday kishini hayratga soladi.
Uyog‘ini so‘rasangiz, «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi» degan gap bundan 7-8 yil avval bir odamning tushida ham yo‘q edi. Ilk bor Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan iste’molga kiritildi shukuhli bu ibora. 2017 yil 12 yanvarda davlatimiz rahbarining Urgut bo‘yicha maxsus farmoni qabul qilindi-yu, tom ma’noda yangi davr, yangi hayot boshlanib ketdi qadim zaminda. Shu o‘rinda, kimdir bilib, kimdir bilmaydigan bir raqamni eslatay: Urgut mamlakatimiz qishloq tumanlari ichida nufuzi balandligi jihatidan karvonboshi hisoblanadi – aholisi 600 mingga yaqin. 600 ming! Bu Tinch okeani janubidagi Tonga degan mamlakat aholisidan besh barobar ko‘p, deganidir. Yer maydoni esa do‘ppidaygina. Shuniyam yarmi tog‘-u, yarmi toshloq. Osonmi bunday sharoitda 600 ming jonning tirikchilik qilmog‘i? Ammo, mehnat qancha og‘ir bo‘lsa, noni shuncha shirin bo‘ladi; mehnat ham egiz-egiz, davlat ham egiz-egiz; mehnat qilsang, yasharsan, katta-katta osharsan, deyilmish sharqona hikmatlar qanchalar mukammal ekanini ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, Urgutga boring. Ishning ko‘zini topgan, mehnatda toblangan, mehnatda sinalgan, mehnat bilan toshda gul undirayotgan odamlarni ko‘rasiz, ko‘rib hayratlarga ko‘milasiz. Mehnatning tagi rohat, ekaniga imon keltirasiz. Mehnatsiz baxt kelmasligi-yu, mehnat qilgan odamlarning tog‘dek ko‘krak kerib yurishlariga dil-dildan havasingiz keladi.
Endi ayrim raqamlarga murojaat qilamiz. To‘g‘ri, raqamlar gohida zerikarli tuyuladi. Vaholanki, raqam – bu g‘arq pishgan shig‘il-shig‘il mevalari ko‘zni qamashtirguvchi mevazor bog‘. Raqamlar timsolidagi mo‘l hosil lazzati dillarni yayratadi. Prezidentimizning yuqorida nomi tilga olingan farmonidan keyin ikki-uch yil ichida «Urgut» erkin iqtisodiy zonasida qiymati 402 million dollardan ziyod 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgani, 313 million dollarlik 55 ta loyiha bo‘yicha ishlab chiqarish boshlangani, 4,5 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlangani kabi shoyon voqealar shavqini raqamlarsiz ifodalab bo‘ladimi? Yoki bu yerda tashkil etilgan korxonalar tomonidan gaz plitalaridan yengil sanoat va charm-poyabzal tovarlariga-chi, gilamlar, gigiyena vositalaridan elektr texnikasi buyumlari singari 220 turdagi mahsulotlargacha ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani-yu, faqat 2020 yilning o‘zida 1,2 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 30 million dollarlik qismi eksport qilingani-chi?
Bog‘ jamoli bog‘bondan, g‘ozlar yo‘lboshchisiz uchmaydi, deganlari shu emasmi? El og‘asi elni o‘ylaydi, elga suyanadi, elim deydi. El kuchi esa sel kuchi. Tunu kun elim, xalqim, vatanim deb kuyungan Prezident Samarqandga qilgan tashrifi chog‘ida qayta-qayta Urgutda bo‘ldi. Erkin iqtisodiy zonada bajarilayotgan ishlarni tahlil qildi, tavsiyalar berdi, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi.
Shu kunlarda umumiy yer maydoni 1559,3 gektar bo‘lgan mazkur manzilda umumiy qiymati 1540,6 million dollarlik 162 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda. Rejaga ko‘ra, 12 617 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kerak.
Loyihalarning 41 tasi yengil sanoat, 12 tasi charm-poyabzal, 22 tasi qurilish materiallari, 31 tasi oziq-ovqat, 16 tasi kimyo, 4 tasi farmatsevtika, 16 tasi elektrotexnika sanoati yo‘nalishidadir.
Hozirgacha 700 million dollarlik 84 ta loyiha ishga tushirilib, 6 618 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Yana 78 ta loyihada qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Qiymati 840,7 million dollarga teng bo‘lgan mazkur loyihalar oxiriga yetkazilganidan keyin 5934 ta yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi.
