Deputatlik so‘rovi kiritilgan, lekin javob yo‘q

1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?

Men viloyat Kengashi deputatligiga saylangan okrugda “Xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar dasturi” asosida og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan 10 nafar xotin-qiz yil oxirigacha yangi uy-joylariga ko‘chib o‘tadi.

Oqdaryo tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan dasturi doirasida 476,6 milliard so‘mlik 60 ta loyiha bo‘yicha 1016 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan. Bugungi kungacha 17 ta loyiha ishga tushirilib, 155 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mazkur loyihalar doirasida 18,7 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.

Dastur doirasida baliqchilik yo‘nalishida «Una stroy» mas’uliyati cheklangan jamiyati, qo‘ychilik va echkichilik yo‘nalishida, «Tepa so‘g‘onchi» fermer xo‘jaligi ish boshladi. «Hazrat bobo» hamda «SAM AKMAL GOLD» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash uchun sovutkichli sig‘imlar tashkil qilindi. «Nyu Pak» mas’uliyati cheklangan jamiyatida, energetik ichimlik hamda meva sharbatlari, «Oqdaryo shirin non» xususiy korxonasida non va non mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, okrug hududidagi «O‘zbekiston» mahallasi parrandachilikka, «Oytamg‘ali» mahallasi kichik issiqxonalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirilmoqda.

2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?

Karantin davrida qishloq yoshlarini ish bilan ta’minlash maqsadida tadbirkorlar bilan o‘nga yaqin uchrashuvlar uyushtirdim. Muloqotlar chog‘ida 25 dan ortiq muammolar ko‘tarildi. Ulardan 7 tasi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi, 2 ta masala joyida hal etildi.

Okrugda 556 ehtiyojmand oilaga “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati hamda homiylar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Shuningdek, 11 oilaga 1 million so‘mdan subsidiya ajratilib, 487 ta kam ta’minlangan oilaning 473 nafar a’zolari mavsumiy va 14 nafari doimiy ishga joylashtirildi.

Avazali qishlog‘ida iqtisodiy qiyin sharoitda yashayotgan A.Eshnazarov oilasiga homiylar tomonidan bir bosh qoramol berilishini tashkil qildim. Shuningdek, okrug hududidagi 12 oilaga g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin ekishi uchun ko‘chat va urug‘lik olishlarida yordamlashdim.

3.Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.

Yangiravot mahallasida saylovchilar bilan uchrashuvda, mazkur hududda bolalar bog‘chasi qurish, Amir Temur mahallasida novvoyxona uchun, shu mahallada yashovchi I guruh nogironi M.Boltayevga poyabzal do‘koni uchun yer ajratish, shuningdek, umumta’lim maktablarining ta’mirtalab ekanligi, ayrimlarida esa hatto sport zali ham yo‘qligi haqida murojaatlar bo‘lgan edi. Mazkur masalalar yuzasidan Oqdaryo tumani hokimligiga va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga deputatlik so‘rovi kiritgan edim. Ammo oradan 4 oy o‘tgan bo‘lsa-da, haligacha ulardan javob olganim yo‘q.

Gulzoda NEGMATOVA,

11- Yangiqo‘rg‘on saylov okrugidan Samarqand viloyat Kengashi deputati.