Do‘konga o‘g‘irlikka tushgan urgutlik o‘smir nega jinoyat ko‘chasiga kirdi?

Farzandni yoshligidan qanday tarbiyalasak, shunday voyaga yetadi. Bunda albatta, oila, mahalla, jamiyatdagi muhit muhim ahamiyatga ega. O‘zi, oilasi, xalqi, ma’naviy ildizlari haqida yetarli tushunchaga ega bo‘lgan bola jinoyat ko‘chasiga kirmaydi.

Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudida ko‘rilgan farzand tarbiyasining o‘rni va roli jamiyat hayotida ham nechog‘lik muhim ahamiyatga ega ekanligini yaqqol isbotladi. Negaki, sudlanuvchi bor-yo‘g‘i 9-sinf o‘quvchisi. U jinoyatni sodir qilgan kuni ertalab otasidan urish eshitib, uydan chiqib ketgan.

Shu kuni kechgacha ko‘chada yurgan. Kechki payt uyga qaytishdan oldin mahalladagi do‘konga o‘g‘irlikka tushgan. Nega?

Qorni och o‘smir, oziq-ovqat do‘konini “urish” orqali ehtiyojini qondirishni maqsad qilgandi. U do‘kon eshigini buzib kirgach, bir million so‘mlikdan sal ko‘proq mahsulot olib chiqqan. Bu orada u do‘kon ichidagi charm kurtkani ham yelkasiga ilib oladi. Tun yarmi bo‘lishiga qaramasdan oziq-ovqat mahsulotlarini o‘rtog‘inikiga olib borib, tanovul qilgan. Qarasaki, kurtka ichida 100 dollar bo‘lgan. Ertasi kuni uni so‘mga almashtirmoqchi bo‘lganda, IIO faoliyatini muvofiqlashtirish Urgut tumani bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Sud do‘konga yetkazilgan zararni jinoyatchi o‘smirning ota-onasi tomonidan qoplanganligini inobatga olib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.

U yashab turgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi jinoyatchi o‘smirga jamoatchi tarbiyachi etib belgilandi.

Sanjar ERGAShEV,

Urgut tumani prokuraturasi katta tergovchisi.