To‘g‘ri, Urgut jannatga aylanib ketgani yo‘q. Yechimini kutib turgan masalalar, yillar davomida javobsiz qolgan savollar oz emas. Ta’mirtalab ko‘chalar, maktablar, bog‘chalar, suv, gaz, elektr toki bilan bog‘liq muammolar, katta yo‘ldagi sun’iy to‘siqlar, ba’zilarning «mendan ketguncha...» qabilidagi ish yo‘sinlari. Masalan, erkin iqtisodiy zonada qurilgan ko‘pqavatli uylarning kanalizatsiya tizimidagi nosozliklar qancha odamlarning dilini xufton qildi. Hali asfalt tugul, shag‘al yotqizilmagan ichki yo‘llar ham oz emas. Ammo yuz yillar davomida so‘lib-so‘limay, quvrab-quvrolmay arosatda qolgan bog‘larning gullarga burkanayotgani, rayhonlar hidiga ko‘milib borayotgani bor gap. Bor haqiqatlarning yana biri shuki, jinday lofi bilan aytganda, Urgutda, odamning jonidan bo‘lak hamma narsa ishlab chiqarilyapti. 8-9 yil ichida erishildi shularning hammasiga. «Poyezd keldimi – keldi. Endi aeroport quriladi!» degan shov-shuvlar yuribdi Urgutda. Chunki mana bunday bir latifa ham bor-da.
Allaqaysi uzoq-yaqin zamonda to‘rt urgutlik Oyga boribdi. Mayiz-yong‘og‘ini sotib, bozor-o‘charini bitirib, aeroportga kelib, Moskvaga chipta so‘rabdi, bahona-yu sabab Maskoviniyam bir ko‘rib ketaylik, deb. Chipta yo‘q. Leningradga so‘rashibdi. Yo‘q. Kiyev, Minsk, Toshkent, xullas, sobiq sho‘ro hududidagi katta shaharlarning hech biriga chipta topilmabdi. Samarqandga bormi, deyishgan ekan, «Samarkand, o, Amir Temur!» – hayajonlanib ketibdi kassir opa. «No-no, Samarqandga samolyot uchmaydi», debdi keyin. Unday bo‘lsa, Urgutga to‘rtta bilet bering, debdi yigitlarning biri. Shunda kassir opa, Verxniy Chinargami, Nijniy Chinargami, dermish... Vaholanki, oydagi kassir opa tilga olgan Verxniy Chinar bilan Nijniy Chinar deyilguvchi manzil orasi aslida 4-5 kilometrdan oshmaydi. Shugina joyda desangiz, bir emas, ikkita aeroport bor emish-da!..
Lekin ko‘rasiz, hademay bu latifayam haqiqatga aylanadi!
Gap aeroportga yetgani bois, Samarqandning havo darvozasi – Samarqand aeroportining qayta tug‘ilishi haqida gapirmaslik mumkin emas. 1967 yilda qurilgan aeroport zamonadan juda orqada qolib ketgani ayon haqiqat edi.
Davlatimiz rahbari 2019 yilgi tashrifi chog‘ida bu manzilni tamomila boshqatdan qurish haqida ko‘rsatma berdi.
Yangi aeroport alloma bobomiz Mirzo Ulug‘bekning «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» kitobi shaklida barpo etildi. Binoning balandligi 25, eni 175 metr. U zamonaviy terminal, uchish-qo‘nish yo‘lagi, turargoh va boshqa ob’yektlarga ega.
Avvallari kuniga 400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan aeroport endilikda 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Aeroportda kargo xizmatlari yo‘lga qo‘yilib, turli kattalikdagi samolyotlar uchun 24 ta turargoh ham barpo etilgan.
Mazkur aeroport 2024 yilning o‘zida 1,38 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi, bu 2023 yildagi ko‘rsatkichdan 37 foiz ko‘pdir.
Bugun Samarqand zaminining hamma qishlog‘u kentlarida bir-biridan obod manzillar ko‘paygandan-ko‘payib bormoqda. Suluv manzaralarni ko‘rmoq uchun Zarafshon daryosining Ravotxo‘ja ko‘prigi orqali Urgutdan shundoq Bulung‘ur yoki Jomboyga o‘tib, atrofga bir tavajjuh etmoq kifoya. Jomboy zavodidan chiqayotgan avtomobillar, Bulung‘ur tumanida yetishtirilayotgan meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash yo‘lga qo‘yilgani yoki Samarqand tumanining «Qorasuv» massivida yangi shaharcha paydo bo‘lgani kimni sevintirmaydi, deysiz. Yangi shaharchaning birinchi g‘ishti 2018 yili qo‘yildi. Tumanning 50 gektar yer maydoni Samarqand shahriga o‘tkazilib, ko‘p qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha ob’yektlari bunyod etish rejasi tuzildi. Va hademay bu yerda 184 ta 7, 12, 14, 15, 16 qavatli va 2 ta 25 qavatli uy qad rostladi.
