DTM: To‘lovni amalga oshirmagan abituriyent test sinovida qatnashmaydi

Pandemiya tufayli 2020-2021 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga hujjatlar onlayn tarzda qabul qilinmoqda. Hozirgacha Respublika bo‘yicha o‘qish istagida bo‘lgan bir milliondan ortiq abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Xususan, Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirganlar 92 mingdan ortdi.

Davlat test markazi tomonidan abituriyentlar va ularning yaqinlari uchun hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari, ta’lim yo‘nalishlari, ta’lim tili va shakli bo‘yicha statistikani www.qabul.dtm.uz  kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

Afsuski, bugunga qadar www.abitur.dtm.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning ko‘pchiligi to‘lovni amalga oshirmagan. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ro‘yxatdan o‘tib, joriy yilning 20 iyuliga qadar to‘lovni amalga oshirmagan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok eta olmaydi.

Kimlar to‘lovni amalga oshirishi lozim, degan savolga ham oydinlik kiritsak. Quyidagi toifalarga mansub abituriyentlar to‘lovni amalga oshirmaydilar:

To‘lovlardan ozod etilganlar

  • Ta’lim muassasalari (maktab, litsey va kollejlar)ni 2020 yilda tamomlaganlar;
  • Birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • To‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar.

Test sinovi topshirmaydigan abituriyentlar

  • Chet el fuqarolari.
  • Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga (sport, san’at, madaniyat va hokazo) ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar;
  • Test sinovlarisiz, ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihon o‘tkaziladigan va o‘qitish qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib boriladigan ta’lim yo‘nalishlariga ro‘yxatdan o‘tganlar.

Test sinovlarisiz imtiyoz asosida talaba bo‘ladigan abituriyentlar

  • Ota (ona)si xizmat vaqtida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilarning farzandlari;
  • Ota (ona)si xizmat vaqtida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari;
  • Yoshlar ittifoqi tavsiyanomasiga ega abituriyentlar (respublika bosqichi g‘oliblari);
  • Harbiy qism qo‘mondonligi va yoshlar ittifoqi tomonidan birgalikda beriladigan tavsiyanomaga ega abituriyentlar;
  • Tanlov va musobaqa g‘oliblari hamda davlat mukofoti sohiblari (xalqaro fan olimpiadasi, respublika va xalqaro sport musobaqalari, Zulfiya nomidagi mukofot, Nihol mukofoti, Hamshira tanlovi, Tarbiyachi tanlovi, Badiiy akademiya, Mard o‘g‘lon).

Eslatib o‘tamiz, abituriyentlar www.abitur.dtm.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tganlaridan so‘ng “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi. Qayd varaqasining quyi qismida bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lovni amalga oshirish uchun invoys hosil bo‘ladi. Invoysning quyi qismida onlayn to‘lov tizimlari orqali to‘lovni amalga oshirish uchun UPAY to‘lov tizimi havolasi joylashgan bo‘lib, ular orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Umuman olganda, to‘lovni Click, Payme, Paynet kabi elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali ham amalga oshirish mumkin.

To‘lovni amalga oshirgan abituriyentlar to‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilganini “Shaxsiy kabinet”lari orqali “Qabul-2020” bo‘limiga kirib bilib olishlari mumkin. Bunda ularning qayd varaqasining quyi qismidagi invoys o‘rnida “To‘lovingiz muvaffaqiyatli amalga oshirildi” mazmunidagi xabar chiqadi.

Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi.