“Devor”ni zabt etgan “tikan”

Daraxt ham, tikan ham urug‘dan paydo bo‘ladi. Daraxt odamlarga qanchalik foydali bo‘lsa, tikan shuncha zararli. Chunki, ana shu kichkina tikan kimningdir tovoniga, kimningdir qo‘liga sanchilishi oqibatida azob beradi.

Endi har birimiz o‘zimizga savol beraylik: biz ishlayotgan jamoada, yashayotgan oilada, jamiyatda tikan emasmizmi? O‘sha tikan singari yonimizdagilarni yashashiga, ishlashiga, rivojlanishiga to‘siq bo‘lmayapmizmi? Bu haqda o‘ylab ko‘rganmisiz?

Keling, mulohaza yuritib ko‘raylik. Ushbu holatlar yuzaga kelishiga qanday omillar bor? Yosh avlod korrupsiyaga qanday munosabatda bo‘lmoqda?

To‘g‘ri, siz bunga aksar hollarda iqtisodiy muammoni yoki talabalar bilimining yetarli darajada emasligini sabab qilib ko‘rsatishingiz mumkin. Lekin shuni unutmaylikki, rizq, avvalo, Allohdan berilgan. Uni halol qilib olish esa o‘zimizga bog‘liq. Shunday ekan, bu sabablarni to‘laqonli deb bo‘lmaydi.

Endi yoshlar masalasiga to‘xtalib o‘tsak. Ular qiyinchiliklarga qarshi turishdan ko‘ra uni osongina chetlab o‘tishni afzal biladi. Buni o‘rgatganlar esa, albatta, biz kattalar hisoblanamiz. Chunki ko‘pchilik muammolarni o‘zimiz chiqaramiz: uning iste’dodiga qaramasdan tazyiqlar, bosimlar evaziga baholaymiz. Go‘yoki, bizlarning fikrimizni o‘qimayotgani uchun uni ayblaymiz. Bola oqibatda hamma narsani narxlashga o‘tadi. Masala o‘z-o‘zidan ko‘payib boradi. Biz aslida yoshlarning har bir fikrini tinglab, ularga motivatsiya berishimiz va ularning muammolarini hal qilish uchun hech qanday pul sarflashi emas, balki maqsad sari intilishlari kerakligini ongiga singdirishimiz zarur.

Shu o‘rinda fikrimga bevosita aloqador bo‘lgan bir tarixiy jarayonni keltirib o‘tmoqchiman. Qadimgi xitoyliklar tinch-omonlikda yashashni istaganlar va “Xitoy devori”ni barpo etganlar.

– “Bu devor mustahkam, baland va ishonchli himoya vositasi, hech kim bostirib kela olmaydi, bizga hujum qila olmaydi, oshib ham kira olmaydi”, - deya e’tiqod qilganlar. Lekin “Devor” barpo etilgandan keyin xitoyliklar yuz yildayoq uch bora raqiblar hujumiga duch keldilar. Quruqlik orqali kelgan dushmanlarning hech biri bu “devor”ni ag‘darib yoki yoqib yubormadi, oshib kirishmadi. Balki, har safar “devor” qo‘riqchilariga pora berib, eshikdan kirib kelaverganlar.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, xitoyliklar “Buyuk devor” barpo etish bilan mashg‘ul bo‘ladilar-u ammo ishonchli, fidoyi va halol qo‘riqchi inson tarbiyalashga e’tibor qaratmaydilar.

“Himoyangiz qanchalar mustahkam bo‘lmasin, siz suyangan atrofingizdagi kishilar ishonchli, sodiq va halol bo‘lmasa, himoya qo‘rg‘oningizdan naf yo‘qdir”, deyilgan gapda qanchalar haqiqat borligi isbotini ko‘rib turibmiz.

Mamlakatni jar yoqasiga yetaklovchi bunday ko‘rinmas illatlarga qarshi kurashish uchun yurtimiz taqdirini har qanday mustahkam devorlardan ortiq himoya qiluvchi, mard, jasur va dono farzandlarni tarbiyalash lozim. Buning uchun, avvalo, yoshlarimizni e’tiqodini to‘g‘ri yo‘lda mustahkamlash zarur. Chunki, e’tiqodi mustahkam inson egallagan ilmida, axloqida, amalida sobit bo‘ladi.

Tikan yoki daraxt bo‘lish esa o‘zimizning ixtiyorimizda. Bu tanlov hayotimizdagi juda ko‘p narsalarni ijobiy yoki salbiy tomonga o‘zgartirib yuboradi. Tanlovda adashmang!

 Orif Hayitov,

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti prorektori.