Do‘stlik va hamjihatlik mamlakatimiz ravnaqining poydevoridir

Yurt tinchligi, jamiyat ravnaqi, xalq farovonligi kabi ezgu maqsadlar yo‘lida birlashgan xalqni hech kim, hech qanday kuch yenga olmaydi.

Asrlar davomida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasida shakllangan azaliy do‘stlik va qardoshlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat rishtalarini asrab-avaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni saqlash – har birimizning muqaddas burchimizdir.

Davlatimiz rahbari Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zlagan nutqida bag‘rikeng, tanti, qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tayotgan qoraqalpoq xalqini e’zozlashini ta’kidlab, “Mehr va g‘urur bilan aytaman, men nafaqat O‘zbekiston, Qoraqalpog‘istonning ham farzandiman», — deya ta’kidladilar.

Davlatimiz rahbarining bu so‘zlaridan qoraqalpoq va o‘zbek xalqini ayro tasavvur etib bo‘lmasligi, bu ikki xalqni azaliy va abadiy rishtalar bog‘lab turganligi, o‘zbekning farzandi qoraqalpoqning ham qondoshi ekanligi anglashilib turibdi.

Muhtaram Prezidentimizning yurtdoshlarimizga qilgan murojaati bugun O‘zbekistonni o‘z ona Vatani deb biladigan muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, qadrli aka-uka va opa-singillarimiz, aziz farzandlarimizning qalbida aks-sado bermoqda.

Murojaatda ta’kidlanganidek, hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida o‘zaro shafqatsiz raqobat, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar, separatizm, millatchilik, radikalizm kabi tahdidlar tobora kuchayib bormoqda.

Ana shunday tahlikali vaziyatda mamlakatimizda yashayotgan turli millat va dinga mansub insonlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish har birimizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, biz faqat mana shu yo‘l bilan bugungi kunning barcha tahdid va xavf-xatarlariga munosib javob berishimiz, turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi jamiyatimizda, avvalo, yoshlarimiz qalbida mustahkam immunitet yaratishimiz, xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlangan demokratik islohotlar yo‘lidan ortga qaytmasdan yanada samarali natijalarga erishishimiz mumkin.

Shunday ekan, har birimiz oilaviy va ijtimoiy hayotda, har qadamda yoshlarimizga avvalo shaxsiy namuna ko‘rsatib, ibrat bo‘lib, ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal bilan yashashimiz, jaholatga qarshi ma’rifat bilan javob berishimiz lozim.

Zero, shu aziz Vatan – barchamizniki. Bizni yagona va ulug‘ bir maqsad - yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ezgu g‘oya birlashtiradi.

Asrlar osha mashaqqatli hayot sinovlaridan o‘tgan shijoatli, olijanob xalqmiz, ushbu ezgu g‘oya yo‘lida birlashsak, biz o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarga albatta erishamiz!


Shokir Sultonov,
viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.