Donald Deker - yomg‘ir odami

Dekerlar oilasi AQShning Pensilvaniya shtatidagi Strasburg shahrida yashagan. Bu voqea  1983 yilda aynan o‘sha yerda sodir bo‘lgan.

Donald ismli bola onasi bilan birga yashar, otasi ularni tashlab ketgach, bobosining uyida yashay boshladilar. Donning bobosi og‘ir fe’l-atvorli odam edi. Uning yovuz ruhlar bilan “suhbatlashishi” haqida ham har xil gaplar yurardi.

Yosh Donald ko‘p vaqtini do‘stlari bilan o‘tkazardi. Ko‘chada sang‘ib yurishi yaxshi oqibatlarga olib kelmadi. U mayda o‘g‘irlik uchun qisqa muddatga qamaldi.

Shu orada bobosi vafot etdi va u bilan vidolashish uchun Donga bir necha kun uyiga javob berishdi. Qabristondagi marosim paytida Don o‘zini yomon his qila boshladi va u yerni tark etishga majbur bo‘ldi.

U do‘stlari Jenni va Bob Keyfildlarning uyiga bordi. Bob bir shisha viski chiqarib, odatga ko‘ra bobosini eslashni taklif qildi, Jenni esa uning bobosi to‘g‘risida so‘z aytdi.

Shu payt Donni qaltiroq bosa boshladi. U asablarning kuchli qo‘zg‘alishi tufayli hushidan ketdi. Shunda to‘satdan sovuq tushdi va… shiftdan suv oqa boshladi.

Bob tom ustiga chiqdi, u yer quruq edi. Tom bilan shiftning oralig‘idan suv quvurlari ham o‘tkazilmagan edi. Uy bir qavatli bo‘lgani uchun yuqoridan qo‘shnilar suv toshirishi taxmini o‘z-o‘zidan yo‘qoldi.

Sarosimaga tushgan Keyfild politsiyani chaqirdi. Yetib kelgan patrul uydan chiqib ketishni taklif qildi, Bob bilan Jenni hushiga kelgan Donni olib, uyi yaqinida joylashgan qahvaxonaga borishdi. Qahvaxonada hammasi takrorlandi. Shiftdan suv quyildi. Bob vaziyatni qahvaxona egasiga tushuntirdi. Ular bu joydan chiqqandanoq yomg‘ir to‘xtadi.

Ertasi kuni cherkovdan ruhoniy taklif qilindi. O‘qish paytida Gollivud filmlariga o‘xshash mebel parvozi va boshqa ko‘plab sahnalar «namoyishi» bo‘ldi, shundan so‘ng Donald yengil tortdi.

Qamoqqa qaytib kelgan Donning sarguzashtlari to‘g‘risida bilib qolgan kishilari bu voqea qanday bo‘lib o‘tganligi haqida so‘rashdi va ularga ham «fokus» ko‘rsatishini iltimos qilishdi. Don ularning ustiga ham yomg‘ir yog‘dirdi. Muassasa rahbariyati ruhoniy chaqirishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng «mo‘’jizalar» to‘xtadi.

Donald qamoqdan chiqdi va bir muddat restoranda oshpaz bo‘lib ishladi. Keyin uning izlari yo‘qoldi. Hozirgacha uning keyingi hayoti va unga o‘xshash mo‘’jizalar takrorlanganmi yoki yo‘qmi noma’lum.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.