Maqsuda Vorisova: «DTM faoliyatini butunlay qaytadan ko‘rib chiqish kerak»
Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzodini qo‘ygan Maqsuda Vorisova mandat kechikayotgani yuzasidan fikr bildirdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, natijalar test tugagan kundan boshlab, bir hafta muddatda chiqishi shart. Ta’kidlashicha, aholi, ayniqsa umidvor yoshlarning talabiga javob bera olmaydigan Davlat test markazi faoliyatini butunlay qaytadan ko‘rib chiqish kerak.
«Hayotimizning har bir sohasiga raqamlashtirish kirib kelgan, imtihon savollarining javoblari to‘g‘riligini kompyuter tekshirayotgan vaqtda natijalarni cho‘zish kimga kerak bo‘lib qoldi? Ijtimoiy tarmoqlarda “Adolatsizlik qachon barham topadi”, qabilidagi savollar bejiz ilgari surilayotgani yo‘q. To‘g‘ri, abituriyent qancha ball olganini qisqa muddatda bilib olyapti, ammo mandatni e’lon qilishga, nahotki bir oyga yaqin vaqt ketsa? Bizningcha, hamma soha raqamlashtirilgan davrda “bahona izlash” befoyda. Hech bo‘lmaganda Davlat test markazi mutasaddilari xalq oldida hisobdorligini anglab, o‘z harakatlariga vaqtida izoh berishlari kerak», deydi Maqsuda Vorisova.
Qayd etilishicha, rivojlangan mamlakatlarda bizdagi kabi o‘qishga kirish bo‘yicha ba’zi toifalarga imtiyozlar emas, yuqori bilim uchun rag‘bat, stipendiyalar, ta’lim grantlari mavjud. Ta’limda aholining barcha qatlamlariga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida oliy o‘quv yurtlariga kirishdagi imtiyozlar tizimini jiddiy isloh etish zarur. Imtiyozlar faqat respublika va xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun (maxsus shartlar asosida, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha) qoldirilsa, mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Qolgan barcha abituriyentlar sog‘lom raqobat muhitida, adolat mezoni bo‘yicha saralanishi darkor.
Unga ko‘ra, to‘lov-kontrakt miqdorini belgilashda ham aholining real daromadlarini hisobga olish adolatdan bo‘ladi. Ayrim abituriyentlar kontrakt pulini to‘lashga qurbi yetmagani bois o‘qishni tashlab ketadi. Shunga muvofiq, aholining kam daromadli qatlami uchun ham maqbul keladigan ta’lim krediti liniyasini ishlab chiqish, ularga grantlar ajratish, kontrakt miqdorini qabul paytigina emas, balki o‘qish jarayonida ham differensiallashtirish maqsadga muvofiq.
«Masalan, talaba o‘quv yilini a’lo baholarga tugatsa, bu uning stipendiyasiga ham, kontrakt miqdoriga ham ta’sir ko‘rsatsin. Shunda yoshlarda ilm olishga ishtiyoq kuchayadi, ta’lim sifati ortadi. Jamiyatimiz yuqori bilimli, vatanparvar, qiziquvchan, adolat tamoyillarida tarbiya topgan o‘tyurak kadrlarga juda muhtoj», deydi prezidentlikka nomzod.