“Diyor” o‘yingohi va yana bir nechta ob’yektlarni ta’mirlash rejalashtirilgan

Kecha, 27 fevral kuni saytimizda «Bulung‘urdagi «Diyor» o‘yingohi 10 yildan beri ta’mirlanmayapti. Nega?" sarlavhali tanqidiy maqola  e’lon qilgan edik. Holat yuzasidan Bulung‘ur tumani hokimligi munosabat berdi

"Bulung‘ur mahallasida joylashgan “Diyor” o‘yingohining bugungi holatidan tuman hokimligining, mas’ul tashkilotlarning xabari bor va mazkur hududda sportchilar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, 2023 yil so‘nggida tumanda qiymati 3 milliard so‘mlik loyiha doirasida yangi bino, mini-stadion va badminton maydonchasi qurilib, foydalanishga topshirilgan. Binoda 18x30 metr o‘lchamdagi sport zal, kiyim almashtirish, yuvinish xonalari, rahbar va texnik xodimlar uchun alohida xonalar mavjud bo‘lib, bino atrofida vorkout maydonchasi, katta va kichik sport maydonlari, suzish havzasi joylashgan.

Biroq ishlar shu bilan yakuniga yetgani yo‘q va hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar bor. Bu borada ham zarur choralar ko‘rilmoqda. Xususan, “Bulung‘ur tumanida yuqori iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi ijtimoiy va infratuzilma loyihalari uchun 2025 yilda davlat byudjetida nazarda tutilgan mablag‘larni sarflanishi bo‘yicha manzilli dastur” ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, hududda joylashgan "Humo" yoshlar sayilgohini kengaytirish va zarur infratuzilma bilan ta’minlash hamda mazkur saylgohga tutash bo‘lgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida qulayliklar ko‘lamini oshirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun jami 10 milliard  840 million so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Mazkur loyiha doirasida 1 ta transformator o‘rnatish, 2 kilometr piyodalar yo‘lagi qurish, 600 metr lotoklar, 100 dona o‘rindiqlar, 80 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, 1 dona artezian qudug‘i qazish, 2 kilometr tarmoq tortish, sport zalini rekonstruksiya qilish, yugurish yo‘lagini ta’mirlash, tomoshabinlar o‘tirishiga mo‘ljallangan o‘rindiqlarning orqa tomonidan oqib o‘tgan kanalning 820 metr qismini betonlashtirish kabi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2026 yilda sport maktabi balansidagi “Diyor” futbol o‘yingohi tribunasi hamda "Qo‘ng‘irot" mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan sport majmuasini mukammal ta’mirlash ishlari uchun “2026-2027 yil ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi”ga taklif berilgan bo‘lib, loyiha amalga oshirilishi uchun 2 milliard 577 million so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan», deyiladi hokimlik munosabatida.