Mazkur turarjoylarning fasadi uch qavatli qoplamadan iborat bo‘lib, bu xonadonlarning qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini ta’minlaydi.
Massivda 2340 o‘rinli 2 ta maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. 1600 o‘rinli yana bitta maktab yaqinda ishga tushadi. 800 o‘rinli 22 ta oilaviy bog‘cha, 450 o‘rinli 2 ta davlat bog‘chasi, 1 ta oilaviy poliklinika, 1 ta tug‘uruqxona, 2 ta xususiy klinika, 2 ta bank shoxobchasi, 1 ta futbol akademiyasi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Yana 1500 o‘rinli 5 ta bog‘cha, 32 gektar maydonda istirohat bog‘i, 6 ta sog‘lomlashtirish markazi, 2 ta o‘yingoh, 14 ta ko‘ngilochar maskan quriladi.
Keyingi yillarda dunyoga kelgan shohona qo‘rg‘onlarning yana biri «Shirin» massividir. Bu manzilning muallifi ham hurmatli Prezidentimiz bo‘ldi, deyishadi shirinliklar.
Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 6 iyun kuni Samarqandga tashrifi paytida Zarafshon daryosi bo‘yida quriladigan «Shirin» massivining master reja taqdimoti bilan tanishdi va shu kundan e’tiboran obodlik ishlari qizib ketdi bu manzilda ham.
Qo‘rg‘onda 60 000 xonadonli 254 ta uy-joy, 15 ta maktab, 17 ta bog‘cha, 5 ta tibbiyot muassasasi, 5 ta mehmonxona tashkil etilmoqda.
Shuningdek, 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazi, 36-52 qavatli imoratlar ko‘kka bo‘y cho‘zadi.
Yana bir manzil uzoq yillar e’tibordan chetda qolgan Ko‘ksaroy tarixiy shaharchasi edi. Bugun tanib bo‘lmas darajada chiroy ochib borayotgan shaharchada 50 dan ortiq uylar, 16 ta multifunksional binolar, sohil bo‘yida 30 ming o‘rinli 2 ta masjid, vertikal zoopark, akvapark, savdo markazi, eko-park, ochiq va yopiq suv havzalari, sport majmuasi, yoshlar markazi, Mirzo Ulug‘bek ilmiy markazi, universitet, monorels, ya’ni, yerusti metrosi bunyod etilayotir.
Bor-yo‘g‘i uch yilda qad rostlagan «Boqiy shahar» esa qadim Registon yoxud Amir Temur majmualari kabi tarix sahifalarini mangu bezab turgusidir. Boqib to‘ymaysiz, boqib yayraysiz, ta’zimlar qilgingiz keladi bunday mahobatli majmua yaratuvchisi bo‘lgan iste’dod sohibi-yu, qo‘li gul bunyodkorlarga.
Qiyosi yo‘q bu majmua ijodkori ham davlatimiz rahbari ekani barchaga ma’lum. 2019 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand tumaniga qarashli eshkak eshish kanali bo‘yidagi 212 gektar maydonda majmua qurishga kirishildi. Avvalo, tajribali me’mor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa jalb etilib, puxta loyiha ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu yerga bir necha marta kelib, qurilishni milliy me’morchilik an’analari va odamlarga qulaylik jihatidan takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bunyodkorlik ishlarida malakali quruvchilarimiz bilan birga Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning yetuk mutaxassislari ham ishtirok etdilar.
Pandemiya davridagi qiyinchiliklarga qaramay, qisqa vaqtda qurib bitkazilgan majmuaning har qarichida olis tarix, «Buyuk Ipak yo‘li» va turli davrlarga oid tarixiy manzaralar aks ettirilgan. Bezaklarda qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan Sug‘d davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakat elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan. Majmuaning qadimiy bozor qismida mamlakatimizning barcha hududlariga xos 40 ta hunarmandchilik ustaxonasi qurilgan. Bu ustaxonalarga kelgan sayyohlar butun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilgandek bo‘ladi. Yog‘och o‘ymakorlik ustalari, kulollar, zargarlar, gilam to‘quvchilarning ish jarayonlarini ko‘rib hayratga tushadi.
Markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress xoll, «Boqiy shahar», amfiteatr va yana ko‘plab boshqa inshootlar mavjud. U yiliga 2 million turistga xizmat ko‘rsatishi mumkin.
Majmuadagi zamonaviy mehmonxonalar va Kongress xoll allaqachon yirik anjumanlar o‘tkaziladigan manzilga aylandi. 2022 yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi o‘tkazildi.
2023 yilda Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi sammiti, YeTTB boshqaruvchilarining yillik yig‘ilishiga ham Samarqand mezbonlik qildi. Bundan tashqari, BMT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar forum va anjumanlari ushbu majmuada o‘tkazildi.
2025 yilda YuNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasi ilk bor Parijdan tashqarida – Samarqandda o‘tkaziladi.
Samarqand! Yer yuzining sayqali bo‘lgan avliyo shahar.
Antik mualliflar asarida Marokanda, Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Koshg‘ariy kitoblarida «Semizkent» deyilgan bu qadim shahar o‘tmishda ne-ne voqealarni boshidan o‘tkazmagan, deysiz. Miloddan avvalgi IV asrda Sug‘d davlatining, keyin somoniylar davlatining, undan so‘ng Amir Temur, shayboniylar, 1925-1930 yillarda O‘zbekistonimizning poytaxti bo‘lgan shahri azim. Iskandar Maqdunli, Qutayba ibn Muslim, Chingizxon tomonidan istilo qilingan, so‘ngra bir yarim asr davomida chor Rossiyasi va sho‘rolar bosqini...
Necha bor yakson bo‘lib, necha bor tiklangan qahramon shahar, qaddi tog‘ shahar, mo‘’tabar shahar – bugun aholisi 4,5 millionga yetay deb qolgan yirik viloyatning ma’muriy markazi. 14 ta tuman, 2 ta shahar, 1901 ta qishloq, 1126 ta mahalla, 88 ta shaharcha mavjud uning keng quchog‘ida.
Tarixiy manbashunoslar Samarqandni miloddan avvalgi VI asrda tashkil topgan desalar, moziyshunoslar uni Vavilon, Fiva, Afina, Rim kabi ulug‘ shaharlar bilan tengdosh, deydilar.
Sohibqiron Amir Temur 1370 yili Samarqandni o‘z saltanatining poytaxti qilib tanlaganda, mo‘g‘ullar talonidan keyingi aftodahol kentni qayta tiklashdan ko‘ra, yangi shahar bunyod etishni ma’qul topadi va Afrosiyob xarobalarining janubiy tomonida yangi shahar barpo etadi.
Samarqandda birin-ketin bir-biridan go‘zal, betakror obidalar – jome masjidlari, Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy, Amir Temur, Shohizinda kabi maqbaralar bunyod etiladi, shahar atrofida bahavo, xushmanzara 12 ta bog‘-saroy barpo qilinadi.
Garchand 2007 yilda Samarqandning 2750 yilligi keng nishonlangan bo‘lsa-da, shaharning chin tarixi bu emasligi ko‘pchilikka ma’lum edi. Shu bois tarixni o‘rganish davom etdi va yaqinda Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov, O‘zbekiston – Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasi a’zolari M.Isomiddinov, Klod Rapen hamda M.Hasanov tomonidan aniqlangan yangi ma’lumotlar e’lon qilindi. Olimlar Ko‘ktepa va Afrosiyobda topilgan materiallarni qayta tahlil qilish orqali bundan uch ming yillar oldin ham bu yerda yirik shahar bo‘lganini aniqladilar. O‘rganishlar o‘sha paytlari bu manzil shahar hokimining qarorgohi, ibodatxona va boshqa ko‘plab mahobatli inshootlarni o‘z ichiga olgan yirik shahar bo‘lganini tasdiqladi. Bu holat «Avesto»da tilga olingan «Gava Sug‘uda» va «Sug‘d» tushunchalari bilan uyg‘unlashib ketadiki, buyam hozircha hammasi emas. 2001 yili YuNESKOning Butunjahon merosi ob’yektlari ro‘yxatiga «Samarqand – madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan kiritilib, muhofazaga olingan. Qadim kentning o‘tmishiga oid ochilmagan sirlar qanchaligi hozircha yolg‘iz Yaratganning o‘ziga ayon...
