Dunyo bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilayotgan yerlarning uchdan bir qismi zaharlangan

Butun jahon bo‘yicha fermerlik yerlarining uchdan bir qismi haddan tashqari zaharli dorilar bilan to‘yingan. Avstraliya olimlari global tadqiqot o‘tkazib shunday xulosaga keldi.

“Mir novostey” (2021 y. 14-son) haftanomasining yozishicha, ular qatoriga Yevropa fermerlarining 60 foiz yerlari ham kiradi. Bu yerlar zararli hasharotlar, begona o‘tlar, zamburug‘lar va boshqa zararkunandalarga qarshi shu darajada ko‘p kimyoviy preparatlar bilan ishlanganki, ularning miqdori xavfsizlik darajasidan minglab marta oshib ketdi.

Sidney universiteti tadqiqotchilari 168 mamlakatda asosiy ifloslanish 59 gerbitsid, 21 insektitsiya va 10 fungitsidlardan foydalanishi oqibatida ro‘y berayotganini ta’kidlashdi. Ularning aytishicha, kimyoviy zaharlanish taxminan 9,4 million kvadrat mil hududda belgilanganidan ortib ketgan, qariyb 31 foiz yer inson iste’moli uchun zarur mahsulotlar yetishtirishga xatarli.

Eng og‘ir ahvol Osiyoda kuzatilyapti. Bu qit’ada 1,9 million kvadrat mil maydon kimyo bilan har qanday me’yordan ko‘p zararlangan. Uning yarmi Xitoyda joylashgan. Puldor xitoyliklarni import meva va sabzavot sotib olishga intilayotgani bejiz emas. Negaki, o‘zlarida yetishtirilgan mahsulot inson salomatligi uchun juda xavflidir.

Zaharli kimyoviy moddalar sezilarli darajada ko‘pligi Ukraina, Ispaniya, Rossiyada kuzatilmoqda. Shuningdek, Janubiy Afrika, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Argentina suv ta’minoti manbalarida zaharli kimyoviy moddalar to‘plangani aniqlandi. Oziq-ovqat mahsulotlaridagi bunday pestitsidlar odamlarda turli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Astma, limfo, parkinson kasalligi va boshqa xastaliklar shular jumlasidan.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab oshib borayotgani tijoriy zaharli kimyoviy moddalardan ko‘proq foydalanishga sabab bo‘layotir. Bu pestitsidlar nafaqat tuproq va suvni, balki kislotali yomg‘ir sifatida havoni ham bulg‘amoqda. Mineral o‘g‘itlar va zararkunanda hasharotlar, begona o‘tlarga qarshi pestitsidlar ishlab chiqarish talablari, tarkibi, standartlariga esa hamma mamlakatda ham qat’iy nazorat o‘rnatilmagan, deydi tadqiqotchilar.

T.Shomurodov tayyorladi.