“IS_DocFlow”dan qanday foydalanyapsiz?

Samarqand viloyat hokimligida hujjatlar bilan ishlashda ish yuritishni tashkillashtirish, murojaatlar bilan ishlash, elektron hujjat almashinuvini keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.

Barcha shahar va tumanlar hokimliklarining sohaga mas’ul xodimlari ishtirok etgan tadbirda ijro intizomi bo‘yicha qonun talablari, hujjatlar bilan ishlashda ish yuritishni tizimli yo‘lga qo‘yish, murojaatlar bilan ishlash va elektron hujjat almashinuvini yanada rivojlantirish bo‘yicha “IS_DocFlow” elektron hujjat almashish tizimi imkoniyatlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.

Qayd etish lozimki, viloyat hokimligida 2018 yil ikkinchi yarmidan “IS_DocFlow” tizimi joriy etilgach, viloyat tashkilotlari bilan hujjat almashish to‘liq elektron ko‘rinishga o‘tdi. Bu esa qog‘oz sarfining sezilarli darajada kamayishiga olib keldi. 

Savol-javob shaklida tashkil etilgan seminar yakunida ishtirokchilar viloyat hokimligi devonxonasi va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi hamda viloyat hokimligi huzuridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi faoliyati bilan tanishishdi.