Yer yuzining sayqali – Samarqand uzoq tarixi, go‘zal ko‘rku tarovati barobarida ajib an’analarni o‘z bag‘rida avaylab-asrayotgani bilan ham hurmatga sazovor. Misol uchun, tramvay ham bugun mamlakatimizning faqatgina mana shu kentida mavjud. Tramvay yo‘li davlat rahbarining 2017 yilda Samarqandga qilgan tashrifidan so‘ng amalga oshirildi. O‘sha yili shaharning «Temiryo‘l vokzali – Sartepa massivi» yo‘nalishida tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Ko‘p o‘tmay «Temiryo‘l vokzali – Siyob dehqon bozori» orasida 2-yo‘nalish ochildi. Kelgusida shahar markazidan Kimyogarlar qo‘rg‘onigacha tramvaylar qatnaydigan bo‘ladi.
Ayni paytda shaharda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki loyihasi asosida olingan 100 ta elektrobus aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. 2025-2026 yillarda yana 250 ta shunday transport vositasi keltiriladi va shahar to‘liq ekologik toza jamoat transportiga ega bo‘ladi.
2022 yili shaharning Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida tunnel qurilishi katta-yu kichik hammaning dunyo-dunyo quvonchiga sabab bo‘ldi. Chunki Bo‘stonsaroy ko‘chasining Siyob kanali ustidan o‘tgan qismi ancha past bo‘lib, yog‘ingarchilik paytida transport va piyodalar uchun noqulaylik tug‘dirardi. Shu bois yo‘l 23 metrgacha ko‘tarilib, eni 31 metr kengaytirildi. Yo‘lning ikki chetiga himoya vositasi, shovqin kamaytiruvchi to‘siqlar o‘rnatildi. Piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etildi.
2024 yilda Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasining 300 million dollarlik kredit mablag‘i hisobidan Amir Temur va Gagarin ko‘chalarida 10 kilometrdan ortiq yo‘l rekonstruksiya qilinib kengaytirildi, piyodalar yo‘laklari qurildi.
Gagarin va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida umumiy uzunligi 440 metr, inshoot uzunligi 44 metr bo‘lgan tunnel qurildi.
Ayni paytda Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida yana bir tunnel qurilishi davom etmoqda.
Ha, shoirona tashbeh bilan ifodalasak, bugun Samarqandda «chappar urib gullagan bog‘lar» kun sayin, soat sayin ko‘payib bormoqda.
Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy majmuasining tamomila yangidan bunyod etilayotgani, bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabining tashkil etilgani, maqbara maydoni 600 kvadrat metr, balandligi 28 metr etib kengaytirilgani, 10 ming kishiga mo‘ljallangan masjid bunyod etilgani, majmuaning to‘rt burchagidagi 75 metrlik minoralar unga ilohiy ulug‘vorlik bag‘ishlab turgani kimni quvontirmaydi, deysiz.
«Yaqinda Madina shahrida bo‘lganimizda payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyini ko‘rdik. Bu yerda ham shunga o‘xshash muzey tashkil etsak, yaxshi bo‘lar edi. Unda Imom Buxoriy bobomizning hayoti, ilm yo‘li, o‘sha davr tarixi axborot texnologiyalari orqali ko‘rsatiladi. Bular yoshlar, chet ellik sayyohlarning yaqqol tasavvurida qoladi. Muzey xalqimizga yana bir ma’naviy xazina bo‘ladi», degan edi davlatimiz rahbari.
Imom Buxoriy majmuasi chin ma’noda buyuk ma’naviyatimizning muazzam ustunlaridan biriga aylanib borayotir.
Bundan tashqari, Hazrati Xizr majmuasida qurilgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasi, Universitet xiyobonidagi Konfutsiy maydoni, shahar ko‘chalarini obod qilib turgan ko‘priklar, tunnellar, mehmonxonalar, biznes markazlari, tumanlarda Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Germaniya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan qo‘shma korxonalar...
Samarqand jamolini mufassal idrok etmoq uchun, yana ayrim raqamlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Diqqat qiling, o‘tgan yili viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 99,9 trillion so‘mga yetdi va avvalgi yilga nisbatan 6,9 foizga o‘sib, 52,9 trillion so‘mga ko‘paydi. Aholi jon boshiga hisoblaganda, bu ko‘rsatkich 1,9 million so‘mga oshdi.
Sanoat mahsulotlari hajmi 7,6, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 2,7, xizmatlar hajmi 14,1, qurilish-pudrat ishlari 11,7 foiz o‘sdi.
Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari hajmi 2023 yilda 7,7 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 10,8 million so‘mga yetdi.
Shuningdek, 25,2 mingta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etildi. 350,4 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Ishsizlik 6,6 foizdan 5,4 foizga kamaydi.
O‘tgan yili 264 ming fuqaro mehnat migratsiyasidan Samarqandga – aziz xonadoniga qaytib keldi.
373,8 kilometr umumfoydalanuvdagi, 2343,1 kilometr ichki, jami 2716,9 kilometr avtomobil yo‘llari ta’mirlandi.
Bular – 2024 yilga mansub raqamlardan parchalar. Raqamlar esa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Yuzlab, minglab mehnatkash odamlarning peshona teri, qalb qo‘ri bor ularning jismi-jonida. Hatto, millatning, mamlakatning quvva-yu hofizasini – buguni-yu ertasini raqamlarsiz tasavvur qilish qiyin. O‘ylab-o‘ylab jo‘yak olsang, o‘ynab-o‘ynab sug‘orasan, ot minsang, olisni ko‘zla, deyishadi shuning uchun ham mashoyixlar. Viloyat mehnatkashlarining bu yilgi marralari, ayniqsa, baland. Ular yalpi hududiy mahsulot hajmini 112,8 trillion so‘mga, aholi jon boshiga esa 25,9 million so‘mga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 52,7 trillion so‘mga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 61,6 trillion so‘mga, bozor xizmatlarini 66,7 trillion so‘mga, qurilish-pudrat ishlarini 16,6 trillion so‘mga ko‘paytirishga bel bog‘laganlar.
Yil oxirigacha ishsizlik darajasi 4,8 foizga kamayishi, «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida kambag‘allik darajasini 3,5 foizga tushirish ko‘zda tutilgan.
Ajabo, maqola hajmi kattagina bo‘lib ketibdi-yu, viloyatda amalga oshirilayotgan katta ishlarning birontasi haqida yolchitib yozolmagandayman, hammasi qolib ketayotganday.
Vaholanki, faqat Nurobod tumanida boshlangan yumushlarning o‘zi har qanday odamning aqlini shoshiradi. 115 gektar maydonda 472 million dollarlik maxsus sanoat zonasi tashkil etilishini bir tasavvur qilib ko‘ring? Mazkur investitsiya loyihasi amalga oshgach, 1200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yoki Qo‘shrabot tumanida xitoylik investorning 40 million dollarlik sarmoyasi hisobidan granit toshi qazib olinib, qayta ishlanishi, bulung‘urlik tadbirkor «in vitro» laboratoriya tashkil etib, kartoshka urug‘i bo‘yicha brend yaratishga kirishgani va shu tumanda 100 million dollarlik biofarmatsevtika korxonasi bunyod etish harakati boshlanib ketgani kabilar hazilakam ishlar emas-da, axir!
Kattaqo‘rg‘onda, Narpayda, Paxtachida, Payariqda, Nurobodda qilinayotgan ishlarning ham birontasini tilga ololmadim. Sig‘madi. Sig‘mas ekan bitta maqolaga. Kichkina irmoqqa sig‘dirib bo‘lmas ekan azim daryoni.
Hali ko‘plab maqolalar yoziladi, kitoblar bitiladi, kinolar yaratiladi bu daryoi azim Yer yuzining sayqali – Samarqand va samarqandliklar haqida.
Quyidagi misralar yozilajak asarlarning ibtidosi bo‘lsa ne ajab:
Qadimdan Yer yuzining sayqalidir, Samarqand,
Ulug‘ Turkning muhtasham haykalidir, Samarqand.
Vavilon, Afina, Rumoga teng, deydilar,
Bu shohona kentlarning sarvaridir, Samarqand.
Muqanna, Sarbadorlar shiddati bor shonida,
Temurbek saltanatin afsaridir, Samarqand.
Iskandar, Qutayba-yu Chingizdan sho‘rogacha,
Alplarimning qasoskor xanjaridir, Samarqand.
Hurriyat quyoshida nurli cho‘g‘landi yana,
Bugun Evrilishlarning mehvaridir, Samarqand.
Hazrat Sohibqirondek bordir aziz siymosi,
Aziz siymo qalbining javharidir, Samarqand.
Rom etgaydir kunma-kun yulduz nihon samoni,
Illo, Yeru samoning gavharidir, Samarqand:
Qadimdan Yer yuzining sayqalidir, Samarqand…
Abdusaid KO‘ChIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat
ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi