Direktor va “zavuch” nazorat darsiga kiradimi?
Bugun o‘qituvchiga berilayotgan rag‘bat, imtiyoz va imkoniyatlar unga qo‘yilayotgan talab va mas’uliyatni ham kuchaytiradi. Maktablarda ta’lim sifatini oshirish uchun, avvalo, o‘qituvchilarning bilimi, dars o‘tish mahorati, tajriba va ko‘nikmasini rivojlantirish kerak. O‘qituvchi o‘z ustida ishlashi, doimiy mahoratini oshirishga intilishi uchun darslarni direktor va “zavuch” (o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari) nazorat qilib boradi.
- Direktor va uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari haftada 4 soat darslarni kuzatadi, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rus tili metodisti Hilola Sharipova. – Ular o‘qituvchining bilimidan tortib, darsning tarbiyaviy ahamiyatigacha e’tibor beradi. So‘ngra tahlil daftariga qayd etadi.
Xo‘sh, haqiqatan ham maktabda direktor va “zavuch” nazorat darslariga kiradimi? Darslarni tahlil qiladimi?
- Haftasiga 4 soat nazorat darslariga kirishim kerak, ammo ba’zida bir kunda 3 soat nazorat darslariga kiraman, - dedi Nurobod tumanidagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Ziroat Sadinova. – Biroq ochiq darslarga deyarli kirmayman, sababi, bunday darslarga hamma tayyorlangan bo‘ladi.
Maktab direktorining javobidan qoniqish hosil qilib, undan tahlil daftarini so‘radik. Biroq Z.Sadinova tahlil daftarini ko‘rsata olmadi. Uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari L.Eshmirzayeva tahlil daftarini ko‘chirish uchun uyiga olib ketgani va yodidan ko‘tarilib qoldirganini aytdi.
Aslida tahlil daftari ko‘chirilmaydi, har bir rahbar qatnashgan darsini o‘zi tahlil qilishi lozim. Xullas, biz bu maktabda tahlil daftari borligiga ishonmadik.
Shunga o‘xshash holat Nurobod tumanidagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham ro‘y berdi. Maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sanjar Suyunov avvaliga nazorat darslariga kirishini aytdi. So‘ngra tahlil daftari yo‘qligini tan oldi.
Shu o‘rinda o‘qituvchilardan ham “Direktor va “zavuch” nazorat darslariga kiradimi?” deb so‘radik. “Nazorat darsi nima u? Ochiq darsni aytyapsizmi?” degan o‘qituvchilar ham bo‘ldi. Demak, ayrim maktab rahbarlari faqat ochiq darslarga kiradi, biroq darslarni nazorat qilmaydi. Aks holda o‘qituvchilar nazorat darsi haqida tushunchaga ega bo‘lardi.
Shuni afsus bilan qayd etish kerakki, bugun ta’lim sifatining pasayib ketishi maktablarda nazoratning yo‘qligi, rahbarlarning o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotganidandir. Agar direktor va uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari har kuni 1 soat darsni nazorat qilib borsa hamda pedagogik kengash yig‘ilishlarida tahlil qilsa, o‘qituvchi o‘z ishiga mas’uliyat bilan qaraydi, darsni shunchaki o‘tmaydi.
Darsni nazorat qilishning eng samarali usuli, bizningcha, sinflarda ovozli kuzatuv kameralari o‘rnatish. Direktor ham, o‘rinbosari ham va hatto tuman xalq ta’limi bo‘limi uslubchilari ham bu tizim orqali o‘qituvchi darsiga, faoliyatiga baho berishi mumkin. Bunday yondashuv bugun o‘z samarasini berayotgani ham yaxshi ma’lum. Bu bilan barcha maktab rahbarlarini o‘z ishiga sovuqqon demoqchi emasmiz. Ularning orasida o‘z kasbini yaxshi ko‘radigan, vazifasini puxta uddalaydiganlari ham bor, albatta.
- O‘qituvchilarning bilimini baholash uchun nazorat darslariga kirib turaman, - deydi Urgut tumani 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nargiza Mamatkarimova. – Bizda bilimli, tajribali o‘qituvchilar talaygina. Biroq, o‘qituvchilarning hammasi ham sifatli dars bera oladi, deb aytolmayman. Ayniqsa, yosh pedagoglarda darsni o‘quvchiga yetkazib berish mahorati yetishmaydi. Ularni ustoz-shogird an’anasiga muvofiq tajribali o‘qituvchilarga biriktiramiz. Maktabimizda yosh o‘qituvchilar katta tajribaga ega o‘qituvchilardan mahorat sirlarini o‘rganadi.
Aslida ham bir kasbning mohir ustasi bo‘lish uchun birgina bilimning o‘zi kamlik qiladi. Ayniqsa, o‘qituvchi o‘zidagi bilimni o‘quvchiga yetkazib berish mahoratini ham egallagan bo‘lishi kerak. Agar maktab rahbarlari darslarni vaqtida nazorat qilib borsa, ular qaysi o‘qituvchi qanday dars o‘tishini yaxshi biladi va shunga qarab chora ko‘radi. O‘qituvchilar ham o‘z ustida astoydil ishlaydi, mahoratini oshirishga harakat qiladi.
Xurshida ERNAZAROVA.