Dunyo bo‘yicha koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar 2 milliondan oshdi. Bu holat har birimizni hushyor torttirishi kerak

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar haqida rasmiy bayonot berdi:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar soni 1349 nafarni tashkil etdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 100 bemorning 26 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli nisbatan og‘ir va yana 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 101 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 124 bemordan 6 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.

Dunyo bo‘yicha koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 2 milliondan ortib ketdi. Bu holat har birimizni hushyor torttirishi kerak. Hech kim atrofimizda kasallikka chalinganlar yo‘qligiga kafolat berolmaydi. Shunday ekan, har birimiz uyda qolishimiz, kasallikka chalinish ehtimolidan yiroq bo‘lishimiz kerak. Shundagina o‘zimizni va yaqinlarimizni kasallikka chalinishdan saqlab qolamiz.

Uyda qolibgina vaziyatga ijobiy ta’sir qilishimiz mumkin. Shuningdek, kasallik keng ko‘lamda tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kecha-kunduz sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan tashkilotlar zimmasidagi yukni bir muncha kamaytirgan bo‘lamiz.