«Dolzarb 90 kunlik» yozgi ta’tilda ma’naviy va jismoniy o‘sish maydoni bo‘ldi

Samarqand shahrida «Dolzarb 90 kunlik» dasturi doirasida qator amaliy ishlar olib borildi.

Jumladan, shahardagi 58-maktabda turli fan va sport to‘garaklari faoliyat yuritdi. Ushbu to‘garaklar o‘quvchilar uchun nafaqat bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, balki ularning yozgi ta’tilni mazmunli, foydali va xavfsiz o‘tkazishlariga xizmat qildi.

To‘garaklarda ta’lim olgan o‘quvchilar orasidagi qiziqish, ishtirokdagi faollik mazkur  tashabbusning nechog‘li ahamiyatli ekanini ko‘rsatdi.  Ayniqsa, matematikadan, tabiiy fanlardan, rus va ingliz tillaridan tashkil etilgan to‘garaklar o‘quvchilarning tahliliy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga, til bilimini mustahkamlashga katta turtki bo‘ldi. Shuningdek, mini futbol, shaxmat, shashka kabi sport to‘garaklari yoshlarni jismoniy chiniqtirish, jamoaviy ruhda tarbiyalash va sog‘lom hayot tarzini shakllantirishga xizmat qildi. 

- Maktabni bitirishimga 2 yil qoldi, - deydi 10-sinf o‘quvchisi Nodira Asadullayeva. – Oliy o‘quv yurtiga kirishga tayyorgarlikni esa 2 yil avval boshlagandim. To‘g‘risini aytsam, dars va qo‘shimcha to‘garaklar yozgi paytda to‘xtatilardi. O‘quv yili davomida o‘rganganlarimiz, 3 oy davomida takrorlamagandan keyin esdan chiqardi. Bu yil «Dolzarb 90 kunlik» dasturi doirasida tashkil etilgan ingliz tili, shaxmat-shashka va boshqa to‘garaklarga qatnashib, bilimlarimizni mustahkamladik.

«Dolzarb 90 kunlik» dasturi yozgi ta’tilni o‘zgacha mazmun bilan boyitdi. Ushbu tashabbus yoshlarimizning intellektual va jismoniy salohiyatini rivojlantirish, ularni har tomonlama barkamol shaxs etib tarbiyalashda muhim qadam bo‘ldi.  Mazkur loyiha kelgusida ham davomiy bo‘lib, ta’lim tizimida yoshlarning iqtidoriga yo‘l ochishda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Doniyor Jumanov.