Doim tez yordam mashinasida yurganlar, odamlar dardiga malham bo‘lganlar bir muddat tashvishlarni unutib, Toshkentga sayohat qildi
O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan samarqandlik tez tibbiy yordam xizmati xodimlari uchun Toshkent shahriga tashkil etilgan sayohat o‘ziga xos bo‘ldi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi viloyat filiali Kasaba uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan sayohatda 52 nafar fidoyi tibbiyot xodimlari poytaxtimizning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
Ular qahramonlar xotirasi abadiylashtirilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf” davlat muzeyi, Milliy bog‘, shuningdek, boshqa o‘nlab tarixiy va zamonaviy maskanlar bilan yaqindan tanishishdi.
- Bu tashrif nafaqat sayr va hordiq chiqarish uchun, balki fidokor shifokorlarimizning mehnatini qadrlash, ularga ruhiy va ma’naviy ko‘mak berish maqsadida tashkil etildi, - deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi viloyat filiali kasaba uyushma qo‘mitasi raisi M. G‘aniyev. – Davlatimizning soha xodimlari uchun ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning natijasi, shubhasiz, ularni yanada xizmatiga bo‘lgan mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Tez tibbiy yordam xizmatining og‘ir va mas’uliyatli mehnati har qanday e’tirofga loyiq. Ular har kuni odamlarning hayotini saqlab qolish uchun kurashadilar. Mazkur tadbir esa ana shunday mehnat egalarini qadrlashning yorqin namunasi bo‘ldi.
D.TO‘XTAYeV.