Deputatlar qachon faol bo‘ladi?
Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyaga Samarqand viloyati bo‘yicha yordam beruvchi ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘ldi. Uni komissiya a’zosi, senator F.Toshev boshqardi.
Yig‘ilishda xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarini pandemiya sharoitida samarali tashkil etish, doimiy komissiyalar va deputatlar faolligini oshirish bo‘yicha fikr yuritildi.
Ishchi guruhi a’zolari dastlab doimiy komissiyalarning yil oxirigacha sessiyalarni tayyorlash jadvalini ishlab chiqdilar. Kengash ish rejasiga ko‘ra navbatdagi sessiya muhokamasi uchun masala aniqlandi va uni o‘rganuvchi ishchi guruhi shakllantirildi.
Yig‘ilish qatnashchilari deputatlik so‘rovlari monitoringini avval doimiy komissiyalarda, keyin sessiyada ko‘rib chiqish, deputatlik so‘rovlariga o‘z vaqtida yoki umuman javob bermayotgan idora rahbarlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladilar.
Viloyat hokimligi mas’ul xodimi B.Rahmatullayev Senatning istisno tariqasida xalq deputatlari viloyat Kengashida ishchi devon tuzish yuzasidan tavsiyasini o‘qib eshittirdi. Deputatlar muhokamadan so‘ng ushbu masalani navbatdagi sessiyaga kiritishga kelishib oldilar.
Yig‘ilishda haftaning dushanba kuni doimiy komissiya raislari uchun Senatorlar xonasida maslahat o‘tkazishga qaror qilindi. Shuningdek, har bir deputatga ijtimoiy tarmoqda saylovchilar uchun sahifa ochish taklifi bildirildi.