"Dinamo" serbiyalik murabbiylar bilan shartnomani bekor qildi va jamoaga yangi murabbiy tayinlandi
Bu haqda klub axborot xizmati xabar berdi.
Bugun, 20 may kuni «Dinamo» PFK qarorgohida klub rahbariyati hamda jamoa ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan.
Unda jamoaning so‘nggi turlarda qayd etgan qoniqarsiz natijalari atroflicha muhokama qilinib, klub bosh murabbiyi Predrag Rogan bilan do‘stona xayrlashilgani ma’lum qilindi.
Serbiyalik mutaxassis bilan birga uning yordamchisi Ivan Yevich bilan ham shartnoma bekor qilindi.
Shuningdek, klub rahbariyati qaroriga ko‘ra, «Dinamo» jamoasi bosh murabbiyi etib shu paytga qadar klub sport direktori lavozimida faoliyat yuritgan Andrey Shipilov tayinlandi. Andrey Sergeyevich «Paxtakor» murabbiylar shtabi va «Metallurg» klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan.
Ma’lumot o‘rnida: "Dinamo" joriy mavsum Superligada 9 o‘yin o‘tkazib, 5 tasida mag‘lub bo‘ldi, 3 tasida durang o‘ynadi, bir o‘yinda g‘alaba qilib, turnir jadvalida oxirgi - 14-o‘rinda boryapti.
Jamoa 23 may kuni 10-turda o‘o‘ maydonida AGMK jamoasini qabul qiladi.